O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi diniy sohada ko'p yillar samarali xizmat qilgan, jonkuyar ulamo, fidoiy inson Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Hayrulloh domla Turmatovning vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya izhor etadi.
Rahmatli Hayrulloh domla Turmatov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta'lim olgan, mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyatidagi "Chetsuv", "Qorabog'", “Zangiota” jome masjidlari imom-xatibi, Angren shahri bosh imom-xatibi va Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida fidokorona xizmat qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu og'ir musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi. Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O'zidir. Qur'oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan bu din xizmatchisini mag'firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Hayrulloh domla Turmatovga ulamolar, imom-xatiblar, imom noiblar, jome masjidlardagi har bir mas'ul xodim hamda qalblari Allohning baytiga bog'langan qadrli insonlarning ehtiromi baland va yuksak edi.
Faoliyatlari davomida jome masjidlarni obod va ko'rkam, namozxonlarni ibodat qilishlari uchun munosib va zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo'lishi yo'lida tinim bilmay mehnat qilayotgan edilar...
Hadisi qudsiylardan birida aytiladi: “Ey Odam farzandi! …Albatta, Men sizlarning suratingizga ham, chiroyingizga ham qaramayman. Balki qalbingizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo'laman”. Rahmatli Hayrulloh domla Turmatov ham ana shunday yaxshi xislatlar, ezgu fazilatlar sohibi edi.
Alloh taolo marhum ulamoni O'z mag'firatiga olsin, chekkan dardlarini gunohlariga kafforat aylasin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so'raymizki, marhum olimni o'zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog'lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati