Islomning eng muhim jihati e'tiqoddir. Qusurlar, gunohlar afv etilishi mumkin. Allohning avf etish xislati bor. U kechirimlidir. Uning mag'firati bor, rahmati bor, gunohlar tavba ila yuvilishi mumkin. Muhim bo'lgani e'tiqoddir. Bu ilmiy tamaldir, haqiqatni to'g'ri anglashdir. Bu haqiqat to'g'ri anglashilganda Alloh o'tgan nuqsonlarni mag'firat qiladi.
إِنَّ اللّهَ لاَ يَغْفِرُ أَن يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَذَلِكَ لِمَن يَشَاء
«Albatta Alloh O'ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O'zi xohlagan bandalari uchun kechirur» (Niso, 48).
Alloh faqat bu haqiqatni tushunmaganlarni kechirmas. Bu ilmiy haqiqatni fahmlamaganlarni afv etmas, qolganlarini kechirar. Aytgan nojo'ya so'zlarini kechirishi mumkin. Muhimi ishonch-e'tiqoddir. Demak, avvalo biz bu ilmiy haqiqatning mohiyatini chuqur anglab olishimiz kerak.
Kufr – kechirilmas bir gunoh. Shirk kechirilmas bir gunoh. Kufr tamoman inkor qilmoqdir. Shirk botil e'tiqod yoki sherik qilmoq. Shirk tamoman inkor etish bo'lmasa-da, unda bir ishonch bor. Ana shu ishonch botil, behuda, qiymatsiz, yaramas, kechirilmasdir...
Insoniyat Allohni to'g'ri tanishga majbur. Yo to'g'ri taniydi, yo tanimasa kechirilmas. Insonning eng ulug' vazifasi yaratganni to'g'ri tanishdir.
Inson har kun unga rizq bergan, sog'liq va aql bergan turli-tuman tuganmas ne'matlar bergan Allohni mutlaqo tanishi, bilishi kerak. Mazkur xatolarni Alloh kechirmaydi. Islomning mantig'i– ana shu. Hazrati Odam Atomizdan to hazrati payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qadar o'tgan payg'ambarlarning mujodala va harakatlari ham shu xususda edi.
Inson farzandi bu haqiqatlarni anglashi kerak: qo'li bilan yasagan toshga, osmonda ko'rgan quyoshga, oyga, yulduzga sig'inmasligi kerak. Chunki, ular kabi bir qancha quyosh, quyosh sistemasi, yulduzlar mavjudligi ilmda aytilayapti. Biz ham bir qancha quyosh sistemasi borligini bilamiz. Inson erga yotqizib so'yiladigan, go'shti kabob bo'ladigan hayvonlarga sig'inmaydi, haqiqatni topadi, behuda amallarni qilmaydi.
Islom inson fikrining chalg'ishi, xatoga ketishidan ogohlantiradi. Shaytonga sig'inmaslik, ibodat qilmaslik haqida shunday bir so'z bor:
لَا تَعْبُدِ الشَّيْطَانَ
"Shaytonga ibodat qilmanglar"(Maryam, 44).
So'ngra nafsga sig'inish, unga «but» kabi qulluq qilish haqida:
أَفَرَأَيْتَ مَنِ اتَّخَذَ إِلَهَهُ هَوَاهُ
"Ey Muhammad, havoyi nafsini o'ziga «iloh» qilib olgan va Alloh uni bilgan holida yo'ldan ozdirib quloq va ko'nglini muhrlab, ko'z oldiga parda tortib qo'ygan kimsani ko'rganmisiz?" (Josiya, 23).
Insonlar ba'zan Allohga sig'inmay, itoat etmay, Shaytonga itoat etib, uning amru farmonini bajarishadi. Ba'zilar nafsiga tobe' uning shaytoniy amrlariga itoat qiladilar. Bu qabihliklardan o'zni saqlab va yolg'iz Allohga itoat qilish, uning amru farmonini bajarish, yakka-yagona deb, faqat Allohga sig'inish islomning tamali hisoblanadi.
Islom aql va mantiqqa uyg'un, XX asrga va qiyomatga qadar davomli, mos va muvofiq...
Amallarning tashqi tomoni ahamiyatli emas. Botini muhimdir. Islomda niyat va ixlos asosdir. Ikki kishi aynan bir ishni bajaradi. Lekin biriniki qabul bo'ladi, ikkinchisiniki esa yo'q. Chunki, birining niyati xolis, ikkinchisining xayoli boshqa narsada, niyati buzuq. Zohiran bir xil amal bajaradilar ammo Alloh birinikini qabul qiladi, boshqasinikini qilmaydi. Biriga mukofot beradi, ikkinchisiga jazo. Islom shunday xolis samimiyatni tashviq etgan, zohirparastlikni qabul etmaydigan dindir. Ichki poklikni, botiniy samimiyatni talab qilgan, tavsiya etgan bir dindir. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Innaddina annasihatu", deganlar.
Bu hadis to'g'ri tarjima etilmagan, ma'nosi to'g'ri anglashilmagan hadislardan biridir. Hadisni «Din nasihatdur» deb noto'g'ri tarjima etishadi. Ya'ni, «Addinu annasihatu»– «Din samimiyatdir» demak... Chunki «nasihat» samimiyat ma'nosida keladi. Din– «o'git» degani emas. O'git bo'lmasa-da, ovoz chiqmasa-da, baribir din– samimiyatdir!
O'tgan kuni qo'limga bir kitob tushdi. Unda: «Inson» so'zining o'zaro muloqot, xabarlashishdagi roli 10 foizdir. 30 foizi imo-ishoralardir, 10 foiz so'zdir, 60 foiz hol-ahvol, vaziyat, kayfiyatdir»– deyiladi Haqiqiy muloqot, haqiqiy xabarlashish «hol» bilandir. Kitob «hol» bilan o'zaro muloqotni, aloqani, xabarlashishni to'la ta'minlash to'g'risida yozilgan. O'zaro suhbat, muloqotdan inson o'ziga zarur xabarlarni ola biladi. Bu erda muhimi samimiyatdir.
«Addinu annasihatu» demak, «din samimiyatdir» degani. Zotan keyingi jumlalar masalani oydinlashtiradi:
"Qolu liman yo rasululloh?" Dedilarki: «Kim uchun, yo Rasulalloh?» "Lillohi"«Alloh uchun samimiyatdir...» Agar nasihat ma'nosida bo'lsaydi, qul Allohga nasihat qiladimi?/ Qul Allohga o'git bera oladimi? Yo'q, albatta! Demak, nasihat ma'nosida emas balki, Allohga nisbatan samimiyat ma'nosidadir. /Va lirasulihi/ «Rasulullohga nisbatan samimiyat...» /Va likitobihi/ «Qur'onga nisbatan samimiyat...» Qur'onga nisbatan nasihatu bahs mavzusi yo'qdir /Va liaimmatil muslimina/ «Musulmonlarning rahbarlariga nisbatan samimiyat...» /Va ommatuhum/ barchasiga nisbatan samimiyat.
Naqadar go'zal!.. Din tamoman samimiyatdir.
Din quruq marosim emas, tashqi shakl ham emas... Mohiyatdir va samimiyatdir. Tamoman samimiyatdir. Allohga, rasuliga, Qur'onga, imomlariga, musulmonlarga boshliq bo'lganlarning hammasiga, barchasiga nisbatan samimiyat. Payg'ambar alayhissalom ana shunday ta'kidlaydilar, xulosalaydilar.
Mahmud As'ad Jo'shonning
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov