ٱلَّذِينَ ءَاتَيۡنَٰهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ يَعۡرِفُونَهُۥ كَمَا يَعۡرِفُونَ أَبۡنَآءَهُمۡۖ وَإِنَّ فَرِيقٗا مِّنۡهُمۡ لَيَكۡتُمُونَ ٱلۡحَقَّ وَهُمۡ يَعۡلَمُونَ١٤٦
146. Biz Kitob berganlar uni xuddi bolalarini tanigandek tanishadi va ulardan bir guruhi bilaturib haqiqatni yashiradi.
Ahli kitoblar, ya'ni yahudiylar va nasroniylar oxirzamon Payg'ambarini xuddi o'z bolalarini tanigandek yaxshi tanishadi. Chunki ularning kitoblarida kelajakda Ahmad ismli oxirzamon Payg'ambarining chiqishi, er yuzidagi barcha insonlar u olib keladigan shariatga bo'ysunishlari lozimligi haqida xabar bor edi. Ammo ulardan bir guruhi haqiqatni bilsa ham, hasad va kibr tufayli buni yashirdi. Yuz yillar oldinroq katolik ruhoniyi, qadimgi yahudiy tili ivritni, oromiy tilini, qadimgi yunon va lotin tillarini bilgan Benjamin David Keldani Kitob (Injil, Tavrot, Zabur)dan ushbu matnlarni o'qib, o'rganib Abdul-Ahad Dovud ismi bilan Islomni qabul qildi. Uning bu boradagi tadqiqotlari "Injilda Muhammad" nomli kitobda nashr etilgan.
Payg'ambar alayhissalomning o'zlari bir hadislarida shunday marhamat qilganlar: “Faxr emas-ku, men Allohning Habibiman! Faxr emas-ku, men qiyomat kuni hamd bayrog'ini ko'taruvchiman! Men birinchi shafoat so'rovchiman! Faxr emas-ku, men qiyomat kuni birinchi shafoat qilinuvchiman! Faxr emas-ku, men jannatning halqalarini birinchi harakatga soluvchiman. Alloh mening uchun uni ochur hamda meni va men bilan ummatimning faqirlarini unga kiritur. Faxr emas-ku, men avvalgilaru oxirgilarning eng mukarramiman!».
ٱلۡحَقُّ مِن رَّبِّكَ فَلَا تَكُونَنَّ مِنَ ٱلۡمُمۡتَرِينَ١٤٧
147. Bu haqiqat Parvardigoringizdandir, aslo shubha qiluvchilardan bo'lmang.
Butun insoniyatni qiyomatgacha Allohning dini bilan oshno qiluvchi, oxiratdagi jannatiy hayot, imon va solih amallar evaziga berilajak mukofotlar haqida xushxabar etkazuvchi, shirk va kufr uchun abadiy og'ir qiynoqlar to'g'risida ogohlantiruvchi so'nggi Payg'ambar kelishi haqiqati Parvardigoringiz huzuridandir. Ey insonlar, bu haqiqat borasida aslo shubha-gumonlarga bormanglar, ularga imon keltiring, shunda najot topasizlar.
Bu haqiqatni bugungi kunda nafaqat musulmonlar, balki sog'orm fikrli g'arb mutafakkirlari ham tan olib yozishmoqda. Ingliz olimlaridan biri Tomas Karlayl shunday deydi: “Muhammad alayhissalom butun hayoti davomida o'z yo'lida sobit turgan va bu yo'lni qat'iy va vijdonan himoya qilgan. U zot chinakam olijanob, mehribon, solih va taqvodor inson bo'lgan. U zot bir olam fazilatlar sohibi edi, u erkin edi, u chinakam, tom ma'nodagi erkak edi, samimiy, kuchli, qat'iyatli va ayni paytda xushmuomala, yumshoq tabiatli inson edi. U zot odamlarni ochiq yuz bilan, ochiq ko'ngil bilan kutib olar edi. U zot odamlarga doim yaxshi muomala qilar, yoqimli suhbatdosh edi. U zot ba'zan hazil-mutoyiba ham qilar, shunda yuzi sof yurakdan chiqqan nurli tabassum-la yorishar edi. Vaholanki ba'zi odamlar borki, ularning kulgisi so'zlari va amallari kabi yolg'on va soxta bo'ladi... U zot odil, ezgu niyatli, hassos, topqir edi. Uning yuragi qo'rquv bilmas edi. U zot go'yo nurga yo'g'rilgan ediki, eng zim-ziyo zulmatda ham oldida yo'lini yoritib turuvchi mash'al bordek edi. U zot tabiatan ulug'vor inson edi. Akademiyalarda tahsil olmagan, ustozlar qo'lida o'qimagan edi, biroq u zot bunga muhtoj ham emas edi”.
وَلِكُلّٖ وِجۡهَةٌ هُوَ مُوَلِّيهَاۖ فَٱسۡتَبِقُواْ ٱلۡخَيۡرَٰتِۚ أَيۡنَ مَا تَكُونُواْ يَأۡتِ بِكُمُ ٱللَّهُ جَمِيعًاۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ١٤٨
148. Harkimningo'zyuzlanadigantarafibor, shundaybo'lgach, sizlaryaxshiliklargashoshilinglar! Qayerdabo'lsangizlarhamAllohhammangiznijamlaydi, Allohalbattaharnarsagaqodirdir.
Insondan faqat qilgan yaxshiliklari, solih amallari, yaxshi nomi qoladi. Shuning uchun qayerda bo'lsangizlar ham, qay yo'sinda bo'lsa ham Alloh taolo faqat yaxshilik qilishga buyurmoqda. Inson qilgan yaxshiliklari bilan Alloh taolo roziligini topadi. Yaxshilik qilishning o'zi uyoqda qolib, yaxshilikka yo'llab qo'yganlar ham ajr-savobga erishishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yaxshilikka yo'llovchi kishi yaxshilik qilgan qatoridadir", deganlar (Buxoriy rivoyati). Yaxshilikning katta-kichigi bo'lmaydi. Hadisda kelishicha: "Bir kishi yo'lda yotgan daraxt shoxchasi oldidan o'tayotib, "Allohga qasam,buni insonlar yo'lidan olib tashlayman, ularga ozor bermasin" deganidan jannatga kiritildi" (Buxoriy rivoyati). Yaxshilik qilasizmi yoki yomonlik, qayerda bo'lishlaringizdan qat'i nazar, Alloh taolo qiyomatda barchani O'z huzurida jamlaydi, qilgan barcha amallaringizdan hisobga tortilasiz. Alloh taolo har bir narsaga qodirdir. Alloh taoloning bunday va'dasi bor: "O'zingizga qanday yaxshilikni tayyorlagan bo'lsangiz, Alloh huzurida undan yaxshirog'ini va ulkan mukofotni topasizlar. Allohdan kechirishini so'ranglar, Alloh haqiqatan kechiruvchi va rahmlidir" (Muzzammil, 20).
وَمِنۡ حَيۡثُ خَرَجۡتَ فَوَلِّ وَجۡهَكَ شَطۡرَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِۖ وَإِنَّهُۥ لَلۡحَقُّ مِن رَّبِّكَۗ وَمَا ٱللَّهُ بِغَٰفِلٍ عَمَّا تَعۡمَلُونَ١٤٩
149. (Ey Muhammad), qaysi tarafdan chiqsangiz ham, yuzingizni Masjidul Haromga o'giring. Bu Parvardigoringiz tarafidan bo'lgan haqiqatdir va Alloh qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir.
Bundan o'n besh asr oldin Arab jazirasidagi ilk musulmonlarga qaratilgan "Yuzingizni Masjidul-Haromga o'giring" degan ilohiy xitobni hozirgacha butun dunyo musulmonlari aslo og'ishmay bajarib kelishyapti. Ular dunyoning qay burchida bo'lishmasin, qanday holatda bo'lishmasin, qay maqsadda safarga yoki yo'lga chiqishmasin, har namozlarida Allohning Bayti joylashgan Masjidul-Harom tomonga yuzlanadilar. Bu bilan ular buyuk Parvardigorlarining amrini bajarish orqali Unga qurbat hosil qilishni istaganlaridandir.
Musulmonlar namoz o'qishda yuzlanib turadigan tomon «qibla» deyiladi. Qibla Saudiya Arabistonining Makka shahridagi Masjidul-Haromdagi Ka'ba o'rnashgan joydir. Ka'ba va u joylashgan masjid Masjidul-Harom, ya'ni urush janjal, fisq ishlar harom qilingan makon, deyiladi. Uni «Baytulloh» va «Baytul-atiq» degan nomlari ham bor. Islomning ilk davrida musulmonlar Quddusi sharifdagi Masjidul-Aqso tarafga qarab namoz o'qishardi. Keyinchalik Qur'oni karim hukmi bilan Ka'ba tarafga yuzlanib o'qishga amr bo'ldi. Namozxon yuzini qiblaga qaratib turadi. Kasalligi yoki biror xavf-xatar sababli qiblaga yuzlana olmagan kishi imkoni bor tomonga qarab namozini o'qiydi.
Qibla qaysi tomon ekani bilinmasa yoki so'rash imkoni bo'lmasa, atrof muhitga qarab qiblani aniqlashga harakat qilinadi va dili tortgan tomon qibla, deb jazm qilib o'qiladi. Keyin qibla tomonning noto'g'riligi bilinsa ham, namozini qayta o'qimaydi. Bizning diyor O'zbekistonga nisbatan qibla janubi-g'arb tomonda bo'lib, kompas mili g'arb nuqtasidan 14 gradus chap tomonga qaytishi kerak. Namoz o'quvchi qibla qaysi tomon ekanini bilmaganida uni aniqlashga harakat qilmay biror tarafga qarab namoz o'qisa va u tomon qibla bo'lsa ham qiblani aniqlashga harakat qilmagani uchun namozini qayta o'qiydi. Qibla qaysi tomon ekanini aniqlashga harakat qilib bir to'xtamga kelgach, namozni boshlagan kishi namoz paytida qibla to'g'risidagi ahdi o'zgarib qolsa, qibla deb o'ylagan tomoniga burilib namozini davom ettiraveradi. Namoz o'quvchi imomga iqtido qilgan paytda undan oldinga o'tib ketsa yoki qibladan boshqa tomonga qarab namoz o'qisa, namozi fosid (yaroqsiz) bo'ladi. Qiblaga qarab oyoq uzatib o'tirish va yotish, hojat ushatish, tupurish qattiq odobsizlik sanaladi.
وَمِنۡ حَيۡثُ خَرَجۡتَ فَوَلِّ وَجۡهَكَ شَطۡرَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِۚ وَحَيۡثُ مَا كُنتُمۡ فَوَلُّواْ وُجُوهَكُمۡ شَطۡرَهُۥ لِئَلَّا يَكُونَ لِلنَّاسِ عَلَيۡكُمۡ حُجَّةٌ إِلَّا ٱلَّذِينَ ظَلَمُواْ مِنۡهُمۡ فَلَا تَخۡشَوۡهُمۡ وَٱخۡشَوۡنِي وَلِأُتِمَّ نِعۡمَتِي عَلَيۡكُمۡ وَلَعَلَّكُمۡ تَهۡتَدُونَ١٥٠
150. Qay tarafdan chiqsangiz ham yuzingizni Masjidul-Haromga o'giring. (Ey mo'minlar), qayerda bo'lsangizlar ham yuzingizni u tarafga buringlar, toki noinsof odamlarda sizga qarshi hujjat bo'lmasin. Ularning zolimlari ham borki, ulardan qo'rqmanglar, ne'matimni to'kis qilib berishim va to'g'ri yo'lda bo'lishinglar uchun Mendangina qo'rqinglar.
Ya'ni, yahudiylar: "Payg'ambar o'zi boshqa dinda bo'laturib qiblamizga – Quddusga qarab ibodat qiladi" yoki butparast arablar: "U Ibrohimning dinidaman deb da'vo qiladiyu ammo o'zi yahudiylar qiblasiga yuzlanadi" deb musulmonlarga qarshi dalil-hujjat topmasliklari uchun qayerda bo'lsangiz ham Masjidul Haromga yuzlaninglar, deyilmoqda.
Ushbu oyati karima orqali Alloh taolo insonlarni zolim, dasti uzun kimsalardan emas, faqat Parvardigorlaridan qo'rqishga buyurmoqda. Inson bolasining tabiatida qo'rqoqlik bor, yangi tug'ilgan chaqaloqdan tortib qartaygan qariyagacha nimadandir qo'rqadi. Bu qo'rquv esa insonni mashaqqatlarga, turli gunohlarga, insofga xilof ish tutishga ro'para qiladi. Tubanlikka etaklovchi tabiiy qo'rquvdan qutulishning birdan-bir yo'li barcha maxluqotlarning yagona yaratuvchisi, ishlar va holatlar sabablarining musabbibi Alloh taoloning O'zidan qo'rqishdir. Hadisi qudsiyda bunday rivoyat qilinadi: "Alloh azza va jalla deydi: "Izzatim va buyukligimga qasamki, ikki qo'rquv va ikki xotirjamlikni bandamda jam qilmayman. Kim dunyoda Mendan qo'rqsa, oxiratda uni xotirjam qilaman. Kim dunyoda xotirjam bo'lsa, qiyomatda uni qo'rqitaman" (Abu Na'im rivoyati). Payg'ambar alayhissalom bunday deganlar: "Alloh azza va jallaning azamati, haybati va kibriyosidan hamisha xavf va qo'rquvda bo'lish barcha hikmatlarning boshidir" (Termiziy rivoyati).
Ko‘pincha dengiz sathi tashqaridan qaragan kishiga go‘yoki ipakdan to‘qilgan mayin gilamni to‘shab qo‘ygandek, tinch va sokin ko‘rinadi...
Lekin o‘sha tinch va sokindek ko‘rinayotgan aldamchi manzara ostida tinimsiz kurash, hayot va mamot to‘qnashuvlari, halokatli nidolar yashirinib yotadi. Dengiz qa’rida kitlar, akulalar, ilonlar va suvsarlar suzib yuradi, bir-birlarini o‘ljaga aylantirish maqsadida tinimsiz ta’qib qiladilar.
Xuddi shu kabi sizning yuzingiz ham oyna qarshisida tinch, mehrli va musaffo ko‘rinadi. Ammo tanangizni ichida esa, xujayralar g‘alayon qiladi, nafs xohishlari alanga oladi, g‘arizalar avj oladi va adovatlar olovlanadi.
Agar siz dengizdagi o‘sha maxluqlar jang qilayotgan chegaralardan o‘tib, dengizning ulardanda qa’riga yetib borsangiz, u yerda sukunat hukmron ekanligini, sadaflar, marvaridlar va marjonlar yashayotganini ko‘rasiz.
Xuddi shuningdek, tanangizda ham agar nafsoniy hirslar hukmronlik qilayotgan chegaradan o‘tib olib, ruhiyat hududiga yetib borsangiz, u yerda sakinat topasiz, hikmat ziyosining nuridan bahra olasiz, Parvardigorning huzuridan oqib chiqayotgan muhabbat bulog‘idan qonasiz.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV