Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

O'zbekistonlik olimning maqolasi “Al-Azhar” jurnalida chop etildi

24.09.2020   2345   2 min.
O'zbekistonlik olimning maqolasi “Al-Azhar” jurnalida chop etildi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bugungi kunda xorijiy mamlakatlarning 30 dan ortiq nufuzli universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan.
 
Kelishuvlarda asosan yurtimizdan etishib chiqqan ulug' alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy-ma'naviy merosini to'plash, ularni chuqur tadqiq etish, ilmiy-amaliy konferentsiyalarda ishtirok etish, yosh olimlarning o'zaro tajriba almashinuvini yo'lga qo'yish, muassasalar nashrlarida ilmiy maqolalar bilan ishtirok etish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
 
Ana shu hamkorlik samarasi o'laroq, yaqinda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o'rinbosari Otabek Muhammadiyevning “Moturidiylik maktabi va ahli sunna ta'limotining yoyilishi” mavzusidagi ilmiy maqolasi Misrning “Al-Azhar” jurnalida chop etildi.
 
 
Mazkur jurnal islom olamida muhim o'rin tutib kelayotgan “Al-azhar” universitetining ilmiy nashri hisoblanadi.
 
Maqola Movarounnahrda moturidiylik ta'limotining shakllanish tarixiga bag'ishlangan bo'lib, unda kalom ilmining asoschisi, buyuk mutakallim Imom Abu Mansur Moturidiy hayoti va ilmiy-ma'naviy merosi, ustoz va shogirdlari, moturidiylik ta'limotiga hanafiylik mazhabining g'oya va qarashlariga tayangan holda asos solinganligi, mazkur ta'limotning Movarounnahr hududi va undan tashqarida keng yoyilishida o'zining benazir hissasini qo'shgan ajdodlarimiz hayoti va ilmiy merosi haqida so'z yuritilgan.
 
Ta'kidlash lozimki, yurtimiz yosh olimlarining xorijiy nashrlarda ilmiy maqolalar bilan ishtirok etishi xorijiy mamlakatlardagi ilm ahlini ajdodlarimizning boy ilmiy-ma'naviy merosi bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
 
O'zA
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota-onani hurmatlash odoblari

08.08.2026   11926   1 min.
Ota-onani hurmatlash odoblari

Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir.

Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq: 
 

Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).

Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws