Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Nurul izoh: NIKOH VA TALOQQA OID HUKMLAR

15.09.2020   4523   10 min.
Nurul izoh: NIKOH VA TALOQQA OID HUKMLAR

Uylanishning shar'iy hukmi

Shariatda uylanishning hukmi, kishining jismoniy quvvati, oila mas'uliyatini uddalashi, uylanmasa, zinoga ketish xavfiga ko'ra, besh xil bo'ladi:

  1. Uylanishi farz. Bu hukm uylanishga, oilani boqishga layoqatli va xotinga zulm qilmaydigan kishilar uchundir. Uylanmasa, zinoga kitishi aniq. Ular uylanmasalar, katta gunohkor bo'ladilar.
  2. Uylanish vojib bo'lgan kishi. Uylanmasa zinoga ketish xavfi bor, uylansa, xotinni boqa oladi, unga zulm qilmaydi. Bunday kishilar uylanmasalar, gunohkor bo'ladilar.
  3. Uylanishi sunnat. Uylanmasa ham, o'zini zinodan saqlay oladi. Uylansa, xotinini boqishga va unga zulm qilmaslikka qodir. Bunday kishilar uylansalar savob bo'ladi.
  4. Uylanishi harom. Uylansa, xotinni boqa olmaydi, unga zulm qilishi aniq, jinsiy aloqaga qodir emas. Bunday kishilarning uylanishi harom. Jinsiy aloqaga qodir bo'lib, uylanishpga mablag'i yo'q kishilarga Payg'ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, mablag' topgunga qadar ro'za tutishni tavsiya etganlar.
  5. Uylanipsh makruh. Bu hukm uylansa, xotinini boqa olmasligi yoki jinsiy aloqaga yaramasligi ehtimoli ko'proq bo'lgan kishi uchundir.

Nikoh marosimi

Hanafiy mazhabimizda birovni birovga majburan nikoh qilish mumkin emas. Shunga ko'ra, nikoh vaqtida qiz yo ayoldan: «Siz mana bu falonchiga turmushga chiqishga rozimisiz», erkakdan: «Mana bu falonchining o'zingizga jufti halol bo'lishga rozimisiz» kabi iboralar bilan eng kamida ikki erkak yoki bir erkak ikki ayol guvohligida so'raladi.

Nikohlanuvchilar bir-birlarining rozilik so'zlarini, guvohlar har ikki tomonning rozi ekanini bildiruvchi so'zlarini eshitishlari lozim.

Nikoh sahih bo'lishi uchun har ikki tomonning nikohga roziligi, guvohlar bo'lishi, ayol erkakka shar'an nikoh qilinishi mumkin bo'lishi, ya'ni, unga mahram bo'lmasligi shart. Nikohdan oldin mahrning hammasi yoki bir qismi berilishi lozim.

Mahr shaxsan ayolning o'ziga berilishi lozim bo'lgan ma'lum mablag'dir. Mahrning miqdori ayol yashab turgan joy, u erdagi urf-odatlar, jamiyatning iqtisodiy ahvoliga qarab belgilanadi. Mahr kelinning haqqi bo'lib, undan zo'rlab olishga kuyovning ham, otasining ham, haqlari yo'q. Ammo kelin o'z ixtiyori bilan otasiga yoki kuyovga qisman yoki hammasini berishi mumkin.

Uylanish mumkin bo'lmagan ayollar

Uylanish mumkin bo'lmagan ayollar ikki qismga bo'linadi. Birinchisi, uylanish aslo mumkin bo'lmagan ayollar. Ikkinchisi, vaqtincha uylanish mumkin bo'lmagan ayollar.

Birinchi qismga uch xil: 1) tug'ishganlik sababli; 2) uylanish sababli; 3) emish sababli uylanish mumkin bo'lmagan ayollar kiradi.

Niso surasining 23-oyatida shunday deyiladi: «Sizlar uchun onalaringiz, opa-singallaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singallaringazningqizlariga... uylanishlaringiz harom qilindi» (mazmuni).

Emizish (razo') sababli uylanish mumkin bo'lmagan ayollar:

  1. Bolani emizgan ayol va u ayolning asli – onasi, onasining onasi, ular ayolga ona tomonidan bo'lsalar ham, ota tomonidan bo'lsalar ham baribir.
  2. Kishining o'zidan bo'lgan qizi emizgan qizga, xotini emizgan razo'iy (bir kishining ayoli birovning farzandini go'dakligida emizsa, emizgan ayol emgan bolaga nisbatan ona kabidir) qiziga, ular qanchalik pastga cho'zilib ketsalar ham, uylanish harom.
  3. Kishini emizgan ayol va uning qizlariga, ular qanchalik pastga qarab cho'zilib ketsalar ham, uylanishi mumkin emas.
  4. Kishining xotinini emizgan razo'iy onasi (tuqqan emas) va u onaning onasiga uylanishi mumkin emas.

Imomi A'zam mazhabida razo' sobit bo'lish vaqti va emgan sutining miqdori belgilanmagan. Bir marta emsa ham razo' sobit bo'ladi. Ammo emgan bola tug'ilganidan boshlab, to ikki yarim yoshga kirgunicha, ya'ni o'ttiz oy muddat ichida bir marta emsa ham razo' sobit bo'lib, emizgan ayol emgan bolaga ona hukmida bo'ladi.

Vaqtincha uylanish mumkin bo'lmagan ayollar

  1. Bir kishi bir vaqtda opa-singilni yoki ayol bilan ammasini yoki ayol bilan xolasini nikohida olib turishi mumkin emas.

Ammo opasi vafot etsa, uning singlisiga uylanishi mumkin.

  1. Uch taloq qilgan xotini bo'lsa, u boshqa er bilan doim birga yashashni niyat qilib, turmush qilishi hamda u bilan saxih er-xotinlik davrida jinsiy aloqa qilgan bo'lishi lozim. Ikkinchi eri o'lsa yoki taloq qilsa, iddasi chiqqanidan so'nggina birinchi eri bilan yana qayta turmush qurishi mumkin.
  2. Birovning nikohidagi ayol va iddasi tugamagan yoki eri vafot etgan ayol.

Taloq qilingan yoki eri vafot etgan ayollar erlaridan homila bor-yo'qligi aniq bo'lgunicha ma'lum muddat boshqa turmush qurmay turishlari shart.

  1. Mushrika ayol (butparast) to musulmon bo'lmagunicha. Ahli kitob bo'lgan yahudiy, nasroniy ayollarga uylanishi mumkin. Ammo musulmon ayollarning boshqa dindagi odamlarga turmushga chiqishlari mumkin emas.

Taloqturlari

Dinimizda taloq qilish erning haqqi. Lekin erga qachon xohlasa, istaganiday taloq qilaverish ixtiyori berilmagan. Taloq chorasiz qolgandagina ishlatilishi kerak. Qachon, qanday ishlatilsa, shariatga muvofiq bo'lishi ham bildirilgan. Shuning uchun fuqaholar taloqni ikki turga bo'lganlar.

1) Sunniy – shariat ko'rsatmalariga muvofiq taloq;

2) Bid'iy – shariat ko'rsatmalariga xilof taloq.

Bid'iy taloq qilgan kishi gunohkor bo'ladi. Sunniy taloq ikki narsa: taloq qilingan vaqtga va taloqning adadiga bog'liq bo'ladi.

Vaqtga bog'liq bo'lgani, taloq qilingan vaqtda ayol hayzdan pok bo'lishi hamda shu poklikda er ayolga yaqinlik qilmagan bo'lishi lozim.

Adadga bog'liq bo'lgan taloq esa, ayolning pok holida, unga yaqinlik qilmasdan bir taloq qilmoqdir. Chunki bir taloq raj'iy, ya'ni idda tugamay, nikohsiz qaytadan yarashish mumkin bo'lgan taloqdir. Bir taloq qilganidan so'ng, taxminan uch oyga yaqin vaqt ichida er taloq qilgan ayoli bilan, uning roziligidan qat'i nazar, nikohsiz yarashish xuquqiga ega. Mazkur muddat o'ylash, har tomonni mulohaza qilish uchun berilgan. Pushaymon bo'lsalar, darhol yarashishlari mumkin.

Agar taloq qiluvchi yuqoridagi ko'rsatmalarga amal qilmay, ayolini hayz holatida yoki taloq adadini bittadan oshirib, ikki, uch yo undan ko'p taloq qilsa, unday taloqlar «bid'iy», sunnatga xilof bo'lib, taloq qiluvchi gunohkor bo'ladi. Bunda albatta taloq tushadi.

Er-xotin janjallashib turishganida er «ket», «yo'qol», «bo'shsan» kabi lafzarni taloq niyati bilan aytsa, taloq tushadi. Er hazil qilib, o'ynab «taloq», desa ham taloq tushadi.

Hanafiy mazhabida mast kishining hamda birov tomonidan taloq qilishga majbur qilingan kishining ham talog'i taloq hisoblanadi.

Agar er birovga xotinini taloq qilishni vasiyat qilsa yo o'zidan noib qilsa, u holda vasiyat qilingan va noib qilingan kishi er nomidan taloq qilishi mumkin.

Salohiddin Muhiddinning

«Islomda oila, nikoh va taloq masalalari»

kitobi asosida tayyorlandi.

 

 

KYeYINGI MAVZU:

IMOMI A_''ZAM NO'_''MON IBN SOBIT

Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

10.01.2025   1681   10 min.
Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.

Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.

Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.

Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.

Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.

Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.   

Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni  qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:

وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا

Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:

تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه

“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati),  deganlar.

 Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ

Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).

Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat  va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.

Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan  Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.

Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha  o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki  islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.

Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi.  Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.

Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.