وَلَا تَقُولُواْ لِمَن يُقۡتَلُ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ أَمۡوَٰتُۢۚ بَلۡ أَحۡيَآءٞ وَلَٰكِن لَّا تَشۡعُرُونَ١٥٤
154. Alloh yo'lida halok bo'lganlarni "o'lik" demanglar, yo'q, ular tirik, lekin sezmaysizlar.
Alloh dinining g'olib bo'lishi yo'lidagi janglarda fidoyilik ko'rsatib, halok bo'lganlar aslo "o'lik" sanalishmaydi, ular hamisha barhayotdir. Chunki ular bu jasoratlari bilan Parvardigorlari roziligini topishdi, Uning dini ravnaqi yo'lida eng shirin jonlaridan ham kechishdi. Oxiratda ulardan ham baxtli, ulardan ham yuqori imtiyozga ega, ulardan ham oliy maqomga erishgan kimsa bo'larmikin?!
Oyati karimadagi “Alloh yo'lida qatl qilinganlar”dan murod, shahidlardir. “Shahid” so'zi lug'atda «jangda qurbon bo'lgan» ma'nosini bildiradi. Jang maydonida kofir dushmanlar qatl qilgan, shar'iy hukumatga qarshi bosh ko'targan osiylar, yo'lto'sarlar o'ldirgan, tunda uyiga kirgan o'g'ri tosh kabi biron narsa bilan halok qilgan, jang maydonidan jarohatli o'lik jasadi topilgan odamlar «shahid» hisoblanadi. Bir musulmon kishi tomonidan qasd qilib, keskir qurol bilan nohaq o'ldirilgan musulmon ham shahid sanaladi. Yuqoridagilarning shahid bo'lishi uchun ular balog'atga etgan, hayz, nifos, junublikdan pok bo'lishi, hayotdan naf ko'rmay joni uzilgan bo'lishi kerak. Shuningdek, shariatda tug'ish paytida o'lgan, kasallik tufayli qorni shishib o'lgan, tom bosib yoki suvda cho'kib halok bo'lganlar ham shahidga tenglashtirilgan. Shahidlarning qonli kiyim-boshlari echilmay, jasadi yuvilmay, janozalari o'qilib dafn etiladi.
وَلَنَبۡلُوَنَّكُم بِشَيۡءٖ مِّنَ ٱلۡخَوۡفِ وَٱلۡجُوعِ وَنَقۡصٖ مِّنَ ٱلۡأَمۡوَٰلِ وَٱلۡأَنفُسِ وَٱلثَّمَرَٰتِۗ وَبَشِّرِ ٱلصَّٰبِرِينَ١٥٥
155. Va Biz sizlarni ba'zan biroz qo'rqinch va ochlik bilan, molga, jonga, mevalarga nuqson etkazish bilan imtihon qilamiz. (Ey Muhammad), sabrlilarga bashorat beringki;
Alloh taolo bandalarini "...bir oz qo'rqinch va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson etkazish bilan" sinaydi. Qiyinchiliklarda, sinovlarda odam toblanadi. "Qo'rqinch" deganda dushmandan bo'ladigan xavf-xatar tuyg'usi tushuniladi. Qahatchilik yoki boshqa sabablardan kelib chiqadigan ocharchilik ham Alloh taoloning bir nav sinovidir. Shuningdek, o'g'ri olishi, ofat etishi yoki zolimlarning tajovuzi tufayli mol-mulkka nuqson etkazish; turli xastaliklar bilan, yaqin kishilarning, yor-birodar va sheriklarning o'limi, kasalligi bilan jonga nuqson etkazish; mevalarga ofat yuborish, barakasini o'chirish bilan zarar etkazish ila sinab ko'ramiz, deydi. "Qaysi bir bandaga Alloh taolo yaxshilikni ravo ko'rsa, unga shu dunyoning o'zida jazo va uqubat beradi. Yomonlikni ravo ko'rsa, oxiratga qoldiradi" mazmunli hadisi sharif rivoyat qilingan. Banda o'z boshiga yoki musulmon yoru birodari, qavmu qarindoshining boshiga sinov kelganida sabr qiladi. Ayniqsa, biror balo yoki musibat etganida musulmon kishi sabrli bo'lishi va Janobi Haqning o'zi o'rgatgan istirjo' duosini aytishi, hamma narsa Alloh taoloniki va bari Uning O'ziga qaytadi, degan e'tiqodni mahkam tutishi kerak. Ulamolar: «Musibatga ilk to'qnashgandagi sabr muhim, chunki vaqt o'tgach kishi xohlasa ham, xohlamasa ham sabr etadi. Aqlli kishi musibatning boshida chidagan kishidir», deyishgan.
ٱلَّذِينَ إِذَآ أَصَٰبَتۡهُم مُّصِيبَةٞ قَالُوٓاْ إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّآ إِلَيۡهِ رَٰجِعُونَ١٥٦
156. ularga musibat kelganida: "Bizlar albatta Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz", deyishadi.
Oyatdagi "Bizlar albatta Allohnikimiz va albatta Unga qaytuvchimiz" ("Inna lillahi va inna ilayhi roji'un") istirjo' duosidir. Musibat yoki bir balo-ofat etganida musulmon kishi sabrli bo'lib, Janobi Haq O'zi o'rgatgan shu duoni aytishi lozim. Agar bu duodan so'ng "Allohumma ajirni fi musibati vaxluf li xayromminha" (ya'ni: "Allohim, menga musibatimda ajr ber va uning o'rniga yaxshirog'ini bergin") duosini qo'shsa, Payg'ambar alayhissalomning sunnatlariga amal qilgan bo'ladi. Rasululloh alayhissalom: "Birortangizning oyoq kiyimi ipi uzilsa ham, istirjo' aytsin", deganlar. Demak, kattayu kichik har bir ko'ngilsiz hodisada, ko'zining qorachig'i, jigarbandi bo'lmish bolasi o'lganida ham, oyoq kiyimining ipi uzilganida ham sabr kerak. Barcha payg'ambarlar o'z ummatlariga ibrat bo'lish uchun har qanday sinov-qiyinchiliklarga sabr etishgani tarixdan ma'lum. Musibatlarga sabr etish Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning ham ulug' sifatlaridan edi. Alloh taolo Qur'oni karimning ushbu oyati orqali u zotning ummatlari bo'lmish sizu biz, musulmonlarga ham sabrni buyurgan va buning natijasi yaxshilik bilan tugashi xabarini bergan. Alloh taoloning savobiga erishish uchun sabr-chidam kerak, Haq yo'lida «chiroyli sabr qilish» kerak. Ammo sabr degani jim-harakatsiz turish, degani emas, Alloh taolo aytganiday chidam bilan yurish deganidir. Shundagina Alloh taoloning haq va'dasiga erishiladi. Hadisi sharifda: «Hech kimga sabrdan ko'ra yaxshiroq va kengroq hadya berilmagan», deyiladi.
أُوْلَٰٓئِكَ عَلَيۡهِمۡ صَلَوَٰتٞ مِّن رَّبِّهِمۡ وَرَحۡمَةٞۖ وَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُهۡتَدُونَ١٥٧
157. AnashulargaParvardigorlaridanmag'firatvarahmatbor, anashularto'g'riyo'lnitopganlardir.
Musibat etganida sabr qilib, hamma narsa Allohniki va bari Alllohga qaytadi, degan e'tiqodni mahkam tutgan, uning ma'nosini o'ziga aqida qilib olgan kishiga mukofot o'laroq Allohning salovotlari, mehri, shafqati hamda rahmati va'da qilingan. Rasululloh sollallahu alayhi vasallam marhamat qilib: "Mo'minning ishi ajoyib, Alloh unga nimani qazo qilsa, faqat yaxshilikka bo'ladi. Agar unga musibat etsa, sabr qiladi. Bu o'zicha yaxshi. Agar yaxshilik etsa, shukr qiladi, bu ham o'zicha yaxshi. Bunaqa ne'mat mo'mindan o'zga hech kimga nasib etmaydi", deganlar.
#Haj_2025
Yurtimizda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar Islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etmoqdalar.
2016 yilda 5200 nafar vatandoshimiz haj amallarini ado etgan bo‘lsa, 2017 yildan bunday sharafga erishganlar soni yana ikki ming kishiga ko‘payib, 7200 nafarga yetdi. 2022 yilda 12 mingdan ziyod, 2023–2024 yillarda esa 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmon hajni ado etdi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning beshinchi ruknini ado etadilar, inshoalloh.
Bugun Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida shu yil hajga boruvchi guruh rahbarlari ishtirokida ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi bo‘limi boshlig‘i Maqsud Karimov qatnashgan yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domda Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbirda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan bu yil ellikboshi bo‘lib hajga boruvchi diniy soha xodimlari ishtirok etgan bo‘lsalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridan boruvchi guruh rahbarlari ZOOM platformasi orqali onlayn qatnashdilar.
Yig‘ilishda guruh rahbarilariga haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatilib, ularga guruhlar aniq bo‘lgach, ziyoratchilar bilan uchrashib, Islomning beshinchi rukni bo‘lgan hajga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari, ehrom bog‘lash, hajning arkonlari, shartlari, farzlari, vojib va sunnatlarini atroflicha tushuntirishlari zarurligi qayd etildi.
Alloh taolo bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada o‘tkazishni nasib etsin. Har bir ziyoratchining haji mabrur bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati