Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Nomahram ayollarga qarashning zarari (ikkinchi maqola)

03.10.2020   4223   4 min.
Nomahram ayollarga qarashning zarari (ikkinchi maqola)

O'zgani avratiga tikilmoq shariatimizda harom qilingan. Lekin fuqaholar ma'lum istisnolarni bayon qilgan bo'lib, ularni avratiga qarash muboh sanaladi.

  1. Insonning o'z avrati. Kishi o'z avratiga ko'zi tushsa va yoki ixtiyoriy qarasa buni gunohi yo'q.
  2. Qaralayotgan shaxs, xoh o'g'il xoh qiz bo'lsin shahvat yoshida bo'lmasa. Bu tili chiqmagan, ya'ni gapira olmaydigan darajada yosh bo'lishi bilan belgilangan. Faqih Abu Lays «shahvat yoshi to'qqiz yosh» deb fatvo bergan bo'lsalar ham.

Hoshiyada aytilishicha, «tili chiqib gapira oladigan yoshdagi bolalarning avratiga tikilish harom bo'ladi.»

  1. Sahih nikoh bilan uylangan ayoli. Fosid nikoh bilan bo'lsa unga ham nazar qilish harom. Masalan birovni nikohidagi ayolga uylanib olgan kishi shu ayolning avratiga qarashi harom hisoblanadi.
  2. O'z cho'risini avratiga qarashharom emas.Biroq cho'rilarning hammasida ham, nazar halol qilingan emas. Musohara (qudachilik) yo'li bilan mahram bo'lgan cho'rilar mustasno. Masalan ona bola cho'risi bo'lib ularning qizini xotin qilgan bo'lsa onasining avratiga qarashi harom hisoblanadi. Chunki u qayin ona hisobidadir. Shuningdek, o'z cho'risini o'zgaga nikohlab bergan bo'lsa bu cho'ri ham xojasidan ma'lum masofada turadi. Hurmati g'aliza, ya'ni cho'risiga uylanib so'ngra uni ikki taloq qilgan bo'lsa uning ham avratiga qarashi mumkin emas. Yoki cho'ri mushrika bo'lsa. Uning ham avratiga qarash taqiqlanadi. Ikki kishining o'rtasidagi sheriklik cho'rilar ham o'z hojalaridan avratlarini olib qochishlari lozim.

Shu to'rt toifadan boshqalarning avratiga uzrsiz nazar qilish mutlaq harom deyilgan. Hoh u shahvoniy nazar va yo aksincha bo'lsin bari birdek haromdir. Ammo uzrli bo'lsa joiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

«Alloh (begonaning avratiga) nazar qiluvchini va (o'z avratini boshqalarga ko'z-ko'zlab) tomosha qildiruvchini la'natladi» (Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Yalang'och avratga nazar harom bo'lganidek, yupqa va tor kiyim kiyganlarning kiyimi ustidan nazar qilish ham haromdir. Chunki tor va yupqa kiyim badan va qomatni oshkor qilib turishi sababli yalang'och hukmida bo'ladi.

Avratlar:

  1. Erkak kishining avrati — kindik ostidan tizza ostigachadir. Demak, erkak kishining kindigini ostidan tizzasini ostigacha bo'lgan a'zolariga qarash, erkaklarga ham, begona ayollarga ham mutlaq haromdir.
  2. Shuningdek ikki ayol ham bir-birlarini kindigini ostidan tizzasini ostigacha bo'lgan a'zolariga aslo qaray olmaydilar. Chunki ikki ayol orasidagi avrat, xuddi ikki erkak orasidagi avrati kabi olinadi.
  3. Erkak va begona ayol orasidagi avrat — Agar qarovchi erkak bo'lib tomosha qilinuvchi hur, ayol bo'lsa uning yuzi va kaftlaridan boshqa barcha a'zolaridir. Yuzi va kafti avrat bo'lmasada unga hojatsiz qarash makruhdir.
  4. Agar nazari tushib qolgan ayol o'z mahrami bo'lsa. Masalan opa yoki singlisi. Bu holatda u bilan avrat chegarasi (kiyimidan tashqaridagi), qorin va bel qismi qo'shimcha qilingan holda huddi ikki erkak avrati kabi olinadi. Ya'ni, kishi o'z opasi yoki singlisini boshi, bo'yni, ko'kragi, qo'ltig'i, boldiri, oyoqlariga «shahvati uyg'onib ketishidan omonda bo'lish sharti» bilan, nazar tushib qolsa (Davomi bor).

Birinchi maqola: http://muslim.uz/index.php/maqolalar/item/22953-noma-ram-ajollarga-arashning-zarari-birinchi-ma-ola

Muallif: Botirali Alisher o'g'li

Manba: fiqh. uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

09.06.2025   9503   4 min.
O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

Muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni, barcha mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni ulug‘ va mo‘tabar ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

Jamiki islom ummati uchun qadrli bo‘lgan ushbu shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Hech shubhasiz, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti ham muhim rol o‘ynamoqda.

Ayniqsa, bu bayramning insonparvarlik, ahillik, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlari yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga uyg‘un va hamohang bo‘lib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar haqida alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz samarasini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Aziz do‘stlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda turli millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, islom dinining ezgu tamoyillarini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi – Samarqand shahri 2025 yilda islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatoriga, shu yil Buxoro shahrida o‘z faoliyatini boshlaydigan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi ham qo‘shildi.

Poytaxtimiz Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin  timsoli sifatida Yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanadi, deb ishonaman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Shu saodatli kunlarda 15 ming nafar vatandoshimiz muqaddas haj ziyoratini ado etmoqda. Ezgu duo va niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday munavvar lahzalarda ularni ham Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, Yaratgandan yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishlarini so‘raymiz.

Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni ilm-ma’rifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi bo‘lishga targ‘ib etish, muhtoj insonlarga ko‘mak berishda alohida ibrat va namuna ko‘rsatadilar.

Qalblarimiz quvonchga to‘lgan ushbu fayzli kunlarda xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizni ham bugungi ulug‘ ayyom bilan chin dildan qutlab, ularga sog‘lik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.

Jahonning uzoq-yaqin o‘lkalaridagi musulmon ummatini ham qizg‘in tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Hozirgi kunda dunyo naqadar murakkab va tahlikali bo‘lib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Bunday keskin sharoitda yurtimizda tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini saqlab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga yeta olamiz.

Albatta, o‘z tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va olijanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir.

Bu yo‘lda el-yurtimizga mansub mehr-oqibat, o‘zaro birlik va jipslik biz uchun beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.

Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qutlug‘ ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti