To'g'ri yo'ldagi xalifalar davridan keyin Islom dinidan turli adashgan mazhab, oqim va firqalar paydo bo'ldiki, bulardan xavorijlar, mo''taziliylar, murjialar kabilar Islom birligi va birdamligiga jiddiy zarar keltirdi, turli fitna va tafriqalarga (bo'linishlarga) sabab bo'ldi. Ana shunday og'ir bir paytda sof Islom aqidasini saqlab qolish uchun harakat qiladigan ulamolar etishib chiqdilar. Ular Qur'oni Karim va Sunnat ta'limotlari asosida, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari uslubida aqida masalalarini yorita boshladilar. Ularga «Ahli sunna val jamoa» nomi berildi.
Keyinroq, odamlarga tushunarli bo'lishi uchun, matnlarni ta'vil qilishga ham majbur bo'lindi. Turli kitoblar bitildi. Ahli sunna val jamoaning aqida bobidagi ta'limotlari to'planib, tartibga solindi. Nihoyat, aqidaviy mazhab bo'lib shakllandi va o'z imomlariga ham ega bo'ldi.
«Ahli sunna val jamoa» ismi bundan avval ham bor edi. Ammo keyinroq, yuqorida nomlari aytib o'tilgan turli firqalarga muqobil o'laroq, ayni shu ismni ishlatila boshlandi. «Ahli sunna» deganda «sunnatga yurganlarning yo'li va hadisga amal qiladiganlar» degan ma'nolar ko'zda tutilgan. Bu borada imom al-Ash'ariy va al-Moturidiy Ahli sunna val jamoaning aqida bo'yicha imomlari deb tan olindilar. Bu ikki imom Islom olamining ikki tarafida – Ash'ariy basralik, Moturidiy samarqandlik bo'lsa ham va bir-birlari bilan ko'rishmagan bo'lsalar ham, bir xil ishni bir xil vaqtda, bir xil tarzda ado etganlari hamda ikkovlarining birdaniga Ahli sunna val jamoa mazhabining imomi deb e'tirof qilinishi bu mazhabning aqidasi doimo barcha yurtlarda ma'lum va mashhur ekaniga yorqin dalildir.
Islom ummati ichida Haqni topgan va unga ergashgan firqa Payg'ambarimiz alayhissalom va u zotning sahobalari amal qilgan yo'lda sobit qolgan musulmonlardir. Qolgan etmish ikki firqa Haqni topmagan bo'lsa-da, Islom dinining qat'iy hukmlarini inkor qilmagani uchun Islom doirasida hisoblanadi. Islom ummati ichida Haqni topgan va unga ergashgan firqa «Ahli sunna val jamoa» deb ataladi. Ahli sunna val jamoa firqasi amaliyotda to'rt mazhabga bo'lingan:
1. Hanafiy mazhabi. Imom Abu Hanifa No''mon ibn Sobit.
2. Molikiy mazhabi. Imom Molik ibn Anas.
3. Shofe'iy mazhabi. Imom Muhammad ibn Idris ash-Shofe'iy.
4. Hanbaliy mazhabi. Imom Ahmad ibn Hanbal.
Bugungi kunda dunyodagi musulmonlarning 92,5 foizi Ahli sunna val jamoa mazhabidadir. Ulardan hanafiylar 47 foizni, shofe'iylar – 27, molikiylar – 17, hanbaliylar – 1,5 foizni tashkil etadi.
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi