Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Quyida er-xotin orasida sodir bo'lishi mumkin bo'lgan, ammo Islomda harom qilingan jinsiy aloqa ko'rinishlari haqida so'z yuritiladi.
Hayz va nifos ko'rish vaqtidagi jinsiy aloqa
Hotin kishi hayz ko'rayotgan paytda er unga jinsiy yaqinlik qilishi Islomda harom sanalgan amallardandir.
Alloh taolo aytadi: «Sendan hayz haqida so'rarlar. Sen: «U ko'ngilsiz narsadir. Hayz chog'ida ayollardan chetda bo'ling. Ularga pok bo'lmagunlaricha yaqinlashmanglar. Agar pok bo'lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi», deb ayt» (Baqara surasi, 222-oyat).
Ayol hayz ko'rayotgan vaqtida unga yaqinlik qilish ushbu oyatga binoan harom qilingandir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham hayz vaqtida ayollarga yaqinlik qilishdan qaytarganlar.
Maymuna onamizdan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z ayollarini hayz holatida bo'lganlarida kiyimlari ustidan quchoqlar edilar» (Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisdan hayz holatida bo'lgan ayollarga jinsiy yaqinlik qilib bo'lmasligi, ammo ularni quchoqlash, o'pish mumkinligi kelib chiqadi.
Nifos ko'rayotgan ayolga ham jinsiy yaqinlik qilish harom qilingan amallardandir. Nifos – ayol kishi bola tug'gach uzog'i 40 kun ko'radigan qondir. Nifosning eng oz muddati belgilanmagan.
Hayz vaqtida jinsiy yaqinlikni man qilinganligi haqidagi oyat va hadislar nifosga ham taalluqlidir.
Ro'zada og'iz yopiq bo'lgan vaqtda va haj vaqtida jinsiy yaqinlik qilish
Ramazon ro'zasini tutib og'iz yopiq holatida jinsiy aloqa qilish haromdir. Ramazon vaqtida og'iz ochilgandan keyin jinsiy yaqinlik joiz bo'ladi. Ramazonda bo'lmay, shunchaki nafl ro'za tutilgan vaqtda ham jinsiy yaqinlik joiz emas. Nafl ro'za tutmoqchi bo'lgan ayol ro'za tutish uchun erining oldidan o'tib qo'yishi lozim.
Ramazon ro'zasida jinsiy yaqinlik qilish mumkin emasligi, ro'za buzilishi va kafforat berishi shart ekani Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarida kelgan. Ushbu hadisda bir a'robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, Ramazon ro'zasi vaqtida ayoli bilan qo'shilgani haqida xabar berganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga kafforat berishi lozim ekanligini aytganlar.
Haj oylarida hajga ehrom bog'laganlarga ham jinsiy yaqinlik qilish joiz emas. Jinsiy yaqinlik qilib qo'ysalar uning vaqtiga ko'ra hajlari buziladi yoki kafforat berishlari lozim bo'ladi.
Ulug' Alloh aytadi: «Haj ma'lum oylardir. Kimki ularda o'ziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo'qdir. Nima yaxshilik qilsangiz, Alloh uni biladi. Ozuqa oling, eng yaxshi ozuqa taqvodir. Menga taqvo qiling, ey aql egalari!» (Baqara surasi, 197-oyat).
O'ziga hajni farz qilish – hajni niyat qilib, ehromga kirish deganidir. Demak, unday odamga shahvoniy ishlar, ya'ni jinsiy yaqinlik va uning haqidagi gap-so'zlarni so'zlash mumkin bo'lmaydi.
Afzal Abror tarjimasi
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws