Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Savobi Qur'onning to'rtdan biriga teng

09.10.2020   4621   10 min.
Savobi Qur'onning to'rtdan biriga teng

بسم الله الرحمن الرحيم

إِذَا جَاءَ نَصْرُ اللَّهِ وَالْفَتْحُ (١)

وَرَأَيْتَ النَّاسَ يَدْخُلُونَ فِي دِينِ اللَّهِ أَفْوَاجًا (٢)

فَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَاسْتَغْفِرْهُ إِنَّهُ كَانَ تَوَّابًا (٣)

Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).  

«(Ey Muhammad!) Qachonki Allohning nusrati (madadi) va g'alaba kelganida, odamlar to'p-to'p bo'lib, Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko'r­ganingizda, darhol Rabbingizga hamd bilan tas­beh ayting va Undan mag'firat so'rang! Zero, U tavbalar­ni qabul etuvchi Zotdir»(Nasr surasi).

Suraning avvalida “an-Nasr” so'zi kelgani uchun, “Nasr”, ya'ni g'alaba deb nom­lan­gan. Nasr ulkan g'alaba, Makkai mukarrama fathi­dir. Bun­dan tashqari, su­raning “Tavdiy'” – «vidolashuv» degan nomi ham bor.

Madinada nozil bo'lgan bu surada Makkaning fath etilishi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mushriklar ustidan g'alaba qozo­nishlari, Arab yarimorolida Islom dinining yoyilishi, shirk va sanamlarning yo'q bo'lishi bildirilgan.

Shuningdek, bu surada Rasu­lulloh sollallohu alay­hi va sallamning vafotla­­ri yaqin­lashgani haqida xabar va Al­loh taologa tasbeh, hamd va is­tig'for aytishga buyurilgan.

Imom Bayhaqiy rahma­tullohi alayh qilgan rivo­yatda: “Nasr surasi Qur'on­ning to'rtdan biriga tengdir”, de­­yilgan.

Imom Nasoiy Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Utbadan rivoyat qiladi: «Ibn Abbos roziyallohu anhumo menga: “Qur'ondagi oxirgi nozil bo'lgan surani bilasanmi?” deganida, men: “Ha, bilaman, u “Iza jaa a-nasrullohi...” surasidir”, dedim, u zot: “To'g'ri aytding”, dedilar».

Imom Buxoriy rahmatul­lohi alayh rivoyat qiladi: «Ibn Abbos roziyallohu anhu­mo aytadi: “Umar ibn Hattob meni Badrda ishtirok etgan katta yoshli kishilar bilan birga (huzurlariga) kiritar edilar. Bundan ularning ba'zilari taajjublanishar edi. Kunlarning birida ularni huzurlariga chaqirtirib, meni ham ular bilan birga taklif qildilar. Buni faqat (kichik bo'lsam ham) qanday ekanimni ko'rsatish uchun qil­ganlar, deb o'yladim. U kuni Umar ibn Hattob: “Iza jaa a-nas­rullohi valfathu...” surasi ha­qida nima deysizlar, deb ulardan so'radilar. Ulardan ba'zilari: “Agar g'alaba qo­zonib, bizga zafar berilsa, Allohga hamd va istig'for ay­tishimizni buyurgan”, deyish­di. Ba'zilari hech narsa de­yishmadi. Umar ibn Hattob mendan so'radi: “Ey Ibn Abbos, sen ham shunday deysanmi?” Men: “Yo'q”, dedim. U zot: “Unda nima deysan?” dedilar. Men: “U Rasulullohning ajallaridir. Alloh taolo u zotga bildirgan”, dedim. Ya'ni, “Qachon Allohning yordami va g'alaba kelsa, mana shu ajalingiz alomatidir. Parvardigoringizga hamd ayting va Undan mag'fi­rat so'rang. Zero, U tavbalarni qabul qilguchi Zotdir”. Haz­rat Umar: “Men ham sen aytgan nar­sanigina bilaman xolos”, dedilar».

«(Ey Muhammad!) Qachonki, Allohning nusrati (madadi) va g'alaba kelganida...»

Oyatdagi “Allohning nus­ratida”dan murod shuki, albatta, nusrat Alloh tomonidan bo'ladi. Nusrat, madad va g'alaba U zotdan boshqa biror maxluqqa munosib emas. Faqat Uning hikmati bilan amalga oshadi. Shuning uchun bu nusrat ulug'lanmoqda. Ya'ni, u haqiqatda voqe bo'luvchidir.

Imom Ahmad, Imom Bayha­qiy va Imom Nasoiylar Ibn Abbos roziyallohu anhumodan qilgan rivoyatda keltirilishicha, “Iza jaa a-nasrullohi...” nozil bo'lganida, Rasululloh sollallohu alayhi va sal­lam: «Mening jonim (tez kunlarda) vafot etishi haqida xabar berilmoqda. Mana shu yil jonim uziladi”, dedilar».

«...odamlar to'p-to'p bo'lib, Allohning dini (Islom)­ga ki­rayotganlarini ko'rganin­gizda...» Ya'ni, arab va boshqa­larni sizga yuborilgan din­ga jamoat-jamoat bo'lib kiri­­shayotganining shohidi bo'l­sangiz... deyilmoqda. Chunki dastlab insonlar bitta-bitta yoki ikkita-ikkita bo'lib dinga kirishar edi. Bora-bora qabilalar yoppasiga Islomni qabul qiladigan bo'ldi.

«...darhol Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan mag'firat so'rang! Zero, U tavbalarni qabul etuvchi Zotdir». Ya'ni, agar Makka fath etilib, Islom keng quloch yoysa, Allohning sizga bergan ne'matlari shukriga namoz o'qing va U zotga hamd va tas­beh ayting.

Bu erda hamd va tasbeh orasi birlashtirilmoqda. Chunki nusrat va fath Allohga hamd aytishni taqozo etadi. Bu Allohning ulug' fazli va marhamatidir.

Imom Buxoriy rahmatul­lohi alayh Oysha onamiz ro­ziyallohu anhodan qilgan rivoyatda aytilishicha: “Iza jaa a-nasrullohi val fat­hu” surasi nozil bo'l­gandan keyin Rasululloh namoz o'qiydigan bo'lsalar, albatta, unda “Subhanaka robbana va bihamdika, Allohum­mag'firliy”, der edilar.

Suradan o'rganganlarimiz:

Alloh taoloning har bir ne'matiga mos ravishda shukr, hamd va va sano aytish shart. Allohning Nabiyi alayhis­salomga va u zotning ummatiga eng katta ne'matlarlardan biri dushmanlari ustidan nusrat va g'alaba berilgani hamda musulmonlar qiblasi, Ka'ba yoki Baytul-harom, Makkaning fath etilishidir.

Alloh taolo bu ulug' ne'mat – Makka fathiga yana bosh­qa bir ne'matni qo'shib berdiki, u ham bo'lsa arablar va boshqa­larning Islom diniga jamoat-jamoat bo'lib kirishlaridir. Bu narsa Makka fath etilganida sodir bo'ldi.

Arablar: “Agar Muhammad sollallohu alayhi va sallam Haram ahli ustidan g'alaba qozonsalar, biror kuch yordam bera olmaydi. Alloh Haram ahlini fil sohiblari (Abraha qo'shinlari)dan omonda qilgan edi”, deyishar edi.

Bas, ular to'p-to'p bo'lgan hol­da Islomni qabul qilishdi.

Alloh taolo bu suraga O'zi uchun ko'p namoz o'qib, tasbeh ay­tib, zafar va fathlar payti Allohga hamd aytish, zikrda bardavom bo'lib, mag'firat so'­rashni buyurish ila xotima yasamoqda. Chunki Alloh taolo tasbeh va istig'for aytuvchi bandalarining tavbalarini qabul etadi.

Rasululloh sollallohu alay­hi va sallam ma'sum (gu­noh­lardan yiroq) bo'lish­la­ri­ga qaramay, istig'for ay­tish­ga buyurilmoqda. Demak, um­matla­ri­ga ham bu narsa juda zarur ekani oydinlashadi.

Imom Muslim Oysha ona­mizdan rivoyat qiladi. «Rasu­lulloh alayhissalom: “Sub­honal­lohi va bihamdi­hi astag'­­firulloha va atubu ilayhi”, deb ko'p aytardilar. Shunda men: “Yo Allohning rasuli, Siz, “Subhonallohi va bihamdihi, astag'firullo­ha va atubu ilayhi”, deb ko'p aytayotganingizni ko'rmoq­daman”, desam, u zot: “Rabbim menga tez orada ummatim ora­sida ajo­yib narsalarni ko'rishimning xabarini ber­di. Agar o'sha alomatni ko'r­sam,“Subhonallohi va bihamdihi, astag'firul­lo­ha va atubu ilayhi”, deb ko'p aytaman. Haqiqatan, men uni Nasr surasida ko'rdim. U Makkaning fath etilishi va odamlarning to'p-to'p bo'lib Allohning diniga kirishlaridir», dedilar.

Alloh huzurida haq din Islomdir. Bu haqda Alloh tao­lo Oli Imron surasining 19-oyatida: «Albatta Alloh nazdidagi (maqbul bo'ladigan) din Islom di­nidir» va yana shu suraning 85-oyatida: «Kim­da-kim Islomdan o'zga din is­tasa, bas (uning dini Al­loh huzurida) hargiz qa­bul qilinmaydi va u oxirat­da ziyon ko'rguvchilardandir», deb ogohlantirgan.

Alloh taolo avval tasbeh, keyin hamd, so'ngra istig'for aytishga buyurdi. Sahobalar bu sura Rasulul­loh sollallohu alayhi va sallamning vafotlari xabari­ni beruvchi ekaniga ittifoq qilishdi. Rivoyat qilinishi­cha, bu sura nozil bo'lganida Rasululloh sollallohu alay­hi va sallam xutba aytib: “Al­batta, bandaga Alloh dunyo bilan oxiratga yo'liqish orasida ixtiyor berdi. Banda Allohga yo'liqishni ixtiyor qildi”, deganlar.

Tafsir kitoblari asosida Tolibjon NIZOM tayyorladi.

“Hidoyat” jurnalining 7-sonidan olindi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   36724   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari