Alloh taoloning taqiq va amrlarini tan olmaydigan, Unga itoat etmaydigan, azobidan qo'rqmaydigan kimsalar bilan do'st bo'lish nafsning dahshatli kasalligidir.
Muolaja uslubi
Nafsning bu kasalligidan qutilish uchun fojir “do'st”lardan aloqani uzish, ulardan uzoq bo'lish hamda so'zi va amali orqali Alloh taoloning rizoligiga intiladigan solih insonlar bilan do'stlashish lozim. Chunki meva-mevadan rang olganidek, inson do'stidan odob yoki yomon xulqlarni o'rganadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki o'zini biror qavmga o'xshatsa, bas, u o'sha qavmdandir”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud, Imom Tabaroniy rivoyati).
Donishmandlardan biri: “Fosiqlar bilan do'st bo'lish solihlarga yomon munosabatda bo'lishga olib keladi”, degan.
Yana bir olim bunday ogohlantirgan edi: “Kimning qalbida Allohning yaqin bandalariga dushmanlik hissi paydo bo'lsa, uning qalbi Allohdan uzoqlashadi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi va yomon do'stning misolini go'zal tarzda tavsiflaganlar: “Yaxshi suhbatdosh va yomon hamsuhbatning misoli mushk (xushbo'y narsa) sotuvchi va temirchining qo'rasini puflovchi bosqonga o'xshashdir. Bas, mushk sotuvchi yo senga mushk hadya qiladi, yo sotib olasan, modomiki, olmaganingda ham undan yoqimli hid qoladi. Temirchining bosqonidan esa yo kiyiming kuyadi yoki yoqimsiz hid qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Imom Navaviy rahimahulloh “Sharhu Sahihi Muslim” asarida ushbu hadisning sharhida bunday deydilar: “Bu hadisda solih va yaxshi amallarni qiladigan odamlar, go'zal axloq egalari bilan birga o'tirishga targ'ib, fosiq va boshqa badxulq ishlar bilan shug'ullanadigan odamlar bilan suhbatdosh bo'lishdan uzoq bo'lish bayon qilingan”.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi do'st tanlashga targ'ib qilib, yomon do'stdan ogohlantirganlar: “Kishi do'stining dinidadir, shunday ekan, bas, sizlar kimni do'st tutganingizga qaranglar”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytdilar: “So'zi sizni to'g'ri yo'lga dalolat qilmaydigan, amali esa Alloh taolo tomon yo'naltirmaydigan kishi bilan do'st bo'lmang!”.
Alloh taolo Qiyomat kuni yomon do'st tanlaganlarning pushaymon bo'lishlarining xabarini bergan: «U Kunda zolim ikki qo'lini tishlab: “Eh, qani edi Rasul bilan bir yo'lni tutgan bo'lsam!” – der. “Evoh! Qani edi, falonchini do'st tutmagan bo'lsam”, – der»(Furqon surasi, 27−29-oyatlar).
Qiyomat kuni Allohning yo'lidan to'sadiganlarni do'st tutganlar pushaymon bo'lib: “Koshki edi, dunyo hayotida solihlar bilan do'st bo'lsaydim deydi”.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati