— Banda Allohni tushida ko'rishi mumkinmi? Bu rahmoniy tush bo'ladi-mi?
— Alloh taoloni tushda ko'rish bor narsa. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlarining bir necha hadislarida: “Robbimni tushimda ko'rdim”, deganlar. Shulardan biri imom Ahmad o'z “Musnad”larida, shuningdek, imom Termiziy ham “Sunan”larida keltirganlar. Mujtahid imomlarimiz ham bir necha bor tushlarida Alloh taoloni ko'rganlarini aytganlar. Ahli sunna val jamoa ulamolari: “Alloh taoloni tushda ko'rish mumkin”, deydilar. Buning haqiqati shuki, Alloh taoloning misli-o'xshashi yo'q. Bu haqda Alloh taolo:
﴿لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ﴾
“U Zotga o'xshash hech narsa yo'qdir” deb marhamat qilgan (Shuuro surasi, 11-oyat). Lekin Alloh taolo O'ziga masal-misolni isbot qilgan.
﴿اللَّهُ نُورُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ مَثَلُ نُورِهِ كَمِشْكَاةٍ فِيهَا مِصْبَاحٌ الْمِصْبَاحُ فِي زُجَاجَةٍ الزُّجَاجَةُ كَأَنَّهَا كَوْكَبٌ دُرِّيٌّ يُوقَدُ مِنْ شَجَرَةٍ مُبَارَكَةٍ زَيْتُونَةٍ لَا شَرْقِيَّةٍ وَلَا غَرْبِيَّةٍ يَكَادُ زَيْتُهَا يُضِيءُ وَلَوْ لَمْ تَمْسَسْهُ نَارٌ نُورٌ عَلَى نُورٍ يَهْدِي اللَّهُ لِنُورِهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَضْرِبُ اللَّهُ الْأَمْثَالَ لِلنَّاسِ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ﴾
“... Alloh osmonlar va erning nuridir. Nurining misoli xuddi bir tokcha, uning ichida chiroq bor, chiroq esa shisha ichida, shisha esa go'yo durdan bo'lgan bir yulduz bo'lib, sharqiy ham, g'arbiy ham bo'lmagan muborak zaytun daraxtidan yoqiladir. Uning moyi o'ziga olov tegmasa ham, yoritib yuboray deydi...”(Nur surasi, 35-oyat).
Alloh taoloni biror narsaga o'xshatishlik bilan misol keltirish mumkin. Huddi yuqoridagi oyatda Alloh taolo nurining misolini keltirgani kabi. Misol keltirish bilan bir narsaga o'xshatish degan narsa kelib chiqmaydi.
Inson Alloh taoloni tushida ayni o'zini ham, mislini ham ko'rmaydi. Alloh taoloning ayni O'zini bu dunyoda ko'rishning imkoni bo'lmagani uchun ko'ra olmaydi. Mislini esa Alloh taoloning misli yo'q bo'lgani uchun ko'ra olmaydi. Lekin tushda Uning misolini ko'ra olishi mumkin. Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati