Pandemiya sharoitida mamlakatimizda koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-2021 o'quv yili uchun qabul imtihonlarini ochiq maydonlarda o'tkazish bo'yicha ko'rsatma berildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o'rta maxsus islom ta'lim muassasalarida qabul imtihonlari Davlat test markazi tomonidan o'tkazilishi belgilangan bo'lib, quyidagi hududlardagi ochiq maydonlarda o'tkaziladi:
- “Muhammad al-Beruniy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun “Turon” markaziy stadioni – Qoraqalpog'iston Respublikasi, Nukus shahri;
- “Sayyid Muhyiddin maxdum” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun Sportning o'yin turlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktabi asosiy stadioni 1A-binosida – Andijon shahar, 3-kichik daha, Mashrab ko'chasi;
- “Hidoya” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun Navbahor-umid stadioni – Namangan shahri, 5-kichik tuman;
- “Hoja Buxoriy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun “Nasaf” futbol klubi mashg'ulotlar maydoni – Qarshi shahar, Mustaqillik shoh ko'chasi 5-uy;
- “Mir Arab” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun Buxoro sport majmuasi stadioni – Buxoro shahar, Ibrohim Mo'minov ko'chasi 9-uy, “Dilkusho” tennis stadioni – Buxoro shahar, Islom Karimov ko'chasi 24-uy;
- “Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun Buxoro sport majmuasi stadioni – Buxoro shahar, Ibrohim Mo'minov ko'chasi 9-uy, “Dilkusho” tennis stadioni – Buxoro shahar, Islom Karimov ko'chasi 24-uy;
- “Faxriddin ar-Roziy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun Horazm sport majmuasi – Urganch shahar, Baynalmilal ko'chasi 18-uy;
- “Imom Termiziy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun “Surxon” sport majmuasi zaxira futbol maydoni – Termiz shahri, A.Navoiy ko'chasi, 43-B uy;
Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan ta'lim muassasalari bo'yicha test sinovlari 2020 yil 16 sentyabr' kuni soat 17:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan test sinovlari o'tkaziladigan hududlarga soat 15:30 da pasport va DTM ruxsatnomasi bilan kelishlari talab etiladi.
- “Ko'kaldosh” va “Hadichai Kubro” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun Toshkent shahar, Talabalar shaharchasi - Mo'ljal Beruniy metrosi chiqish joyi.
Mazkur ta'lim muassasalari bo'yicha test sinovlari 2020 yil, 17 sentyabr' kuni 1-smena bo'yicha soat 08:00 da, 2-smena bo'yicha 17:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan test sinovlari o'tkaziladigan hududlarga soat 1-smena bo'yicha soat 06:00 da, 2-smena bo'yicha 15:00 da pasport va DTM ruxsatnomasi bilan kelishlari talab etiladi. Eslatib o'tamiz, mazkur hujjatlardan biri bo'lmagan taqdirda, abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi. Shuningdek, abituriyentning qaysi smenada test sinovlari topshirishi DTM ruxsatnomasida ko'rsatib o'tilgan.
Abituriyentlar karantin talablaridan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda test sinovlariga kiritiladi:
- dizenfektsiya tonnelidan o'tkaziladi;
- tana harorati masofadan o'lchash qurilmasi orqali o'lchanadi;
- tibbiy niqob va qo'lqop bilan ta'minlanadi.
DTM ruxsatnomasini qay tartibda olish bo'yicha qo'shimcha ma'lumot beriladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati