Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

2. BAQARA SURASI, 111–112 OYaTLAR

6.09.2020   2499   3 min.
2. BAQARA SURASI, 111–112 OYaTLAR

وَقَالُواْ لَن يَدۡخُلَ ٱلۡجَنَّةَ إِلَّا مَن كَانَ هُودًا أَوۡ نَصَٰرَىٰۗ تِلۡكَ أَمَانِيُّهُمۡۗ قُلۡ هَاتُواْ بُرۡهَٰنَكُمۡ إِن كُنتُمۡ صَٰدِقِينَ١١١

111. Ular: "Yahudiy va nasroniylardan boshqa hech kim jannatga kirmaydi", deyishadi. Bu ularning xom xayollaridir. (Ey Muhammad): "Agar rostgo'y bo'lsanglar, hujjatingizni keltiringlar", deng.

Islom dini e'tiqod borasida hamma narsani tasdiqlayveradigan, dalil-hujjatlarsiz ishonaveradigan xurofotchilarni ham, his ortidagi barcha narsani inkor etadigan, fitrat ovoziga, aql nidosiga va mo''jiza da'vatiga quloq solmaydigan moddaparastlarni baravar rad etadi. Islom chin imonga, asl e'tiqodga chaqiradi, lekin qat'iy dalil yoki ishonchli hujjat bo'lsagina. U bundan boshqasini rad etadi va xurofot deb hisoblaydi. "Agar rostgo'y bo'lsanglar, hujjat keltiringlar" Islomning shioridir. Islom qalblardagi fitrat ovozini bo'g'ib, boshlardagi aql mantig'ini tan olmay ilohni inkor etgan dinsizlarni ham, "iloh"larining sanog'i bo'lmagan, hatto qo'y-sigirlarga sig'inadigan, sanamu toshlarga ibodat etadigan butparastlarni baravar qoralaydi. Islom sheriksiz, tug'magan va tug'ilmagan, yagona Ilohga imon keltirishga chaqiradi.

بَلَىٰۚ مَنۡ أَسۡلَمَ وَجۡهَهُۥ لِلَّهِ وَهُوَ مُحۡسِنٞ فَلَهُۥٓ أَجۡرُهُۥ عِندَ رَبِّهِۦ وَلَا خَوۡفٌ عَلَيۡهِمۡ وَلَا هُمۡ يَحۡزَنُونَ١١٢

112. Shunday, kim yuzini Allohga burib, yaxshiliklar qilsa, uning mukofoti Parvardigori huzuridadir. Ularga xavf-xatar ham yo'q, g'amgin ham bo'lishmaydi.

Haqiqatan kufr va shirkni tark etib, Alloh taolo tarafiga yuzlangan, Uning amr-farmonlarini bajargan, qaytarganlaridan chetlangan, yaxshiliklar va solih amallar qilgan saodatmand kishilarning dunyo va oxiratdagi mukofotini Parvardigor to'kis qilib beradi. Qiyomat kuni gunohkor va osiylar hisob-kitoblari qanday bo'lishi, do'zax yo jannatga kirishlarini bilolmay, dahshat ichida sarson va hayron bo'lib turishganida imonli kishilarga hech qanday xavf-xatar bo'lmaydi, ular oqibatlarini o'ylab g'am-anduh ham chekishmaydi.

Insonning asli bir tomchi haqir suvdan va arzimas qora loy-balchiqdan iborat. Alloh taolo unga O'z ruhidan kiritgandan keyingina u insonga aylanadi, farishtalar sajda qiladigan darajada aziz-mukarram va sharafli jonzotga aylanadi, er yuzi xalifasi maqomidagi oliy martabaga musharraf bo'ladi. Insonning qadr-qimmati ruh bilan bog'liqdir. Uning jasadi, kelishgan qaddi-qomati, chiroyli husni, mutanosib tana a'zolari – hammasi qurt-qumursqaga em bo'lib, tuproq bilan qorishib ketadi. Demak, inson qancha ruhoniy bo'lsa, uning qadr-qimmati shuncha oshadi. Inson qancha imonli, diyonatli bo'lsa, Allohga muhabbati va itoati qanchalik ulug' bo'lsa, shundagina u chin inson bo'ladi, Alloh taoloning uni yaratish bilan zimmasiga yuklagan sharafli vazifani ko'ngildagidek uddalagan bo'ladi. Alloh taolo insonni O'ziga ibodat qilishi, amr-farmonlarini bajarishi uchungina xalq qilgan. Bunga da'vat qilish uchun rasullarini yuborgan, kitoblar nozil qilgan. Uning haq yo'lini tutganlar, Unga ibodat qilganlar, amr-farmonlarini bajarib, qaytargan ishlaridan chekinganlar hidoyat topishgan. Oxiratda ajr-mukofotlarga (jannatga) erishish xushxabari bilan mujdalanishgan. Allohning buyruqlarini inkor etgan, rasullariga itoatda bo'lmagan, zalolatga ketib, kufr va shirk yo'lini tanlagan kimsalarga esa oxiratda alamli azoblar, do'zax qiynoqlari borligi xabari berilgan.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Videolar

Sokinlik manbai

24.12.2024   438   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov

Videolavhalar