Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Munosabat: Diniy bag'rikenglikning amaldagi in'ikosi

25.09.2020   3573   6 min.
Munosabat: Diniy bag'rikenglikning amaldagi in'ikosi

 

Kuni kecha dunyo afkor ommasining butun e'tibori O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida so'zlagan nutqiga qaratildi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Chunonchi, davlatimiz rahbari oliy minbardan turib: “Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir”, deya ta'kidladilar.

Darhaqiqat, so'nggi bir yilda mamlakatimizda 15 dan ziyod yangi jome masjid ochilib, shu bilan masjidlar soni 2070 dan oshib ketdi. O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi islom tsivilizatsiya markazi, Tasavvuf, Fiqh, Aqida maktablari ish boshlagani haqida to'xtalib o'tirmoqchi emasmiz.

Aslida, 130 dan ziyod turli millat va elat vakillari bir diyorda tinch-totuv yashayotganining o'zi diniy bag'rikenglikning amaldagi in'ikosidir. “Diniy bag'rikenglik” tushunchasi kecha yoki bugun paydo bo'lgan so'z emas.  Islomning ilk davrlaridayoq ushbu tushunchaga asos solindi. Ahmad Lutfiy Qozonchining Islom tarixini go'zal tarzda yoritib bergan “Saodat asri qissalari” kitobida bunday ma'lumotlar keltiriladi:

«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madina xalqini, ya'ni musulmoniyu musulmon bo'lmagan barchasini bir tan, bir jon etmoqqa niyat qildilar. Bu bilan tashqaridan kutilayotgan hujumlarga qarshi Madinaga kuchli ichki osoyishtalik o'rnatilishi mumkin edi. Yahudiylarning kattalari bilan uchrashdilar. Ikki tomonga foyda beradigan bir shartnoma ularga ham lozim edi. Bu shartnomada: “Musulmonlar va yahudiylarning o'z dinlarida erkin bo'lishlari; shaharni har qanday hujumlardan birgalashib mudofaa etishlari; bir-birining dushmani bo'lgan biron qabila bilan shartnoma tuzmasligi; qurayshliklarga yordam berilmasligi; zulm va haqsizlik qilganlarni himoya etmasligi; biron kelishmovchilik chiqsa, Rasulullohga murojaat etishlari lozim, degan muhim moddalar bor edi. Madina kechagi kunga nisbatan yanada quvvatli, yanada osoyishta holatga keldi. Makkaliklar bilan madinaliklar o'rtasida do'stlik vujudga kelishi bilan musulmon bo'lmagan madinaliklar yahudiylar orasiga solishi mumkin bo'lgan fitna-fasodning oldi olingan bo'lsa, butun Madina xalqi qattiq e'tibor bergan bu shartnoma tufayli tashqi munosabatlarda ham mavqelari xiyla ko'tarildi” .

Ushbu voqeadan bilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'zlari yashab turgan yurtni himoyasi, taraqqiyoti va osoyishtaligi uchun go'zal bir jamiyatni shakllantira boshladilar. O'sha joyda yashaydigan barcha insonlarni dini, irqi, jinsi va millatidan qat'i nazar, o'zaro mehr-muhabbatli, bag'rikeng bo'lishga chaqirib, ularning kattalari bilan shartnoma tuzdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu tadbirlari tufayli vujudga kelgan holatni keltirilgan iqtibosdan bildik. 

Ha azizlar! Islom –  bag'rikeng din. Bag'rikenglikka targ'ib qilgan din. Islomda har bir maxluqotning o'z haqqi bor. Bu huquqlar din va millat tanlamaydi. Islom musulmon kishi uchun har bir insonni haqqini ado qilishga buyuradi. Unga nisbatan go'zal muomalada bo'lishga chaqiradi. Bu behikmat emas, albatta. Bunday muomalaning hikmati va foydalarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, sahobalarning hayotini o'qigan kishi yaxshi biladi. O'sha paytda judayam ko'p ahli kitoblarning Islomga kirishiga aynan bag'rikenglik, ularga nisbatan qilingan go'zal muomala, adolatli qarorlar  sabab bo'lgan.

Bugun biz yashayotgan diyor ham turli din, turli tuman millat vakillaridan tashkil topgan. Bu jamiyatda yashayotgan har bir musulmon ularga nisbatan xuddi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va sahobalar tutgan yo'lni tutmog'i lozim. Ulamolar aytadilar: “Kitobiya ayol bilan bir tom ostida yashashni man qilmagan Islom, o'zga din vakili bilan bir osmon ostida yashashga monelik qilishi mumkin emas”.

Afsuski, ba'zida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan yaxshiroq bo'lmagan kishilar, madinalik yahudiylardan ko'ra yomonroq bo'lmagan boshqa din vakillariga qo'pol munosabatda bo'lishlari bilan Payg'ambarimiz asos solgan “Diniy bag'rikenglik” qonunini buzmoqdalar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qurib ketgan tinchlik, birdamlik, mehr-oqibat binosining g'ishtlarini bitta-bitta ko'chirmoqdalar.

U zot yopib tashlagan, uni ochmaslikni qattiq tayinlaganlari fitnalar, fasodlar, nizolar hamda adovat eshiklarini birma-bir ochmoqdalar. Ularning bu qilmishlari oqibatida musaffo Islom diniga har xil tana va tuhmat toshlari otilmoqda. Bunday harakatdan judayam ehtiyot bo'lmoq kerak. Bu yo'lda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashmoqlik manfaatlidir.

Chunki Rabbimiz bizlar uchun: «(Ey mo'minlar!) sizlar uchun Alloh va oxirat kunida umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning Payg'ambari (iymon e'tiqodi va hulq atvori) da go'zal namuna bordir,” (Ahzob surasi, 21-oyat) deb marhamat qilgan.

Muxtasar aytganda, muhtaram Yurtboshimizning BMTning 75-sessiyasidagi nutqi avvalgisi, ya'ni 2017 yildagi 72-sessiyasidagi nutqining mantiqiy davomi sifatida ko'plab tashabbuslarga, takliflarga boyligi bilan butun dunyoda alohida e'tirof etilmoqda. Nutqda O'zbekistondagi diniy bag'rikenglikning e'tirof etilishi dinimiz ravnaqiga xizmat qiladi, inshoalloh.

 

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   41758   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari