Joylashuvi. Argentina Janubiy Amerikada joylashgan bo'lib, g'arbda Chili, shimolda Boliviya va Paragvay, shimoli-sharqda Braziliya hamda Urugvay bilan chegaradosh. Mamlakat sharq tomondan Atlantika okeaniga tutashgan. Hududining kattaligiga ko'ra dunyoda sakkizinchi, Janubiy Amerikada Braziliyadan keyin ikkinchi, aholisi soni bo'yicha uchinchi o'rinda turadi.
Tarixi. Qadim zamonlarda Argentina hududida ko'p sonli hindu qabilalari istiqomat qilgan. XVI asrning birinchi yarmida uning hududi ispanlar tomonidan bosib olina boshlandi. Ispanlar bu mamlakatni La-Plata (ispancha kumush) deb ataganlar. Mustamlakachilarga qarshi hindu qabilalari bir necha marta isyon ko'tardi. 1816 yilda viloyat vakillarining Tukuman shahridagi yig'ilishida La-Plata Birlashgan viloyatlari mustaqil deb e'lon qilindi. 1826 yilda Argentina Federativ Respublikasi tuzildi.
Iqtisodi. Argentina rivojlanish darajasi o'rtacha, industrial-agrar davlatdir. Qishloq xo'jaligida asosan bug'doy ekiladi. Baliqchilik ham katta ahamiyat kasb etadi. Mamlakat go'sht etishtirish va eksport qilish hamda asal va asal mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida dunyoda oldingi o'rinlardan birida turadi. Shuningdek, elektron va elektrotexnika buyumlar ishlab chiqariladi. Yog'ochni qayta ishlash va qog'oz ishlab chiqarish tarmog'i ham rivojlangan.
Ta'lim va madaniyat. Mamlakatda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan bolalarning majburiy ta'limi joriy etilgan. Shuningdek, dalat ta'lim muassasalaridan tashqari xususiy maktablar ham faoliyat yuritadi. Buenos-Ayres, Kordova, La-Plata, Santa-fe va boshqa shaharlarda yirik universitetlar bor. Davlat poytaxtida Milliy kutubxona, tabiiy fanlar, Antarktika, tarix va rassomlik va boshqa muzeylar mavjud.
Dini. Mamlakatning 85 foizidan ortig'i oq tanlilar irqiga mansub. Hindular aholining 1,5 foizini tashkil etadi, qolgan qismi esa asosan metislar, mulat va osiyoliklardir. Mamlakatdagi dindorlarning aksariyati – nasroniylardir. Biroq, Argentina Janubiy Amerikadagi musulmonlar istiqomat qiladigan eng yirik davlatlardan biri hisoblanadi. “Pyu tadqiqod markazi” (Rew Research Centre)ning 2010 yilgi ma'lumotiga ko'ra, Argentina musulmonlarining soni taxminan jami aholining 2-3 foizi (900,000-1,000,000 atrofida)ni tashkil etadi. Ulardan 60 foizi sunniy, 30 foizi shia va 10 foizi alaviy (Shia yo'nalishi).
“Globalizatsiya va e'tiqod qarashlari” (Views on globalisation and faith) tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra, musulmonlar 2-3 foiz, nasroniylar 67 foiz, yahudiylar 1 foiz, buddistlar 1 foiz, dinsizlar 15 foiz, boshqa dindagilar 7 foiz va ro'yxatga olinmaganlar 9 foizni tashkil etadi.
Argentina Ispanlar tomonidan mustamlaka qilingan paytda mavritaniyalik, marokashlik hamda turk musulmonlarning ko'chib kelishi natijasida mamlakatda Islom diniga e'tiqod qiluvchilarning soni ko'payib bordi. 1870 yillar atrofida Suriya, Livan va Falastindan kelgan musulmonlarning hisobiga Islom diniga e'tiqod qiluvchilar soni yanada ortdi. Argentinalik aksariyat musulmonlar Buenos-Ayres va unga yaqin shaharchalarda (Villa, Konstitutsion, Flores, Skalabrizi Ortiz va Kordova singari shaharlar) istiqomat qiladi. Argentina hukumatida diniy e'tiqod erkinligi ta'minlangan. Har yili bir necha turda ispan tilida Islom diniga oid kitoblar nashr etiladi. Yil sayin mamlakatdan Haj safariga boruvchilarning soni ortib bormoqda.
Argentina poytaxti Buenos-Ayres markazidagi Alberti ko'chasida joylashgan masjid mamlakatdagi eng yirik masjid hisoblanadi. U mahalliy argentinalik musulmonlar tomonidan 1989 yilda barpo qilingan ilk masjidlardan biridir. Shuningdek, boshqa shahar va tumanlarda ham bir qancha masjidlar mavjud, ulardan eng ko'zga ko'ringani uch chegaradosh davlat timsoli, ya'ni Argentina, Braziliya va Paragvayni aks ettiruvchi “Uch chegara” masjididir.
Poytaxtdagi “Shi'ite al-tavhid” masjidi 1983 yili Argentinadagi Eron elchixonasi hamkorligida barpo etilgan. “Al-Ahmad” masjidi esa 1986 yili Saudiya Arabistoni va Liviya tomonidan qurilgan. Masjidlar huzurida xususiy maktablar va oliygohlar ham faoliyat yuritadi.
1996 yil Saudiya qiroli Fahd bin Abdulaziz Sa'ud tashabbusi bilan “Qirol Fahd Islom madaniyat markazi” ochilgan. Markaz masjid, kutubxona, o'ttiztadan sinfxonasi bor ikkita o'rta ta'lim maktabi (biri yigitlarga, ikkinchisi qizlar uchun) va istirohat bog'ini o'z ichiga oladi. Markaz huzuridagi masjid Saudiya Arabistonining Vaqf va diniy ishlar vazirligi tomonidan boshqariladi. Masjidda 1,5 ming namozxon ibodat qila oladi. Bundan tashqari, mamlakatda shu kabi to'qqizta Islom markazlari faoliyat yuritadi.
Lotin Amerikasining Islom Tashkiloti (Islamic Organization of Latin America) (IOLA)ning boshqaruv organi ham Argentinada joylashgan.
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, 4 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Xaymid janoblarini qabul qildilar.
Muloqot avvalida Muftiy hazratlari elchi janoblarining yurtimizdagi sharafli va mas’uliyatli diplomatik faoliyatiga muvaffaqiyat tiladilar. Suhbatda ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari va do‘stona munosabatlari natijasida ilmiy-tadqiqot, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan haftada Prezidentimiz tomonidan elchining ishonch yorlig‘ini qabul qilish chog‘ida Saudiya Arabistoni bilan o‘rnatilgan aloqalar va ziyoratchilarga yaratilayotgan sharoitlar yuqori baholangani alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv chog‘ida diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi hamkorlikning yorqin namunalari qayd etildi. Yaqinda yurtimizda o‘tkazilgan xalqaro forumga Masjid al-Harom imomi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd va Islom olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari Abdurahmon Zaydning tashrifi, shuningdek, Toshkent islom instituti ustozlarining Makka va Madina shaharlarida malaka oshirib qaytgani mamnuniyat bilan tilga olindi. Shu bilan birga, kelgusida saudiyalik taniqli ulamolarning ham tashriflarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yuqori saviyaga olib chiqish borasidagi maqsadlar mushtarak ekani bildirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan xayriya aloqalar e’tirof etilib, madaniy-ma’rifiy, ilm-fan, o‘zaro tajriba almashish yo‘nalishlaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va muhokama qilingan dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda sa’y-harakat qilishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati