Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Aprel, 2026   |   14 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:31
Asr
16:57
Shom
18:54
Xufton
20:08
Bismillah
03 Aprel, 2026, 14 Shavvol, 1447

Ustoz otangdan ulug'!

01.10.2020   6914   15 min.
Ustoz otangdan ulug'!

Alloh Taolo olamlarni bunyod etgandan co'ng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurg'asidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini ko'paytirdi.

Rivoyat etilishicha, odamzotning ko'ngliga 3 narsa urmas, ya'ni inson 3 narsadan aslo bezor bo'lmas, doimo ardoqlar ekan. Birinchisi er uchun ayol, ayol uchun er. Chunki ayol Odam Atoning qovurg'asidan, ya'ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a'zo yo'q. Hech kim biron a'zosidan voz kecholmagani kabi ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan. Inson ko'ngliga urmaydigan ikkinchi narsa – rizq-ro'zi, yashash omili bo'lgan non ekan. Mana necha ming-ming yillar o'tsa ham Odam Ato va Momo Havo ilk bor ta'mini tatib ko'rgan bug'doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo'lib xizmat qilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o'rnini bosolmasligi barchaga ayon. Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug' narsa bu kitob ekan. Zero, Qur'ondagi dastlabki oyat «Iqra!» («O'qing!») ekanligi, ulug' payg'ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'qishni o'rganib, Allohning so'zlaridan xabardor bo'lib, ularni xalqqa etkazgani, musulmonlar diliga singdirgani ma'lumdir. Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o'sadilar, ma'nan sog'lom bo'ladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday so'zlash, qanday yashash zarurligini, imon-e'tiqodni asrashni biladilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o'rinni yorug' olamning gultoji – Inson, uning rizq-ro'zi Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o'rin olishi bejiz emas.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo'lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma'naviyati bo'lmish milliy va diniy qadriyatlarimiz esa bularning hammasi  axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan qimmat, bebaho va abadiy qadriyatlarimiz, engilmas kuchimizdir!

Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug'i «O'qing!» ekan, demak Islom dini – eng avvalo ma'rifat dini ekan. «Ma'rifat» so'zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta'lim-tarbiya»«maorif» degan ma'nolarni anglatadi.

Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo'lmish Qur'oni Karimning ettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.

Islom dini paydo bo'lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo'lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu fan, ma'rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O'z ilohiy hikmatiila ixtiyor etdi.

Yaxshilik va ezgulik, bag'rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo'lish, qon to'kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo'lish, dunyodan o'tganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga da'vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida o'z qadrini hamda o'zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma'noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.

Bizning qadimiy va go'zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon tsivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo'lganini xalqaro jamoatchilik tan olmoqda va e'tirof etmoqda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar etishib chiqqani, umumbashariy tsivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bog'liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko'tarilishida ona yurtimizda tug'ilib kamolga etgan ulug' allomalarning xizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan g'urur va iftixor bag'ishlaydi.

Alloh taboraka va taolo O'zining Kalomi majidi – Qur'oni karimda va Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulug'lab e'zozlagan etti toifa insonlarni har bir mo'min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;

2 ) ona;

3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-hunar o'rgatgan inson);

4) olim (faqat diniy yo'nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O'zidir);

5) Qur'oni karimdan xabardor kishi;

6) mo'ysafid odam;

7) adolatli rahbar.

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma'rifatparvar, ulug'vor va donishmand xalqining Qur'oni Karim va hadisi shariflarga uyg'unlashib ketgan, hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug'lashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targ'ib etadi.

Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o'rni beqiyos.

Bizning dono xalqimiz

«Ustoz – otangdek ulug'»,

«Usta borida qo'lingni tiy,

Ustod borida – tilingni»,

«Usta bo'lsang, ustozingni unutma»,

«Ustozingga tik qarasang, to'zasan,

Hurmat qilsang, asta-asta o'zasan»,

deb bejiz aytmagan.

Chunki, hammaga ma'lumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O'ZI bo'lsa “Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o'rgatdi. So'ngra ularni farishtalarga birma-bir ko'rsatib dedi: «Agar e'tirozingizda rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!» (Qur'oni karim Baqara surasi 31 oyat), musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustozi – PAYG'AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!

Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustozi – uning OTA-ONASIDIR! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug'ilishi bilanoq to ota-onaning o'zi bu dunyodan o'tmaguncha, o'z farzandiga mehribonlik qilib o'tadi...

Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo'lib o'zining doimiy peshqadamlari bo'lmish o'z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko'ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo'lishga shoshiladi.

Yangi o'quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug' va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo'lmish – ilm olishga kirishdilar... Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg'ayishida, ilm olib, bilimli bo'lishlarida ko'p jihatlariga serqirra e'tiborimizni berishimizda quyidagi purma'no, sermazmun tarafini ham e'tiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.

Shunchalik ulug' (!) darajaga ustozning mavqei ko'tarilgan. “Ustoz” deganda faqat ma'lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o'rgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim! Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e'zozlab «Ustoz» deydi.

Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy

Sayr aylamakni qildi ixtiyor.

Mulozimlar ila chiqdilar yo'lga

Va kichik bolaga keldilar duchor.

O'shanda Navoiy otidan tushib,

O'sha yosh bolaga qilibdi ta'zim.

Mulozimlar hayron, ayonlari lol 

Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.

Bir ayon qo'lini ko'ksiga qo'yib,

So'rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?

Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta'zim,

Salom berishi dushvor!»

Navoiy debdiki, men ko'rgan bola

Ustozim  bolaning bobosi edi.

Olislarda qolib ketgan damlarning

Uzoqlardan kelgan sadosi edi…

Ustozim men uchun otadan ulug',

Shuningchun bolaga qildim men ta'zim.

Ustozimdan qolgan nevarasiga

Salom bermasligim  gunohu azim!

Dono xalqimizni o'z maqollarida ham Ustoz otadek ulug'!” va “Ustoz otangdan ulug'! deb aytishlarida ham juda ko'p ma'nolar bor. Zero, bu ulug' hikmatlar elning ellik ming elagidan o'tkazilib, keyin muomalaga qo'yilgan. Iloho'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur'oni karimda buyurgan, janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ruxlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni barchamizga nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

HOZIRJAVOBLIK qanday yaxshi ko‘makchi!

01.04.2026   6322   4 min.
HOZIRJAVOBLIK qanday yaxshi ko‘makchi!

Nafs odobi dars odobidan xayrliroqdir. 
 

Izoh. Ibrohim Naxa’iy deydi: “O‘tgan azizlar bir kishidan ilm olish uchun borar ekan, uch narsaga e’tibor qaratardilar: olimning salobatiga, namoziga va holatiga, keyin undan ilm olardilar. Ularning eng avval nazar soladigan jihati olim yoki muhaddisning odobi bo‘lardi.


Imom Ahmad rahimahullohning ilm majlislarida besh mingdan ortiq kishi jamlanardi. Shulardan besh yuztasi hadislarni yozib olar, qolganlar husni odob va samt – salobat va viqor hosil qilish ilmini o‘rganardilar”.


Ibn Muborak aytadi: “biz ko‘p ilmdan ko‘ra kamroq odobga muhtojmiz”. Ya’ni, odob ilmdan muhimroqdir. Ilmi ko‘p bo‘lgani bilan bilganiga amal qilmasa, bunday ilmdan foyda yo‘q. Amal ilmning guli bo‘lsa, mevasi odobdir. Shuning uchun, garchi kamroq bo‘lsa ham, natijasi amal bilan tugagan ilm amalsiz ko‘p ilmdan yaxshiroq. Ilmi ko‘p­u odobi yo‘q olimdan odamlar qochadi. Negaki, uning odobsizligi tolibi ilmlar va uning o‘rtasiga to‘siq bo‘ladi.


Hozirjavoblik qanday yaxshi ko‘makchi.


Izoh. Javobning o‘z o‘rnida, zudlik bilan, eng muvofiq tarzda yuzaga chiqishi hozirjavoblikdir. Bu xususiyat aksar tug‘ma bo‘ladi.


Abbosiy xalifalardan Horun ar­-Rashidning o‘g‘li Al-­Mo‘tasim billah hali yuzidan go‘daklik shirasi arimagan bola Fath ibn Hoqonning qo‘lidagi qimmatbaho toshni ko‘rib, unga: “Ey Fath, qo‘lingdagi tosh menikidan chiroyliroq ekan-­a?” – dedi. “Ha, ey mo‘minlar amiri, bu chiroyli toshni ushlagan qo‘l ham narigi toshni ushlab turgan qo‘ldan yaxshiroq-­da!” – deya javob berdi Fath. Yosh bolaning hozirjavobligi mo‘minlar amirini hayratga soldi va darhol unga sovg‘a va libos keltirishlarini amr qildi.


Lekin tajriba bilan ham hozirjavoblik malakasini hosil qilish mumkin. Ayniqsa, bitta sohani ipidan­ignasigacha to‘la egallagan insonlarda bu holat ko‘proq kuzatiladi. Alloh ato etgan aql, fahm­farosat, jiddu jahdni o‘zi qiziqqan soha, kasb­hunarga cheksiz sadoqat bilan yo‘naltirishda charchamagan kishiga ayni ne’mat tuhfa etiladi.
 

Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammad xolasining o‘g‘li Kisoiyga, ya’ni nahv ilmining mashhur olimiga:

– Shunday xotirang bo‘laturib, nega fiqh ilmi bilan shug‘ullanmaysan? – dedi.

– Kishi bir ilmni puxta bilsa, o‘sha bilimi uni boshqa ilmlarda ham to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, – dedi Kisoiy. Shunda Muhammad aytdi:

– Unday bo‘lsa, senga fiqh ilmidan bir masala aytaman, javobini nahv ilmidan chiqarib ber­-chi.

– Ayting, – dedi Kisoiy.

– Sajdai sahv qilgan yo qilmaganini unutgan kishiga sajdai sahv vojib bo‘ladimi? – so‘radi Muhammad.

Kisoiy ozgina o‘ylaganidan so‘ng: – Unga sajdai sahv vojib emas, – dedi.

– To‘g‘ri aytding, bu javobni nahv ilmining qaysi qoidasidan chiqarding? – qiziqib so‘radi Imom Muhammad, shunda Kisoiy:

– “Kichraytirilgan ism qayta kichraytirilmaydi” (masalan, “quyoncha” so‘zini yana kichraytirish uchun “quyonchacha” deyilmagani kabi) degan qoidadan, – dedi.

Xoh tug‘ma bo‘lsin, xoh kasb etib hosil qilingan bo‘lsin, hozirjavoblik aksar holatda insonga eng yaxshi ko‘makchidir!

Odobsiz aql sharmandalik, aqlsiz odob halokatdir.


Izoh. Odob va aql bir­birini taqozo etuvchi kuchlardir. Shuning uchun aytilgan: “Aqlsizda odob, odobsizda aql yo‘q”.

Aliy roziyallohu anhu deydi: “Har bir narsa aqlga muhtoj, aql esa odobga muhtoj, aql va odobdan boshqa har qanday qadr-­qiymatning chegarasi bor”.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Odob talabida bo‘l, chunki odob aqlga ziyodalik, muruvvatga dalil, yolg‘izlikda ulfat, g‘ariblikda hamroh, faqirlikda mol-davlatdir”.

Hasan Basriy rahimahullohdan manfaati eng ko‘p odob haqida so‘raldi. Shunda u dedi: “Dinda faqihlik, dunyoda zohidlik va zimmangdagi haqlarni Alloh uchun tanish”.


Rashid ZOHID tarjimasi, 

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 2-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

O'zbekiston yangiliklari