يَٰبَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ ٱذۡكُرُواْ نِعۡمَتِيَ ٱلَّتِيٓ أَنۡعَمۡتُ عَلَيۡكُمۡ وَأَنِّي فَضَّلۡتُكُمۡ عَلَى ٱلۡعَٰلَمِينَ١٢٢
122. Ey Bani Isroil, sizlarga in'om qilgan ne'matlarimni va sizlarni olamlar uzra afzal qilib qo'yganimni eslanglar.
Ushbu suraning 47-oyatida ham Alloh taolo Bani Isroilga shu so'zlar bilan xitob qilgan edi. Endi yana mazkur xitob takrorlanmoqda. Darhaqiqat, Alloh taoloning Isroil avlodlariga ko'rsatgan marhamati, ato etgan ne'matlari va yaxshiliklarining cheki-chegarasi yo'q. Alloh bu qavmni barcha olamlar uzra fazilatli qilib qo'ydi, ularga imon, ilm, solih amallar kabi sifatlarni ato etdi, ulardan payg'ambarlar, odil podshohlar chiqardi, osmondan turli ne'matlar, shirinliklar tushirdi. Muso alayhissalom davrida ularning ajdodlari zamonasining eng aziz, mukarram kishilari bo'ldi, Parvardigor ularni Fir'avn va uning a'yonlari zulmidan xalos qildi, ularning juda ko'p osiyliklarini kechirdi, gunoh va jinoyatlarini avf etib, ustlariga tog'ni qulatmadi. Alloh taolo Fir'avn va uning askarlarini g'arq etib, Bani Isroilni dushmanning zulmi, jabr-sitamlaridan ozod qildi hamda ularga berilgan barcha ma'naviy va moddiy ne'matlarini eslatdi. Ana shu ne'matlarning birinchisi, uni ortidan ta'qib qilib kelayotgan dushmanlari Fir'avnning lashkarlarini ko'z o'ngilarida suvga cho'ktirib yubordi, ularning zulmidan qutqarib, najot berdi. Ikkinchisi, ular bilan Tur tog'ining o'ng tomonida va'dalashdi. Ya'ni ularni hidoyatga boshlovchi, hollarini isloh qiluvchi Kitob – Tavrotni berish uchun payg'ambari Muso bilan o'sha muqaddas makonda va'dalashdi. Misr bilan Falastinning o'rtasida joylashgan Tur tog'ining o'ng tomonida Muso alayhissalom bilan muloqot bo'lishi, diniy ishlarga ahamiyat berilishi, Allohning u zot bilan roz aytishi va Tavrot nozil qilinishi Bani Isroil uchun katta ne'mat edi. Uchinchi ne'mat ularga osmondan “manna” degan shirinlik va “salvo”, ya'ni pishgan bedana go'shtini tushirdi. Alloh taolo ularga yana bir qancha boshqa ne'matlarni ham ato etgan.
وَٱتَّقُواْ يَوۡمٗا لَّا تَجۡزِي نَفۡسٌ عَن نَّفۡسٖ شَيۡٔٗا وَلَا يُقۡبَلُ مِنۡهَا عَدۡلٞ وَلَا تَنفَعُهَا شَفَٰعَةٞ وَلَا هُمۡ يُنصَرُونَ١٢٣
123. Hechkimboshqabirovninghojatigayaramaydigan, hechkimdanbadalolinmaydigan, hechkimgashafoatfoydabermaydigan, yordamko'rsatilmaydiganKundanqo'rqinglar.
Ey Isroil avlodlari (va ey barcha insonlar), birov birovga yordam berolmaydigan, hamma o'zi bilan ovora bo'lib qoladigan, hech kimning shafoati yoki yordami inobatga o'tmaydigan qiyomat kunidan qo'rqinglar. Chunki Alloh taoloning: "Ukundakishio'zog'a-inisidanham, onasivaotasidanham, xotiniyubola-chaqasidanhamqochadi" (Abasa, 34-36) degan ogohlantirishi bor. Sobit ibn Hajjoj Umar ibn Hattob roziyallohu anhunig bunday deganlarini rivoyat qiladi: "O'lchanishingizdan oldin o'zlaringni o'lchanglar, hisob berishingizdan oldin o'zlaringni sarhisob qilinglar. Ro'para bo'linadigan ulug' kun uchun tayyorgarlik ko'ringlar, bu kun qiyomat kunidir" (Abu Lays Samarqandiy rivoyati).
Insonlarning eng mudhish xatolari ularning oxiratga ishonmasliklaridir. Ular oxirat dunyosiga, o'lgandan keyin qayta tirilishga imon keltirmaganlari sababli o'zlarini kufr va shirk changaliga otishadi, gunohlar dengiziga sho'ng'ishadi, hech qanday yovuzlik va buzuqlikdan tap tortmaydigan holga tushishadi. Insonlar oxirat dunyosi borligiga ishonmaganlari uchun ko'ngillariga kelgan yovuzlikni va gunohni bemalol qilishadi. Dindoshlariga dushmanlik qilishadi, sofdil bir musulmonga tuhmat va bo'hton yog'dirishadi, zolimlarga zulm pichog'ini qayrab berishadi, Allohning dinidan, ibodatidan to'sishadi, shariatini oyoq osti qilishadi. Ertaga hisob-kitob borligini tan olmaganlari uchun boshqalarning haqiga tajovuz qilishadi, qarz olib, berishmaydi, sheriklarining mulkini o'zlashtirishadi, o'zgalar omonatiga xiyonat qilishadi, buzuqlik ko'chalarida sarson kezishadi. O'lgandan keyin tirilishlariga imonlari yo'qligi sababli shu dunyoning o'zida mazza qilib yashab qolish payida bo'lishadi, har qanday razillikdan qaytishmaydi, hayotning mazmunini faqat dunyo lazzatlariga g'arq bo'lib ketishda deb tushunishadi. Ular dunyo vasvasalariga boshlari bilan sho'ng'ishadiyu qiyomat kuniga aslo tayyorgarlik ko'rishmaydi. Holbuki o'sha kunda ular dunyoda ishonib yurgan mol-dunyolari ham, ahli va yaqinlari ham, ishongan do'stlari va hamkorlari ham mutlaqo asqotmaydi.
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati