Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

2. BAQARA SURASI, 151–153 OYaTLAR

24.09.2020   12809   6 min.
2. BAQARA SURASI, 151–153 OYaTLAR

كَمَآ أَرۡسَلۡنَا فِيكُمۡ رَسُولٗا مِّنكُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡكُمۡ ءَايَٰتِنَا وَيُزَكِّيكُمۡ وَيُعَلِّمُكُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَيُعَلِّمُكُم مَّا لَمۡ تَكُونُواْ تَعۡلَمُونَ١٥١

151. (Ey insonlar), shuningdek sizlarga o'z orangizdan oyatlarimizni tilovat qiladigan, sizlarni poklaydigan, Kitob va Hikmatdan ta'lim beradigan, bilmaganlaringizni o'rgatadigan bir Payg'ambar yubordik.

Haqiqatan Alloh O'zi yuborgan so'nggi Payg'ambari Muhammad alayhissalomni butun insoniyatni qiyomatgacha hidoyat yo'liga boshlaydigan, gunohlardan qaytarib, ma'nan poklaydigan, Qur'oni karim va dindan ta'lim beradigan, insonlarga bilmaganlarini o'rgatadigan yo'lboshchi etib tayin etdi. U zot Alloh taoloning risolatini ummatga etkazdilar, uni jaholat botqog'idan qutqarib, nurli manzillarga yo'lladilar. U zot alayhissalom risolatni etkazishda saltanatga erishishni ko'zlamadilar, katta boyliklarni qo'lga kiritishni o'ylamadilar, odamlarga yoqish yo shuhratga erishishni maqsad qilmadilar. Alloh taoloning tavhidini insoniyatga etkazishni, Yer yuzida "Laa ilaaha illalloh" kalimasi g'olib bo'lishini istadilar, xolos. Alloh taolo aytadi: "Kim Payg'ambarga itoat qilsa, Allohga itoat qilgan bo'ladi, kim yuz o'girsa, endi Biz sizni ularga soqchi qilib yubormaganmiz" (Niso, 80). "Aqidai Tahoviy"da bunday keladi: "Muhammad (alayhissalom) Allohning tanlagan quli va so'nggi Payg'ambaridir. U zotdan keyin qilingan har qanday payg'ambarlik da'vosi yolg'ondir. U zot barcha jin va odam avlodlariga yuborilgan haqiqiy payg'ambardirlar". Atoqli shayx Junayd Bag'dodiy bunday degan: "Allohning lutfisiz hech kim Unga etisha olmaydi. Allohga etishishning yo'li esa, Uning Rasuli hazrati Muhammadga tobe' bo'lishdir". Asrimizga kelib bu haqiqatni hatto musulmon bo'lmagan xalqlarning mutafakkirlari ham tan olib yozishdi. Ulug' olmon shoiri Vol'fgang Hyote: "Men dunyo tarixini o'qib shunday xulosaga keldim: dunyo podshohlari to'plagan jamiki saltanatu boyliklar, qasrlaru saroylar Muhammadning (alayhissalom) yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan", degan.

Muhammad alayhissalomga ergashgan, o'rgatganlariga amal qilgan, Payg'ambar alayhissalom yo'lini tutganlargina mo'minlikning chin saodatiga erishadilar. Ammo u zotning ta'limlarini nazarga ilmagan, islomiy bilimlarni o'rganishni istamagan, bilgan narsalariga amal qilmaganlar esa dinlaridan ajraganlari uchun aslo najot topmaydilar. Abdulqodir Jiyloniy aytadilar: "Diningizning zoye' bo'lishi to'rt narsa bilandir: birinchisi – bilgan narsangizga amal qilmasligingiz; ikkinchisi – bilmagan narsangizga amal qilishingiz; uchinchisi – bilmagan narsalaringizni o'rganmasligingiz; to'rtinchisi – insonlarni bilmagan narsalarini o'rganishlaridan to'sishingizdir" (Abdulqodir Jiyloniy. "Fathur-Robbaniy fayzur-Rohmaniy", 36-bet).

فَٱذۡكُرُونِيٓ أَذۡكُرۡكُمۡ وَٱشۡكُرُواْ لِي وَلَا تَكۡفُرُونِ١٥٢

152. Bas, Meni yod qilinglar va Men ham sizlarni yod qilurman, Menga shukr qilinglar va kufr keltirmanglar!

Qalb ham xuddi temir kabi zanglaydi, uning zangini Allohni zikr etish, yodlashgina ketkazadi. Alloh taoloning nomini tilga olib yodlash, maqtash, eslash, so'zlash «zikr» deb ataladi. Zikr ham ibodatning bir turi, bandani o'z Parvardigoriga yaqinlashtiruvchi vositadir. Tasavvufda zikr til, ko'ngil va ruh bilan bajariladi. Zikr ikki xil: oshkor va maxfiy bo'ladi. So'fiylarning shu ma'nodagi majlisi «zikr majlisi» deyiladi. «Zikrulloh» Allohni yodga olib maqtash, Uning nomini zikr etishdir. Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Parvardigorini yod qiluvchi bilan Parvardigorini yodlamaydigan kimsa misoli o'lik bilan tirik kabidir", deganlar" (Buxoriy rivoyati). Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: "Har bir narsaning yarqiratadigan jilosi bor, qalblar jilosi Allohni yodlashdir". Allohni yodlash duodan afzaldir. Hadisi qudsiyda kelishicha, "Kimni Meni yodlashi Mendan biror narsa so'rashidan to'sib qo'ysa, Men unga so'rovchilarga ato qilganimdan ko'ra yaxshiroq narsalarni ato qilaman". Allohni yodlash Alloh azobidan qutqaruvchi najot ko'prigidir, qalbga hayot va ruh bag'ishlovchi muhim omildir, tavbaga etaklab, ma'rifat eshiklarini ochuvchidir. Allohni yodlash ushbu oyati karimada zikr qilinganiday, U Zotning ham bandalarini yodlashiga sabab bo'ladi. Duo ijobat bo'lishining sabablaridan biri duoni hamdu sano bilan, Parvardigorni ulug'lash bilan boshlashdir. Bandaning vazifasi Allohni yodlash bilangina cheklanmaydi, u Parvardigori bergan ne'matlari uchun hamisha shukr qilishi, U zotga boshqalarni sherik qilmasligi, Alloh azza va jallaga kufr keltirmasligi lozim. Shundagina u chin mo'min bo'la oladi.

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱسۡتَعِينُواْ بِٱلصَّبۡرِ وَٱلصَّلَوٰةِۚ إِنَّ ٱللَّهَ مَعَ ٱلصَّٰبِرِينَ١٥٣

153. Ey imon keltirganlar, sabr va namoz orqali madad so'ranglar. Alloh albatta sabr qiluvchilar bilandir.

Bu o'rinda "sabr" deganda ro'za tutish nazarda tutilgan. Darhaqiqat, inson ojiz mavjudot, Alloh taoloning juda ko'p imtihon-sinovlariga dosh berolmay, oh-voy qiladi. Alloh azza va jalla ta'lim beryaptiki, boshingizga bir musibat, mashaqqat yoki balo kelsa, sabr va namoz yordamida Parvardigoringizdan yordam so'ranglar. Chunki Alloh taolo sabr qiluvchilarni nihoyatda yaxshi ko'radi, hamisha sobirlar bilan birgadir. Inson musibatda, qiyinchilikda, ofat-balolarga duch kelganda fikr bilan ish tutsa, sabr qilsa, hamma narsa Alloh irodasiga bog'liqligini, o'zi esa Yaratganning cheksiz karami va fazlidan bahramandligini anglab etadi. Yuqoridagi oyatning o'zi ulug' saodat, u sabrga ulkan mukofotlar borligi xabarini beryapti. Ro'za va namoz bandaning ikki dunyosiga tatiydigan ikki ulug' ibodatdir.

Sabr-matonat va bardosh mo'minlarning eng yaxshi sifati, ularning sha'nini ulug'lovchi go'zal fazilatlaridandir. Shuning uchun ham Alloh taolo bandalarini boshlariga biror musibat, balo yoki mashaqqat kelganida faqat sabr qilishga buyuradi. Qur'oni karimning yuzga yaqin oyati karimalarida mo'min-musulmonlar sabr, chidam va bardoshga chaqiriladi va Alloh taolo sabr qiluvchilarni sevishi va ular bilan doimo birgaligi xabari beriladi. Payg'ambar alayhissalomning qachon boshlariga qiyin ish tushsa, namoz o'qishga shoshilar edilar, chunki namoz sabrga bitmas-tuganmas sabr qo'shuvchi sokinlik va xotirjamlik manbaidir. Sabr insonni oqibat cheksiz-hisobsiz zafarlarga, muvaffaqiyatlarga etishtiradi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   5377   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari