Joylashuvi. Afrikaning shimoli-g'arbida joylashgan. Jazoir, Mali, G'arbiy Sahroi Kabir va Senegal bilan chegaradosh. G'arbiy qirg'oqlarini Atlantika okeani yuvib turadi. Mamlakatning ko'p qismi g'arbiy Sahroi Kabirning qumli va toshloq cho'llari, Atlantika okeaniga tutash sohil pasttekislikdan iborat. Ma'muriy jihatdan mamlakat 12 viloyatga bo'linadi.
Tarixi. V–XI asrlarda Mavritaniyaning janubiy qismi G'arbiy Afrika davlatlari tarkibida bo'lgan. XIII–XIV asrlarda janubiy qismi Mali davlatiga qo'shilgandan keyin arablar hukmronligi kuchaydi.
1783 yilga kelib, Mavritaniya sohillari Frantsiyaga tobe bo'lib qoldi. 1920 yil mamlakat rasmiy ravishda Frantsiya mustamlakasi deb e'lon qilindi. 1960 yil 28 noyabrda Nuakshotda mustaqil Mavritaniya Islom Respublikasi tuzilgani e'lon qilindi. 1961 yil mayda davlat Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1961 yil noyabrdan BMT a'zosi. Mustaqillik kuni (28 noyabr') milliy bayram sifatida keng nishonlanadi.
Mamlakat tub aholisining 80 foizdan ko'prog'ini mavrlar tashkil etadi. Ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va u zotning sahobalari so'zlashgan sof adabiy arab tilida so'zlashadi. Barbarzenagalar, fulbe, volof, tukuler, soninke va boshqa xalqlar ham yashaydi. Aholining 62 foiziga yaqini shaharlarda istiqomat qiladi.
Iqtisodi. Mavritaniya kam rivojlangan agrar davlat bo'lib, tog'-kon sanoati yaxshi rivojlangan. Sanoatning asosi – temir rudasi, oltin, mis va gips qazib olishdir. Sanoat korxonalarining aksariyati Nuakshot shahrida joylashgan. Hududining 40 foizi yaylovlardir. Tariq, makkajo'xori, dukkaklilar, sholi, eryong'oq, xurmo asosiy oziq-ovqat ekinlari hisoblanadi. Mamlakatda baliqchilik muhim ahamiyatga ega.
Tez-tez bo'lib turadigan qurg'oqchilik qishloq xo'jaligiga katta zarar etkazadi. Shu bois, qishloq xo'jaligi ancha zaif. Uning asosiy tarmog'ini ko'chmanchi va yarim ko'chmanchi chorvachilik tashkil etadi. Qoramol, tuya, qo'y, echki, eshak, ot boqiladi. Baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Senegal daryosi bo'yida va vohalardagina dehqonchilik qilinadi. Chetga temir rudasi, oltin, gips, baliq va baliq mahsulotlari, chorva, teri kabilar chiqariladi.
Ta'lim va madaniyat. Majburiy boshlang'ich ta'lim joriy qilingan bo'lsa-da, yoshlarning oz qismi maktabga qatnaydi. Mamlakatda 1214 dan ortiq boshlang'ich va 51 ta o'rta maktab faoliyat yuritadi. Ta'lim ikki bosqichdan, boshlang'ich (6 yil) va o'rta maktab (6 yil)dan iborat. Boshlang'ich maktablarda darc arab tilida, o'rta va oliy maktablarda esa frantsuz tilida olib boriladi. Boshlang'ich maktablarda frantsuz tili ham o'rgatiladi. Nuakshotda Milliy universitet, Pedagogika instituti, Konchilik instituti, Butilimit shahrida Oliy Islom tadqiqot instituti bor. Yoshlarning aksariyati Frantsiya, Senegal va boshqa mamlakatlarning universitetlariga borib o'qiydi.
An'anaviy hunarmandchilikka katta e'tibor beriladi, uni rivojlantirish rag'batlantiriladi. Metall, sopol, charm, yog'och kabilardan buyumlar yasash amaliy bezak san'ati sifatida o'ziga xos uslubda rivojlangan. Zargarlik va kulolchilik ham ravnaq topgan.
Milodiy VII–XI asrlarda savdo yo'llarida, quduqlar atrofida bog'lar, tosh uylar qad ko'tara boshlagan. XI–XII asrlardan esa to'g'ri burchakli, yassi tomli, ichki hovlili uylar barpo etilgan.
Dini. Mavritaniyada Islom dini rasmiy din sifatida qabul qilingan. 0,1 foiz aholi turli mahalliy dinlarga e'tiqod qiladi. XVI–XVII asrlarda nasroniylikning katolik yo'nalishi ham tarqala boshlagan. Lekin mamlakatda sanoqli kishigina ushbu din vakili hisoblanadi.
Mamlakatga VIII asr boshlaridan Islom dini kirib kela boshlagan. Aholining 99,6 foizi musulmon. Molikiy mazhabi keng tarqalgan. 1980 yil hukumat tomonidan shariat ko'rsatmalari davlat qonuni sifatida qabul qilingan. Shu bois, mamlakat sud-huquq tizimi Islom shariati asosida tartibga solinadi. Mavritaniyada sakkiz mingga yaqin masjid mavjud bo'lib, ulardan eng qadimiysi XIII–XIV asrlarda barpo etilgan “Shingetti” jome masjididir. Masjid va uning minorasi Mavritaniya davlatining milliy ramzi sanaladi. Masjid 1970 yili YuNYeSKOning hamkorligida qayta ta'mirlangan va 1996 yil Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Nuakshot shahrining janubi-g'arbiy qismidagi “Kabir” jomei mamlakatning eng yirik masjidi hisoblanadi.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasida aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bevosita hamda masofaviy tarzda ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning murojaatlariga yuksak hurmat bilan qarash va ularning dardiga oqilona yechim topish har bir rahbar hamda xodimning nafaqat vazifasi, balki oliy insoniy burchi ekanini alohida ta’kidladi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining mas’ul vakillari – Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish sho‘basi bosh inspektori Saidakmal Xodjayev hamda sho‘ba yetakchi inspektori Rashid Kurganov ishtirok etib, tizimdagi holatni qonunchilik talablari asosida atroflicha tahlil qilib berdilar.
Soha mas’ul mutaxassislari tomonidan ayni yo‘nalishdagi Prezident Farmoni ijrosi doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va tezkorlikni ta’minlash, jarayon shaffofligini oshirish hamda murojaatlarni nazoratdan olishning mexanizmlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir tizim xodimlarining murojaatlar bilan ishlash madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Amaliy tahlillarga boy bo‘lgan ushbu seminar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish hamda xalqimizning diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tizimli qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati