بسم الله الرحمن الرحيم
إِذَا جَاءَ نَصْرُ اللَّهِ وَالْفَتْحُ (١)
وَرَأَيْتَ النَّاسَ يَدْخُلُونَ فِي دِينِ اللَّهِ أَفْوَاجًا (٢)
فَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَاسْتَغْفِرْهُ إِنَّهُ كَانَ تَوَّابًا (٣)
Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
«(Ey Muhammad!) Qachonki Allohning nusrati (madadi) va g'alaba kelganida, odamlar to'p-to'p bo'lib, Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko'rganingizda, darhol Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan mag'firat so'rang! Zero, U tavbalarni qabul etuvchi Zotdir»(Nasr surasi).
Suraning avvalida “an-Nasr” so'zi kelgani uchun, “Nasr”, ya'ni g'alaba deb nomlangan. Nasr ulkan g'alaba, Makkai mukarrama fathidir. Bundan tashqari, suraning “Tavdiy'” – «vidolashuv» degan nomi ham bor.
Madinada nozil bo'lgan bu surada Makkaning fath etilishi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mushriklar ustidan g'alaba qozonishlari, Arab yarimorolida Islom dinining yoyilishi, shirk va sanamlarning yo'q bo'lishi bildirilgan.
Shuningdek, bu surada Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlari yaqinlashgani haqida xabar va Alloh taologa tasbeh, hamd va istig'for aytishga buyurilgan.
Imom Bayhaqiy rahmatullohi alayh qilgan rivoyatda: “Nasr surasi Qur'onning to'rtdan biriga tengdir”, deyilgan.
Imom Nasoiy Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Utbadan rivoyat qiladi: «Ibn Abbos roziyallohu anhumo menga: “Qur'ondagi oxirgi nozil bo'lgan surani bilasanmi?” deganida, men: “Ha, bilaman, u “Iza jaa a-nasrullohi...” surasidir”, dedim, u zot: “To'g'ri aytding”, dedilar».
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qiladi: «Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Umar ibn Hattob meni Badrda ishtirok etgan katta yoshli kishilar bilan birga (huzurlariga) kiritar edilar. Bundan ularning ba'zilari taajjublanishar edi. Kunlarning birida ularni huzurlariga chaqirtirib, meni ham ular bilan birga taklif qildilar. Buni faqat (kichik bo'lsam ham) qanday ekanimni ko'rsatish uchun qilganlar, deb o'yladim. U kuni Umar ibn Hattob: “Iza jaa a-nasrullohi valfathu...” surasi haqida nima deysizlar, deb ulardan so'radilar. Ulardan ba'zilari: “Agar g'alaba qozonib, bizga zafar berilsa, Allohga hamd va istig'for aytishimizni buyurgan”, deyishdi. Ba'zilari hech narsa deyishmadi. Umar ibn Hattob mendan so'radi: “Ey Ibn Abbos, sen ham shunday deysanmi?” Men: “Yo'q”, dedim. U zot: “Unda nima deysan?” dedilar. Men: “U Rasulullohning ajallaridir. Alloh taolo u zotga bildirgan”, dedim. Ya'ni, “Qachon Allohning yordami va g'alaba kelsa, mana shu ajalingiz alomatidir. Parvardigoringizga hamd ayting va Undan mag'firat so'rang. Zero, U tavbalarni qabul qilguchi Zotdir”. Hazrat Umar: “Men ham sen aytgan narsanigina bilaman xolos”, dedilar».
«(Ey Muhammad!) Qachonki, Allohning nusrati (madadi) va g'alaba kelganida...»
Oyatdagi “Allohning nusratida”dan murod shuki, albatta, nusrat Alloh tomonidan bo'ladi. Nusrat, madad va g'alaba U zotdan boshqa biror maxluqqa munosib emas. Faqat Uning hikmati bilan amalga oshadi. Shuning uchun bu nusrat ulug'lanmoqda. Ya'ni, u haqiqatda voqe bo'luvchidir.
Imom Ahmad, Imom Bayhaqiy va Imom Nasoiylar Ibn Abbos roziyallohu anhumodan qilgan rivoyatda keltirilishicha, “Iza jaa a-nasrullohi...” nozil bo'lganida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mening jonim (tez kunlarda) vafot etishi haqida xabar berilmoqda. Mana shu yil jonim uziladi”, dedilar».
«...odamlar to'p-to'p bo'lib, Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko'rganingizda...» Ya'ni, arab va boshqalarni sizga yuborilgan dinga jamoat-jamoat bo'lib kirishayotganining shohidi bo'lsangiz... deyilmoqda. Chunki dastlab insonlar bitta-bitta yoki ikkita-ikkita bo'lib dinga kirishar edi. Bora-bora qabilalar yoppasiga Islomni qabul qiladigan bo'ldi.
«...darhol Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan mag'firat so'rang! Zero, U tavbalarni qabul etuvchi Zotdir». Ya'ni, agar Makka fath etilib, Islom keng quloch yoysa, Allohning sizga bergan ne'matlari shukriga namoz o'qing va U zotga hamd va tasbeh ayting.
Bu erda hamd va tasbeh orasi birlashtirilmoqda. Chunki nusrat va fath Allohga hamd aytishni taqozo etadi. Bu Allohning ulug' fazli va marhamatidir.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Oysha onamiz roziyallohu anhodan qilgan rivoyatda aytilishicha: “Iza jaa a-nasrullohi val fathu” surasi nozil bo'lgandan keyin Rasululloh namoz o'qiydigan bo'lsalar, albatta, unda “Subhanaka robbana va bihamdika, Allohummag'firliy”, der edilar.
Suradan o'rganganlarimiz:
Alloh taoloning har bir ne'matiga mos ravishda shukr, hamd va va sano aytish shart. Allohning Nabiyi alayhissalomga va u zotning ummatiga eng katta ne'matlarlardan biri dushmanlari ustidan nusrat va g'alaba berilgani hamda musulmonlar qiblasi, Ka'ba yoki Baytul-harom, Makkaning fath etilishidir.
Alloh taolo bu ulug' ne'mat – Makka fathiga yana boshqa bir ne'matni qo'shib berdiki, u ham bo'lsa arablar va boshqalarning Islom diniga jamoat-jamoat bo'lib kirishlaridir. Bu narsa Makka fath etilganida sodir bo'ldi.
Arablar: “Agar Muhammad sollallohu alayhi va sallam Haram ahli ustidan g'alaba qozonsalar, biror kuch yordam bera olmaydi. Alloh Haram ahlini fil sohiblari (Abraha qo'shinlari)dan omonda qilgan edi”, deyishar edi.
Bas, ular to'p-to'p bo'lgan holda Islomni qabul qilishdi.
Alloh taolo bu suraga O'zi uchun ko'p namoz o'qib, tasbeh aytib, zafar va fathlar payti Allohga hamd aytish, zikrda bardavom bo'lib, mag'firat so'rashni buyurish ila xotima yasamoqda. Chunki Alloh taolo tasbeh va istig'for aytuvchi bandalarining tavbalarini qabul etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ma'sum (gunohlardan yiroq) bo'lishlariga qaramay, istig'for aytishga buyurilmoqda. Demak, ummatlariga ham bu narsa juda zarur ekani oydinlashadi.
Imom Muslim Oysha onamizdan rivoyat qiladi. «Rasululloh alayhissalom: “Subhonallohi va bihamdihi astag'firulloha va atubu ilayhi”, deb ko'p aytardilar. Shunda men: “Yo Allohning rasuli, Siz, “Subhonallohi va bihamdihi, astag'firulloha va atubu ilayhi”, deb ko'p aytayotganingizni ko'rmoqdaman”, desam, u zot: “Rabbim menga tez orada ummatim orasida ajoyib narsalarni ko'rishimning xabarini berdi. Agar o'sha alomatni ko'rsam,“Subhonallohi va bihamdihi, astag'firulloha va atubu ilayhi”, deb ko'p aytaman. Haqiqatan, men uni Nasr surasida ko'rdim. U Makkaning fath etilishi va odamlarning to'p-to'p bo'lib Allohning diniga kirishlaridir», dedilar.
Alloh huzurida haq din Islomdir. Bu haqda Alloh taolo Oli Imron surasining 19-oyatida: «Albatta Alloh nazdidagi (maqbul bo'ladigan) din Islom dinidir» va yana shu suraning 85-oyatida: «Kimda-kim Islomdan o'zga din istasa, bas (uning dini Alloh huzurida) hargiz qabul qilinmaydi va u oxiratda ziyon ko'rguvchilardandir», deb ogohlantirgan.
Alloh taolo avval tasbeh, keyin hamd, so'ngra istig'for aytishga buyurdi. Sahobalar bu sura Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlari xabarini beruvchi ekaniga ittifoq qilishdi. Rivoyat qilinishicha, bu sura nozil bo'lganida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xutba aytib: “Albatta, bandaga Alloh dunyo bilan oxiratga yo'liqish orasida ixtiyor berdi. Banda Allohga yo'liqishni ixtiyor qildi”, deganlar.
Tafsir kitoblari asosida Tolibjon NIZOM tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 7-sonidan olindi.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati