Alloh Taolo olamlarni bunyod etgandan co'ng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurg'asidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini ko'paytirdi.
Rivoyat etilishicha, odamzotning ko'ngliga 3 narsa urmas, ya'ni inson 3 narsadan aslo bezor bo'lmas, doimo ardoqlar ekan. Birinchisi er uchun ayol, ayol uchun er. Chunki ayol Odam Atoning qovurg'asidan, ya'ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a'zo yo'q. Hech kim biron a'zosidan voz kecholmagani kabi ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan. Inson ko'ngliga urmaydigan ikkinchi narsa – rizq-ro'zi, yashash omili bo'lgan non ekan. Mana necha ming-ming yillar o'tsa ham Odam Ato va Momo Havo ilk bor ta'mini tatib ko'rgan bug'doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo'lib xizmat qilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o'rnini bosolmasligi barchaga ayon. Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug' narsa bu kitob ekan. Zero, Qur'ondagi dastlabki oyat «Iqra!» («O'qing!») ekanligi, ulug' payg'ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'qishni o'rganib, Allohning so'zlaridan xabardor bo'lib, ularni xalqqa etkazgani, musulmonlar diliga singdirgani ma'lumdir. Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o'sadilar, ma'nan sog'lom bo'ladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday so'zlash, qanday yashash zarurligini, imon-e'tiqodni asrashni biladilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o'rinni yorug' olamning gultoji – Inson, uning rizq-ro'zi Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o'rin olishi bejiz emas.
Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo'lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma'naviyati bo'lmish milliy va diniy qadriyatlarimiz esa bularning hammasi – axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan qimmat, bebaho va abadiy qadriyatlarimiz, engilmas kuchimizdir!
Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug'i «O'qing!» ekan, demak Islom dini – eng avvalo ma'rifat dini ekan. «Ma'rifat» so'zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta'lim-tarbiya»; «maorif» degan ma'nolarni anglatadi.
Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo'lmish Qur'oni Karimning ettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.
Islom dini paydo bo'lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo'lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu fan, ma'rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O'z ilohiy hikmatiila ixtiyor etdi.
Yaxshilik va ezgulik, bag'rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo'lish, qon to'kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo'lish, dunyodan o'tganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga da'vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida o'z qadrini hamda o'zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma'noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.
Bizning qadimiy va go'zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon tsivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo'lganini xalqaro jamoatchilik tan olmoqda va e'tirof etmoqda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar etishib chiqqani, umumbashariy tsivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bog'liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko'tarilishida ona yurtimizda tug'ilib kamolga etgan ulug' allomalarning xizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan g'urur va iftixor bag'ishlaydi.
Alloh taboraka va taolo O'zining Kalomi majidi – Qur'oni karimda va Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulug'lab e'zozlagan etti toifa insonlarni har bir mo'min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:
1) ota;
2 ) ona;
3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-hunar o'rgatgan inson);
4) olim (faqat diniy yo'nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O'zidir);
5) Qur'oni karimdan xabardor kishi;
6) mo'ysafid odam;
7) adolatli rahbar.
Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma'rifatparvar, ulug'vor va donishmand xalqining Qur'oni Karim va hadisi shariflarga uyg'unlashib ketgan, hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug'lashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targ'ib etadi.
Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o'rni beqiyos.
Bizning dono xalqimiz
«Ustoz – otangdek ulug'»,
«Usta borida qo'lingni tiy,
Ustod borida – tilingni»,
«Usta bo'lsang, ustozingni unutma»,
«Ustozingga tik qarasang, to'zasan,
Hurmat qilsang, asta-asta o'zasan»,
deb bejiz aytmagan.
Chunki, hammaga ma'lumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O'ZI bo'lsa “Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o'rgatdi. So'ngra ularni farishtalarga birma-bir ko'rsatib dedi: «Agar e'tirozingizda rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!» (Qur'oni karim Baqara surasi 31 oyat), musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustozi – PAYG'AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!
Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustozi – uning OTA-ONASIDIR! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug'ilishi bilanoq to ota-onaning o'zi bu dunyodan o'tmaguncha, o'z farzandiga mehribonlik qilib o'tadi...
Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo'lib o'zining doimiy peshqadamlari bo'lmish o'z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko'ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo'lishga shoshiladi.
Yangi o'quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug' va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo'lmish – ilm olishga kirishdilar... Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg'ayishida, ilm olib, bilimli bo'lishlarida ko'p jihatlariga serqirra e'tiborimizni berishimizda quyidagi purma'no, sermazmun tarafini ham e'tiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.
Shunchalik ulug' (!) darajaga ustozning mavqei ko'tarilgan. “Ustoz” deganda faqat ma'lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o'rgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim! Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e'zozlab «Ustoz» deydi.
Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy
Sayr aylamakni qildi ixtiyor.
Mulozimlar ila chiqdilar yo'lga
Va kichik bolaga keldilar duchor.
O'shanda Navoiy otidan tushib,
O'sha yosh bolaga qilibdi ta'zim.
Mulozimlar hayron, ayonlari lol –
Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.
Bir ayon qo'lini ko'ksiga qo'yib,
So'rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?
Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta'zim,
Salom berishi dushvor!»
Navoiy debdiki, men ko'rgan bola
Ustozim – bolaning bobosi edi.
Olislarda qolib ketgan damlarning
Uzoqlardan kelgan sadosi edi…
Ustozim men uchun otadan ulug',
Shuningchun bolaga qildim men ta'zim.
Ustozimdan qolgan nevarasiga
Salom bermasligim – gunohu azim!
Dono xalqimizni o'z maqollarida ham “Ustoz otadek ulug'!” va “Ustoz otangdan ulug'!” deb aytishlarida ham juda ko'p ma'nolar bor. Zero, bu ulug' hikmatlar elning ellik ming elagidan o'tkazilib, keyin muomalaga qo'yilgan. Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur'oni karimda buyurgan, janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ruxlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni barchamizga nasib etsin!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Afvni (qabul qilib) oling
Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo‘lsa ham lutf ko‘rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo‘lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o‘ch olishga qodir bo‘la turib kechirib yuborish go‘zal fazilat, oliy xulq namunasidir.
Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba’zi mufassirlar u – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.
Imom Tabariy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni so‘raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.
Sahobalar Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: “Go‘zal xulq nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” oyatini tilovat qildilar.
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, so‘zlari va fe’llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo‘lishga undardilar.
Uboda ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalom kechirimli, shafqatli va rahmdil bo‘lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot alayhissalomning yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar roziyallohu anhum ham o‘zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo‘ldilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning huzuriga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar roziyallohu anhuning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” deb buyurmaganmidi, u odam johillardan”, dedi.
Hazrat Umar roziyallohu anhu Qur’on tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasullloh sollallohu alayhi vasallam xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: “Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko‘payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yaxshilikka buyur
Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Faqih Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo‘lishi lozim deydi:
Alloh taolo yaxshilikka targ‘ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O‘z rahmati va marhamati nozil bo‘lishi bashoratini beradi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Johillardan yuz o‘gir
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o‘girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da’vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo‘lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go‘zal qiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishi johillarga e’tibor bermaydi, ularning gap-so‘zlaridan ta’sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo‘ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).
Hasan Basriy rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo‘lib, agar ularga jahl bilan g‘azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.
Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal xulqlar bilan xulqlanib, O‘zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD