Bugungi kunda terrorchilik, ekstremizm, radikalizm butun dunyoga xavf solayotgan, insoniyatning tinch va osuda yashashi uchun to'sqinlik qilayotgan jiddiy muammolardan biridir. Qo'poruvchilikni kasb qilib olgan bunday razil kimsalar tinchlik va omonlik dini bo'lgan Islomni niqob qilib olgani g'ayridinlar o'rtasida islomofobiyaning urchishiga sabab bo'lyapti.
Ana shunday yovuz kuchlar va buzg'unchi firqalardan biri 1953 yili Yaqin Sharqda asos solingan “Hizbut tahrir” oqimi bo'lib, uning tarafdorlari har qanday boshqacha fikrlashni inkor etadi, o'zining mafkuraviy va diniy qarashlarini qo'pol ravishda majburlab qabul ettirishga harakat qiladi. Ular o'z tarafdorlaridan ularning har bir buyruqlarini so'zsiz bajarishni, ularga ko'r-ko'rona ishonishni talab etadilar.
Bu oqim a'zolari Islom dini haqida etarlicha ma'lumotga ega bo'lmagan kishilar, xususan, yoshlar ongiga xalifalikni tiklash g'oyasini singdirib, ularni ushalmas orzu-umidlar yo'lida o'z mollari, kuch-quvvatlari, hatto jonlarini ham qurbon qilishga targ'ib etadilar va buni “shahidlik” deb baholaydilar.
Vaholanki, xalifalik o'ttiz yil davom etishini Payg'ambarimiz bashorat qilib, bunday deganlar: “Halifalik mendan so'ng o'ttiz yildir, keyin podshohlik bo'ladi”1.
Yaqin Sharqda paydo bo'lganiga etmish yildan oshgan bo'lsa-da, hech kim qabul qilmagan bu oqimni ayrim ilmsiz kishilar, Islom dinining haqiqatidan bexabar ayrim yoshlar qabul qilgani, oqibatda ming pushaymon bo'lgani ayni haqiqatdir.
Alloh taolo Qur'oni karimda barcha musulmonlarni juda zarur ish – ittifoqlikka, hamjihatlikka buyurib, bunday marhamat qiladi: «Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting...»2 (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo bizni, avvalo, Qur'on ko'rsatmasiga amal qilgan holda birlikda, hamjihatlikda yashashimizga, ikkinchidan, firqalarga bo'linmaslikka buyuradi. Oyatdagi “bo'linmanglar” degan buyruqni Islom nomini niqob qilib olgan birorta guruh yoki oqimga kirmanglar, aralashmanglar, aqidangizga sodiq qoling, deb tushunishimiz kerak3.
“Hizbut tahrir” oqimi a'zolari musulmonlarning oralarini buzib, o'zlaricha: “Biz alohida hizbmiz, alohida bir guruhmiz”, deydilar. Ularning har biri Alloh taoloning “firqaga bo'linmanglar”, degan buyrug'iga qarshi chiqish orqali Islom ta'limotiga teskari ish tutadilar.
“Hizbut tahrir” tarafdorlari yo'llari to'g'ri ekanini isbotlash maqsadida Oli Imron surasining 104-oyatini buzib talqin qiladilar. Oyatdagi “Sizlardan bir ummat bo'lsin...” buyrug'ining ma'nosini o'zgartirib, “Alloh taolo sizlardan hizb bo'lsin” demoqda, deyishadi.
Mufassirlarimiz oyatdagi “ummat”dan murod ulamolar jamoasi ekanini ta'kidlashgan4. “Imom” degan so'z “ummat” so'zidan kelib chiqqan bo'lib, uning vazifasi o'z qavmini Qur'on ta'limotiga chaqirish, yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarishdir.
Hizbchilar o'zlaricha “Hizbut tahrir” bir jamoatdir, u Taqiyyuddin Nabaxoniyning ijtihodidir. Unga xohlagan odam kirishi mumkin, deb da'vo qiladilar. Lekin hizb a'zolaridan birortasi adashganini tushunib qolib, hizbdan chiqsa, ahdini, qasamyodini buzgani uchun malomatga qoladi, deydilar. Vaholanki, adashganini Islom ta'limoti asosida anglab etgan kishining haqiqatni topib, noto'g'ri yo'ldan qaytishi katta saodatdir.
Hulosa sifatida mashoyixlarimizning quyidagi so'zlarini keltirishni lozim topdik: “Kishilar to'rt xil bo'ladi: 1) hamma narsani biladi va bilishini o'zi ham biladi. U kishi olimdir, unga ergashish zarur; 2) biladi, lekin bilishini o'zi bilmaydi. U go'yo uyquda, uni uyg'otish kerak; 3) hech narsani bilmaydi va bilmasligini o'zi ham biladi. U johildir, unga o'rgatish lozim; 4) hech narsani bilmaydi va hech narsani bilmasligini o'zi ham bilmaydi. U ahmoqdir, undan uzoq bo'lish kerak”.
“Hizbut tahrir” mashoyixlarimiz aytgan to'rtinchi toifaning aynan o'zginasidir. Ularni to'g'ri yo'lga solish uchun qanchalik harakat qilinmasin, baribir o'z bilganlaridan qolmaydi. Ularning bu qaysarliklari Iso alayhissalomning mashhur gapini esga soladi: “Men Allohning izni bilan qanchadan-qancha bemorlarni davoladim, ko'rlarning ko'zini ochdim, o'liklarni tiriltirdim. Ammo ahmoqlarni yo'lga sola olmadim” (“Tarixi Kabir”).
G'olib NURIDDINOV
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV