Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Quyida er-xotin orasida sodir bo'lishi mumkin bo'lgan, ammo Islomda harom qilingan jinsiy aloqa ko'rinishlari haqida so'z yuritiladi.
Hayz va nifos ko'rish vaqtidagi jinsiy aloqa
Hotin kishi hayz ko'rayotgan paytda er unga jinsiy yaqinlik qilishi Islomda harom sanalgan amallardandir.
Alloh taolo aytadi: «Sendan hayz haqida so'rarlar. Sen: «U ko'ngilsiz narsadir. Hayz chog'ida ayollardan chetda bo'ling. Ularga pok bo'lmagunlaricha yaqinlashmanglar. Agar pok bo'lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi», deb ayt» (Baqara surasi, 222-oyat).
Ayol hayz ko'rayotgan vaqtida unga yaqinlik qilish ushbu oyatga binoan harom qilingandir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham hayz vaqtida ayollarga yaqinlik qilishdan qaytarganlar.
Maymuna onamizdan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z ayollarini hayz holatida bo'lganlarida kiyimlari ustidan quchoqlar edilar» (Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisdan hayz holatida bo'lgan ayollarga jinsiy yaqinlik qilib bo'lmasligi, ammo ularni quchoqlash, o'pish mumkinligi kelib chiqadi.
Nifos ko'rayotgan ayolga ham jinsiy yaqinlik qilish harom qilingan amallardandir. Nifos – ayol kishi bola tug'gach uzog'i 40 kun ko'radigan qondir. Nifosning eng oz muddati belgilanmagan.
Hayz vaqtida jinsiy yaqinlikni man qilinganligi haqidagi oyat va hadislar nifosga ham taalluqlidir.
Ro'zada og'iz yopiq bo'lgan vaqtda va haj vaqtida jinsiy yaqinlik qilish
Ramazon ro'zasini tutib og'iz yopiq holatida jinsiy aloqa qilish haromdir. Ramazon vaqtida og'iz ochilgandan keyin jinsiy yaqinlik joiz bo'ladi. Ramazonda bo'lmay, shunchaki nafl ro'za tutilgan vaqtda ham jinsiy yaqinlik joiz emas. Nafl ro'za tutmoqchi bo'lgan ayol ro'za tutish uchun erining oldidan o'tib qo'yishi lozim.
Ramazon ro'zasida jinsiy yaqinlik qilish mumkin emasligi, ro'za buzilishi va kafforat berishi shart ekani Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarida kelgan. Ushbu hadisda bir a'robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, Ramazon ro'zasi vaqtida ayoli bilan qo'shilgani haqida xabar berganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga kafforat berishi lozim ekanligini aytganlar.
Haj oylarida hajga ehrom bog'laganlarga ham jinsiy yaqinlik qilish joiz emas. Jinsiy yaqinlik qilib qo'ysalar uning vaqtiga ko'ra hajlari buziladi yoki kafforat berishlari lozim bo'ladi.
Ulug' Alloh aytadi: «Haj ma'lum oylardir. Kimki ularda o'ziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo'qdir. Nima yaxshilik qilsangiz, Alloh uni biladi. Ozuqa oling, eng yaxshi ozuqa taqvodir. Menga taqvo qiling, ey aql egalari!» (Baqara surasi, 197-oyat).
O'ziga hajni farz qilish – hajni niyat qilib, ehromga kirish deganidir. Demak, unday odamga shahvoniy ishlar, ya'ni jinsiy yaqinlik va uning haqidagi gap-so'zlarni so'zlash mumkin bo'lmaydi.
Afzal Abror tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bemor iloji boricha Qur’oni karimni to‘la o‘qib, eshitib yurishi yoki imkoniyatiga qarab quyidagilarni doimo o‘qib yurishi kerak:
1. Fotiha surasini yetti marta o‘qish. Bu har qanday kasallikka shifo izlashda muhim qadamdir. Fotiha surasi Qur’ondagi eng ulug‘ suralardan bo‘lib, uning ichida son-sanoqsiz sirlar yashirindir.
Rasululloh sollallolohu alayhi vasallam bu sura haqida bunday deganlar: “Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, Alloh taolo bu kabisini Injilda ham, Zaburda ham, Furqonda ham nozil qilmagan".
Fotiha surasini yetti marta o‘qilishining sabablaridan biri Alloh taolo uni “yetti takrorlanuvchi” deb nomlaganligidir.
2. Oyatal kursiyni o‘qish.
Oyatal kursiy – Baqara surasining 255-oyati bo‘lib, Nabiy alayhissalom ta’kidlaganlaridek, Qur’ondagi eng buyuk oyatlardan biridir.
﴿اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ لَا تَأْخُذُهُ سِنَةٌ وَلَا نَوْمٌ لَهُ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ مَنْ ذَا الَّذِي يَشْفَعُ عِنْدَهُ إِلَّا بِإِذْنِهِ يَعْلَمُ مَا بَيْنَ أَيْدِيهِمْ وَمَا خَلْفَهُمْ وَلَا يُحِيطُونَ بِشَيْءٍ مِنْ عِلْمِهِ إِلَّا بِمَا شَاءَ وَسِعَ كُرْسِيُّهُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ وَلَا يَئُودُهُ حِفْظُهُمَا وَهُوَ الْعَلِيُّ الْعَظِيمُ﴾
"Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘qdir. (U) hamisha Barhayot va abadiy Turuvchidir. Uni na mudroq tutar va na uyqu. Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir. (Qiyomat kuni) Uning huzurida kim ham (gunohkorlarni) Uning ruxsatisiz shafoat qila olardi?! (U) ulardan (odamlardan) oldingi va keyingi narsalarni bilur. (Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istaganmiqdoricha o‘zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerni (ham) o‘z ichiga sig‘dira olur. U ikkisini muhofaza etish Uni toliqtirmas. U Oliy va Buyukdir" (Baqara surasi, 255-oyat).
Mazkur oyat bemor shifo topishida muhim ahamiyatga ega. Alloh taolo bu oyatni o‘quvchi kishini yomonliklar, turli musibatlar va kasalliklardan saqlaydi.
3. Baqara surasi oxirgi ikki oyatini o‘qish.
﴿آَمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنْزِلَ إِلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آَمَنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ لَا نُفَرِّقُ بَيْنَ أَحَدٍ مِنْ رُسُلِهِ وَقَالُوا سَمِعْنَا وَأَطَعْنَا غُفْرَانَكَ رَبَّنَا وَإِلَيْكَ الْمَصِيرُ﴾
"Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi. «Eshitdik va itoat etdik. Ey, Robbimiz, mag‘firatingni (so‘raymiz). Qaytishlik faqat Sening huzuringgadir», dedilar (Baqara surasi, 285-oyat).
﴿لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا لَهَا مَا كَسَبَتْ وَعَلَيْهَا مَا اكْتَسَبَتْ رَبَّنَا لَا تُؤَاخِذْنَا إِنْ نَسِينَا أَوْ أَخْطَأْنَا رَبَّنَا وَلَا تَحْمِلْ عَلَيْنَا إِصْرًا كَمَا حَمَلْتَهُ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِنَا رَبَّنَا وَلَا تُحَمِّلْنَا مَا لَا طَاقَةَ لَنَا بِهِ وَاعْفُ عَنَّا وَاغْفِرْ لَنَا وَارْحَمْنَا أَنْتَ مَوْلَانَا فَانْصُرْنَا عَلَى الْقَوْمِ الْكَافِرِينَ﴾
Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi. Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir. (Yana dedilarki:) «Ey, Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, bizni koyima! Ey, Robbimiz, bizdan ilgari o‘tganlarning zimmasiga ortgan mashaqqatni bizning zimmamizga ortma! Ey, Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama! Bizlarni afv et va kechir hamda bizlarga rahm qil! Sen bizning Xojamizsan. Bas, bizlarga kofirlar qavmi ustidan g‘oliblik ato et!» (Baqara surasi, 286-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ikki oyat fazilati haqida bunday deganlar:“Kimki, kechasi ushbu ikki oyatni o‘qisa, har qanday yomonlik, kasallik, xafalik va g‘amginlikka kifoya qiladi”.
4. Ixlos surasini o‘qish.
Nabiy alayhissalom bu sura Qur’onning uchdan biriga teng ekanini aytganlar. Ushbu surada Alloh taoloning Vahdoniyat sifatlari zikr qilingan. Uni bemorga o‘n bir marta o‘qish tavsiya etiladi. Buncha adadda o‘qilishining sabablaridan biri oyati harflarining soni 11 ta ekanidir.
5. Muavvizatayn suralarini o‘qish.
Bu suralar Falaq va Nos suralaridir. Ushbu ikki sura haqida Nabiy alayhissalom: “Mo‘min bu ikkisidan ko‘ra afzali bilan panoh so‘ramaydi” deganlar.
Mo‘min kishi ushbu ikki surani o‘qib, duo qiladigan bo‘lsa, Alloh taolo uni turli kasalliklar, yomonliklardan panohida saqlaydi va dardiga shifo beradi.
Yuqorida aytib o‘tilgan oyat va suralarning barchasini har qanday kasallikka molaja tarzida o‘qish mumkin. Shu o‘rinda, yana qo‘shmcha tarzida ma’lum bir kasalliklarga shifo bo‘lishida umid qilib o‘qilishi tavsiya etiladigan ba’zi oyat va suralarni keltirib o‘tamiz.
Ruhiy toliqish, vahima va qo‘rquvga tushganda o‘qiladigan oyat:
Yuqoridagi suralarga qo‘shimcha, Ra’d surasi, 27-oyati o‘qiladi. Ertalab va kechqurun ushbu oyatni 7 martadan takrorlanadi.
﴿الَّذِينَ آَمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ﴾
"Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)" (Ra’d surasi, 28-oyat).
Shuningdek, Quraysh surasini ko‘p marta takrorlash kerak.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li