Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Hizbut tahrirning zalolati haqida fatvo

25.09.2020   6974   6 min.
Hizbut tahrirning zalolati haqida fatvo

Savol:Bizda bir “Hizbut-tahrir” nomli jamoa bor. Islom xalifaligini o'rnatish haqida bong urishadi.  Ulamolar haqida har xil gaplar gapirishadi. Ularga qanday raddiya qilish kerak? O'zi Islom xalifaligiga qanday yo'l tutilish kerak? 

Javob:Alhamdu lillah, vassolatu vassalamu ala rosulillah.

Insonlar jamoalanish bo'yicha ikki jamoaga ajraydilar. Rohmanning jamoasi va Shayton jamoalari. Alloh taoloning jamoasi tarqoq bo'lishi aslo mumkin emas. Alloh taolo aytadi:

 إِنَّ الَّذِينَ فَرَّقُوا دِينَهُمْ وَكَانُوا شِيَعًا لَسْتَ مِنْهُمْ فِي شَيْءٍ إِنَّمَا أَمْرُهُمْ إِلَى اللَّهِ ثُمَّ يُنَبِّئُهُمْ بِمَا كَانُوا يَفْعَلُونَ

“Dinlarini (firqalarga) bo'lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas'ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So'ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur” (An'om surasi 159-oyat).

Payg'ambarimiz alayhissalom esa: “Yahudiylar etmish bir yoki etmish ikki firqaga bo'linib ketdi. Nasorolar ham etmish bir yoki etmish ikki firqaga bo'linib ketdi. Mening ummatim esa etmish uch firqaga bo'linib ketadi”, deganlar  (Imom Abu Dovud  Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Yana Imom Abu Dovud rahimahulloh Muoviya raziyallohu anhudan ham shunga o'xshash hadis rivoyat qilgan. Unda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Ularning hammasi do'zaxdadir. Birgina firqa bundan mustasno”, dedilar. Shunda sahobalar: “O'sha bir toifa kimlar, ey, Allohning Rasuli!” deyishdi. U Zot: “Jamoatdir”, dedilar. So'ng yana qo'shimcha qilib aytdilarki: “Albatta yaqin orada shunday qavmlar keladiki, qutirish kasali bemorni qanday egallasa,  ularni havoi nafs xuddi shunday egallaydi” – dedilar.

Darhaqiqat, Payg'ambarimiz alayhissalom xabar bergan narsalari voqe'likda sodir bo'ldi. Havoi nafsga ergashish ko'paydi. Firqalar, jamoalar ko'paydi. Holbuki, Alloh taolo o'z kitobida aytadi:

وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا وَاذْكُرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنْتُمْ أَعْدَاءً فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُمْ بِنِعْمَتِهِ إِخْوَانًا وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آَيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ

“Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron surasi 103-sura).

Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O'zlaringizdan oldingilar yo'liga xuddi (kamon o'qining) patlari bir xil joylashgani kabi, izma-iz ergashasizlar. Hatto ular zobb (echkiemar)ning iniga kirgan bo'lsalar, sizlar ham albatta kirasizlar. Sahobalar aytdilar: “Ey, Rasulalloh! Yahudlar va Nasorolarmi?” Payg'ambar alayhissalom: “Unda kim?” - dedilar.

Yana Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Mo''min mo''min uchun xuddi bir birini mustahkamlab turuvchi bino kabidir”.

Ammo bu paydo bo'lgan hizblar-jamoalar o'zaro bir-birlaridan tanofurda, nafratdadirlar. Bir birlarini ta'na-ayb qo'yadilar. Hatto bir kishi: “Bu hizblar din dushmanlarining  iroda-istaklarini ya'ni ummatni tafriqaga solish, xotirini parishon qilish, alaloqibat  ummatni za'iflashtirish kabi ishlarni amalga oshiryaptilar”, desa to'g'ri aytgan bo'ladi.

Hullas, “Hizbut tahrir” jamoasi qattiq adashgan toifalardan. Men so'zimning avalidanoq shu so'zni aytsam balki sizlarga g'arib tuyular. Aslida bu so'zni aytishdan oldin muqaddima keltirishim kerakdir. Masalan quyidagicha: “Ushbu hizbut tahrir jamoasi paskash jamoa bo'lib, Urdunda paydo bo'lgan. “Ixvonul muslimin”dan ajrab chiqqan.  Ixvonchilar ularga bu yo'ldan qaytsinlar uchun o'zaro elchilar yuborishgan. Lekin ular qaytishdan bosh tortishgan. Ularning etakchisi Taqiyuddin Nabahoniy edi. Ular aqida masalalarida quyidagilarni aytadilar: aqidaviy hukm faqat aqldan olinadi. Agar sam'iy ya'ni, naqliy dalildan olinsa, u faqat qat'iy dalil bo'lishi kerak.

Shuning uchun ham ular azobi qabrni rad qiladilar, Masihud-Dajjolni  chiqishini inkor qiladilar. Fazilatli ahloqlar va ilm o'rgatishga beparvo bo'ladilar. Hizbchilar quruq siyosatdonlikka o'rgatiladigan dinga muxolif jamoadir.

Hizbchilarning etakchisiga: “Nima uchun sizlarda Qur'on yodlatadigan madrasalar ko'rinmaydi?”, deb so'ralganda shunday javob bergan: “Men darveshlar chiqarmoqchimasman”. Ko'rib turganingizdek, ular faqat siyosatga tayanadilar. Ilm, ahloq va qalb tarbiyasi, zuhd, taqvoga sabab bo'luvchi ilmlar ular uchun qiziq emas. Fiqhiy masalalarda ham o'zlariga xos jihatlar bo'lib, ularga ko'ra erkak kishi nomahram ayol bilan qo'l berib ko'rishsa, joiz bo'ladi.  Shuningdek, sho'roda kofir inson ham bo'lishi, hamda u umumiy ma'noda voliy, hokim bo'lishi ham mumkin. Shunday qilib, Hizbut tahrir jamoasi eng adashgan toifalardan biridir.

Men Hizbut–tahrirlik bilan faxrlangan, gerdayganlardan taajjubdaman. Barcha mo'min musulmonlarni hizbut-tahrir jamoasidan ogohlikka, ulardan uzoq bo'lishga chaqiraman. Agar biz hizbut-tahrir jamoasini ta'vilchilar, deb hisoblamasak edi, aslida ularni kofir deyishimiz haqli bo'lardi. Chunki ular azobi qabrni inkor qiladilar. Masihud-dajjolni chiqishini inkor qiladilar. Yetakchilari esa: “Talabalariga Qur'onni o'rgatish lozim emas. Ulardan darveshlar etishtirmaslik kerak” – deydi.  

Yaman ulamolar kengashi a'zosi

Shayx Muqbil Hodiy Vodiiy

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   6778   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari