Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Qur'onning yozilishi va saqlanishi

12.10.2020   3144   13 min.
Qur'onning yozilishi va saqlanishi

Payg'ambar alayhissalom Alloh taolo Qur'onda:

وَمَا كُنْتَ تَتْلُو مِنْ قَبْلِهِ مِنْ كِتَابٍ وَلَا تَخُطُّهُ بِيَمِينِكَ إِذًا لَارْتَابَ الْمُبْطِلُونَ

ya'ni: Siz ilgari biror kitobni tilovat qiluvchi emas edingiz va qo'lingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzg'unchilar, albatta, shubhaga tushgan bo'lur edilar (Ankabut surasi, 48-oyat), deb guvohlik berganidek, o'qishni ham, yozishni ham bilmaydigan besavod bir kishi edilar. Shuning uchun ham Rasululloh sallallohu layhi savallam o'zlariga kelgan vahiyni nozil bo'lish vaqtidayoq yodlab olishga harakat qilar edilar. Bunga quyidagi oyatda ishora qilingan:

لَا تُحَرِّكْ بِهِ لِسَانَكَ لِتَعْجَلَ بِهِ. إِنَّ عَلَيْنَا جَمْعَهُ وَقُرْآَنَهُ.فَإِذَا قَرَأْنَاهُ فَاتَّبِعْ قُرْآَنَهُ.ثُمَّ إِنَّ عَلَيْنَا بَيَانَهُ.

ya'ni: (Ey, Muhammad! Qur'onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan (ko'p) harakatlantiravermang.Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir.Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o'qisak, Siz ham uni o'qishga ergashing!So'ngra uni (Qur'onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir(Qiyomat surasi, 16-19-oyatlar).

Rasululloh sallallohu layhi savallamning bir nechta kotiblari bo'lib, ular Qur'on oyatlarini suyak, hurmo barglari, yapaloq tosh va shunga o'xshash narsalarga yozib borar edilar. Yozilgan oyatlar Rasululloh sallallohu layhi savallamning uylarida turar, kotiblar ham o'zlari yodlashlari uchun undan ko'chirma olar edilar. Payg'ambar alayhissalom ularga har bir oyatni suraning qaysi joyiga qo'yilishini ko'rsatib berar edilar.

Ulamolar o'rtasida suralardagi oyatlarning joylashish tartibi tavqifiy (ya'ni, Rasululloh sallallohu layhi savallam tomonidan belgilangan) ekanligi haqida hech qanday ixtilof yo'q. Bunga Usmon ibn Os raziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis dalil bo'ladi. U kishi shunday deganlar: “Men Rasululloh sallallohu layhi savallamning huzurlarida o'tirgan edim. Shu payt U zot ko'zlarini bir yumib ochdilar va shunday dedilar: “Hozir huzurimga Jabroil alayhissalom kelib mana bu oyatni mana bu suraga qo'yishimni buyurdilar”:

إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَى وَيَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَالْبَغْيِ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ

ya'ni: Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur(Nahl surasi, 90-oyat).

Suralarning joylashishi tartibi haqida esa, ulamolar bir nechta fikrlar bildirishgan. Ba'zilari, uni sahobalarning ijtihodlari orqali tartib qilingan desa, boshqalar, tavqifiy deb aytishgan. Bu fikrlarning tavqifiy degani quvvatliroq. Darhaqiqat, Qur'onni to'liq yodlagan Ibn Mas'ud raziyallohu anhu kabi ba'zi sahobalar Payg'ambar alayhissalom bilan Jabroil alayhissalom o'rtalarida bo'ladigan Qur'on darslarida hozir bo'lishgan. O'shanda Qur'onning sura va oyatlari ana shu tartibda qiroat qilinar edi.

Rasululloh sallallohu layhi savallamning eng mashhur kotiblari to'rt xalifa, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit, Muoviya ibn Abu Sufyon, Yazid ibn Abu Sufyon, Mug'ira ibn Shu'ba, Zubayr ibn Avvom, Holid ibn Valid raziyallohu anhumlardir. Abdulloh ibn Mas'ud, Solim ibn Ma'qal, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit raziyallohu anhumlar Payg'ambar alayhissalomning davrlarida Qur'onni mukammal yodlagan sahobalar jumlasidandir.

Qur'ondagi Makkiy va Madaniy suralar

Yuqorida aytib o'tildiki, Qur'oni karim qariyib yigirma uch yil davomida nozil bo'ldi. Bu muddat ikki qismga bo'linadi: Rasululloh sallallohu layhi savallam Makkada hijratdan oldin yashagan o'n uch yil va hijratdan keyin Madinada yashagan o'n yil. Aynan mana shu jihatdan Qur'on suralari Makkiy va Madaniyga ajratiladi. Qur'oni karimni tushunishda suralarning Makkiy va Madaniyga ajratish katta ahamiyat kasb qiladi. Oyatning nosix (bekor qiluvchi) va mansux (bekor qilingan) ekanligi uni Makkiy yoki Madaniy ekanligini bilishga bog'liqdir.

Ulamolar o'rtasida Makkiy va Madaniy suralar haqida uch xil atama mavjud:

Birinchi, Makkiy deb Makkada nozil bo'lgan suraga aytiladi, garchi u hijratdan keyin nozil bo'lgan bo'lsa ham. Madaniy deb, Madinada nozil bo'lgan suraga aytiladi. Bu fikrga binoan safar vaqtida (Makka va Madinadan tashqarida) nozil bo'lgan suralar Makkiy ham emas, Madaniy ham emas, balki u alohida uchinchi qismdir.

Ikkinchi, Makkiy – Makka aholisiga qarata xitob qilingan oyatlar, Madaniy – Madina aholisiga qarata xitob qilingan oyatlar.

Uchinchi, eng mashhur fikr, Makkiy – hijratdan oldin nozil bo'lgan sura, Madaniy – hijratdan keyin nozil bo'lgan sura, garchi u Makkada nozil bo'lgan bo'lsa ham. Misol uchun, Niso surasi, Moida surasining 3-oyatidagi “Bugun men sizlarga diningizni komil qilib berdim” jumlasi. Yahyo ibn Salamdan shunday rivoyat ham bor: Makkada va Payg'ambar alayhissalom Madinaga etib bormay turib yo'lda nozil bo'lgan suralar Makkiy, Madinaga kelganlaridan keyingi safarlari davomida nozil bo'lgan suralar Madaniydir. Bundan hijrat safari mobaynida nozil bo'lgan surani ham Makkiy deb atash ma'lum bo'ladi.

Ulamolar Qur'on suralarining qaysilari Makkiy va qaysilari Madaniy ekanligi ustida tortishganlar. Ba'zilar Qur'ondagi 19ta sura Madaniy ekanligiga ulamolar ittifoq qilganlarini aytishgan. Ular: Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Nur, Ahzob, Qitol, Fath, Hujurot, Mujodala, Hashr, Mumtahana, Jum'a, Munafiqun, Taloq, Tahrim, Nasr. Qolgan suralar Makkiy bo'lib, ularning ba'zisiga ittifoq qilingan bo'lib, ularning soni 71ta, ba'zisi ustida ixtilof bor, ular 24ta. Makkiy ekanligi ustida ixtilof bo'lgan suralar quyidagilar: Fotiha, Yunus, Ra'd, Haj, Furqon, Yosin, Hadid, Sof, Tag'obun, Inson, Mutaffifin, Balad, Vallayl, Qadr, Bayyina, Zalzala, Odiyot, Takosur, Ma'un, Kavsar, Ixlos, Falaq, Nos. Ehtimol bu suralar ustidagi ixtilofning asosiy sababi, bu suralarning ko'pchiligining ba'zi oyatlari Makkiy, ba'zilari Madaniy bo'lganligidir.

Makkiy va Madaniy suralarning bir-biridan farqi

Ulamolar suralarning Makkiy yoki Madaniy ekanligini ajratadigan belgilarni aniqlashgan bo'lib, ular quyidagicha;

  • Farz, vojib, had kabi ahkomlarni bayon qiluvchi oyatlarning ko'pchiligi Madaniydir. Makkiy oyatlarda esa, dindagi bosh maqsad, u ham bo'lsa Allohning birligi, Uning mavjudligiga hujjat va dalillar keltirish, shirk poydevorlarini buzish, qalblarni razolatdan poklashga, go'zal axloqli bo'lishga undash bayon qilingan. Makkiy oyatlar ichida bunday ma'nolarning bo'lishi insonlarning o'sha vaqtdagi ruhiy holatlarini to'g'rilash uchun juda-juda zarur edi. Darhaqiqat, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam kelganlarida u erdagi kishilarning qalbiga shirk o'rnashib olgan, ular butlarga, sanamlarga ibodat qilar edilar. Oxirat hayoti haqida hech qanday tushunchaga ega emas, u erdagi savob va azobdan bexabar edilar. Shunday ekan, ularga o'zlarining ahvollariga munosib yo'l ko'rsatilishi, meros, savdo-sotiq va boshqa qonunlar hayotlariga kiritilishi lozim edi. Shuning uchun ham Qur'on birinchi navbatda ularning qalbidagi shirkni ildizi bilan qo'porib tashlashni, ular cho'mib yurgan iflosliklarning gunoh va zararlarini bartaraf qilishni maqsad qildi. So'ngra ularga, Allohni, oxirat kunini eslatdi, ularga qiyomat kunini, unda bo'ladigan qo'rqinch va daxshatlarni tavsiflab berdi. Jannat va do'zax haqida nihoyat darajada keng bayon qildi. Ulardan oldin yashab o'tgan qavmlar hayotidan misollar keltirdi, ularga qilmishlari oqibatidan etgan balolar haqida bayon qildi. Shuningdek, ularni aqllari orqali hidoyat topishlari uchun o'zlari haqida, ularni o'rab turgan atrof-muhit haqida tafakkur qilishga chaqirdi.
  • Makkiy suralarda xitob gohida “ياايهاالناس” (ey, insonlar), gohida “يا بني آدم” (ey, Odam bolalari) siyg'asida kelsa, Madaniy suralarda ko'pincha “يا ايها الذين آمنوا” (ey, imon keltirganlar) siyg'asida keladi. Madaniy suralarda xitob “ياايهاالناس” (ey, insonlar) siyg'asida faqat ettita oyatdagina kelgan. Ulardan ikkitasi Baqara surasida bo'lib, ular 21-oyatda “يَا أَيُّهَا النَّاسُاعْبُدُوا رَبَّكُمُ” (ey, insonlar rabbingizga ibodat qiling) va 168-oyatda “يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا” (ey, insonlar Yer yuzidagi halol pok narsalardan englar), to'rttasi Niso surasida bo'lib, ular 1-oyatda “يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا رَبَّكُمُ” (ey, insonlar Rabbingizga taqvo qiling), 133-oyatda “إِنْ يَشَأْ يُذْهِبْكُمْ أَيُّهَا النَّاسُ وَيَأْتِ بِآَخَرِينَ” (Agar xohlasa, ey, insonlar, sizlarni yo'q qilib, boshqalarni keltiradi), 170-oyatda “يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَكُمُ الرَّسُولُ بِالْحَقِّ مِنْ رَبِّكُمْ” (Ey, insonlar! Payg'ambar sizlarga Rabbingizdan Haqni keltirdi) va 174-oyatda “يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَكُمْ بُرْهَانٌ مِنْ رَبِّكُمْ” (Ey, insonlar! Sizlarga Rabbingizdan hujjat (Payg'ambar va mo''jizalar) keldi). Bittasi, Hujurot surasi 13-oyatda “يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى” (Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik).
  • Makkiy oyatlar Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va boshqa musulmonlar yodlashlari oson bo'lishi uchun Madaniy oyatlarga qaraganda qisqaroq shaklda nozil bo'lgan. Masalan, Madaniy sura bo'lmish Anfol surasi 75 oyatdan iborat bo'lsa, Makkiy sura bo'lmish Shuaro surasi 227 oyatdan toshkil topgan. Vaholangki, har ikki suraning hajmi yarim poradan iborat. 28-poradagi suralar Madaniy – Sof va Tag'obun suralari ustida ixtilof bor – bo'lib, ular 137 oyatdan iborat bo'lsa, 30-poradagi suralar Makkiy bo'lib, undagi oyatlar miqdori 570tani tashkil etadi.
  • Munofiqlar haqida zikr qilingan suralar – Ankabutdan tashqari – Madaniydir. Chunki, Makkada munofiqlar bo'lmagan.
  • Sajda oyati kelgan suralarning barchasi Makkiydir, faqatgina Haj surasigina Madaniydir.
  • كَلَّا” (Yo'q (unday emas)) kalimasi kelgan har bir sura Makkiydir. Bundagi hikmat shuki, inkor, nafrat ma'nosidagi iboralarni faqatgina o'sha vaqtda Makkada yashab turgan zo'ravon-zolimlargagina ishlatish o'rinli bo'lgan. Madina ahli bo'lgan yahudiylar esa, zaifhol kishilar edilar. Shuning uchun ularga nisbatan o'z holatlariga mos tarzda xitob qilishga rioya qilingan.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o'rinbosari

Homidjon Ishmatbekov

https://t.me/tuhur

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   4994   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

Bismillahir Rohmanir Rohiym

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV

MAQOLA