Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

2. BAQARA SURASI, 158 OYaT

03.10.2020   11994   4 min.
2. BAQARA SURASI, 158 OYaT

۞إِنَّ ٱلصَّفَا وَٱلۡمَرۡوَةَ مِن شَعَآئِرِ ٱللَّهِۖ فَمَنۡ حَجَّ ٱلۡبَيۡتَ أَوِ ٱعۡتَمَرَ فَلَا جُنَاحَ عَلَيۡهِ أَن يَطَّوَّفَ بِهِمَاۚ وَمَن تَطَوَّعَ خَيۡرٗا فَإِنَّ ٱللَّهَ شَاكِرٌ عَلِيمٌ١٥٨

158. SafovaMarvahaqiqatanAllohningnishonlaridandir. KimBaytnihajyokiumraqilsa, ikkisiorasidaborib-kelishigunohemas. Vakimixlosilayaxshilikqilsa, Allohalbattataqdirlovchivabiluvchidir.

Safo va Marva Makkadagi ikki tog' bo'lib, Ibrohim alayhissalom zamonlaridan beri haj qiluvchilar ularda ham sa'y qilishar edi. So'ngra arab mushriklari bu tog'larga ikki but qo'yib, ularga sig'ina boshlashdi. Islom dini bilan sharaflangan sahobalar shirkdan tavba qilishgani uchun Safo va Marva tavofidan ham chekinishdi. Shunda nozil bo'lgan Allohning hukmiga ko'ra, ular orasida borib kelish (sa'y qilish)ning gunohi yo'q, balki bu haj amallaridandir. Safo va Marva orasida sa'y qilish ham musulmonlarga juda muhim ramzlardandir.

Ibrohim alayhissalom xotinlari Hojar onamiz va emizikli o'g'illari Ismoilni shu ikki tog' oralig'ida qoldirib ketadilar. Hojar onamiz: "Bizni tashlab qayoqqa ketyapsiz?" deb so'raydi. Ibrohim alayhissalom bu savolga javob bermadilar, chunki qilayotgan ishlarining hikmatini bilmas edilar. Faqat Alloh taoloning amrini bajarar edilar, xolos. Qayta-qayta so'rab javob ololmagan Hojar onamiz: "Bunga sizni Alloh buyurdimi?" deb so'radi. Tasdiq javobini olgach, "Unday bo'lsa bizni Alloh o'z holimizga tashlab qo'ymaydi", dedi va Unga tavakkul qildi. Hojar ham erlari kabi chin mo'mina edi, lekin go'dagi chanqaganini ko'rib, suv izlashga tushdi hamda Safo va Marva orasida etti marta uyoq-buyoqqa borib-keldilar. Nihoyat Alloh ona-bolaga Zamzam bulog'ini oqizib berdi. Shunga ko'ra hojilar ham haj paytida Allohga bo'lgan itoat va muhabbat ramzi sifatida Safo va Marva orasida etti martadan sa'y (yurish) qilishadi.

Hishom ibn Urvaning otalari bunday degan: "Men yosh bola bo'laturib, Nabiy alayhissalomning zavjalari Oisha roziyallohu anhoga: "Alloh taoloning: "Safo va Marva haqiqatan Allohning nishonlaridandir. Kim Baytni haj yoki umra qilsa, ikkisi orasida borib-kelishi gunoh emas. Va kim ixlos ila yaxshilik qilsa, Alloh albatta taqdirlovchi va biluvchidir" degan oyati haqida nima deysiz? Men Safo va Marvani sa'y (borib-kelish) qilmagan odam gunohkor bo'lmaydi, deb hisoblayman", dedim. Oisha onamiz: "Aslo unday emas, agar bu oyatning tafsiri sen aytganday bo'lsa, unda Safo va Marvani sa'y qilmasa ham gunohkor bo'lmas ekan-da?! Ammo bu oyat ansorlar xususida nozil bo'lgan, ular (musulmon bo'lmaslaridan oldin) Manot degan butni ulug'lashar edi. Shu boisdan ular Safo va Marvani sa'y qilishga botinishmas edi. Islom joriy etilib, musulmon bo'lganlaridan so'ng janob Rasulullohga shu haqda savol berishdi. shunda Alloh taolo yuqoridagi oyati karimani nozil qildi", dedilar" (Buxoriy rivoyati). Osim ibn Sulaymon rivoyat qiladi: "Men Anas ibn Molikdan Safo va Marva haqida so'radim. Shunda u: "Bu ikkisini sa'y qilishni johiliyat davridan qolgan odat, deb hisoblab yurardik. Islom joriy bo'lgach, ularni sa'y qilmay qo'ydik. Shunda Alloh taolo Baqara surasining ushbu oyatini nozil qildi", dedi" (Buxoriy rivoyati).

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

26.08.2026   4035   8 min.
MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.

“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.

Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.

Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!

Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.

Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.

Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.

Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.

Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:

1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.

2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.

Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.

Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.

Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).

Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).

Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:

⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.

⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.

⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.

⏺ G‘arq bo‘lganlar.

⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).

⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.

⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.

⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.

⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.

⏺ Juma kechasi vafot topganlar.

⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.

⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.

⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.

⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.

⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.

⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.

⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.

⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.

⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.

⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.

⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.

⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.

⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.

⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.

⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.

⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.

⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.

⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.

⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.

⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.

Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA