frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Rasmiy munosabat: “Sharli Ebdo”dagi karikatura bo'yicha

04.09.2020   5811   2 min.
Rasmiy munosabat: “Sharli Ebdo”dagi karikatura bo'yicha

Shu yil 2 sentyabr' kuni Parij shahrida 2015 yilning 7 yanvarida “Sharli Ebdo” jurnali tahririyatiga uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda ayblanayotgan 14 kishi ustidan sud ishi boshlandi. Shu munosabat bilan mazkur jurnal tahririyati Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga oid karikaturani qaytadan bosib chiqardi.

Ushbu karikatura chop etilishi musulmon olamida turli e'tiroz va noroziliklarga sabab bo'lmoqda. Jumladan, Misrdagi Al-Azhar universiteti ushbu karikaturani chop etgani uchun “Sharli Ebdo” tahririyatini qoralab bayonot bilan chiqdi. Bayonotda bunday karikaturalarni atayin qaytadan chop etish mo'min-musulmonlarning hissiyotlarini qo'zg'ash, fitna chiqarish va musulmonlarning diniy qadriyatlari, timsollariga nisbatan tajovuz ekani aytiladi hamda bu holat musulmonlar tomonidan qattiq qoralanishi bildiriladi.

Shu o'rinda, O'zbekiston musulmonlari idorasi ushbu xatti-harakatni qoralab, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni obro'sizlantirishga qaratilgan holatni xalqlar o'rtasidagi o'zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna, o'z navbatida, odamlarning diniy e'tiqodi bilan bog'liq his-tuyg'ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg'otish, deb baholaydi.

Shuni ta'kidlash zarurki, kim bo'lishidan qat'iy nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin, bu ishi bilan muborak dinimizga yoki U zotning siyratlariga zarracha ham ziyon etkaza olmaydi. Islom tarixidan ko'rish mumkinki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o'zlariga hatto sui­qasd qilishga intilgan Hakim ibn Hizomni bag'rikenglik ila kechirib yuborganlar. Suyukli amakilari bo'lgan Hamza ibn Abdulmuttalibni o'ldirgan Vahshiyni bir umr qalblarida qayg'uli xotira sifatida muhrlangan bo'lishiga qaramay, uni afv qilganlar. Bular shubhasiz, Qur'oni karimdagi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyu­ring! Johillardan yuz o'giring!” (A'rof, 199) ko'rsatmasining amaldagi isbotidir.

Shunday ekan, bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Nabiy alayhissalomga xos halimlik, bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirish kerak. Shunda yomon niyatli kimsalar tomonidan xalqlar, millatlar, dinlar o'rtasiga nizo urug'ini sochish maqsadida uyushtirilayotgan har xil ko'rinishdagi fitnalar, turli nayranglarga Payg'ambarimiz alayhissalomga  xos  va mos yo'l tutgan bo'lamiz.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda

12.08.2026   39849   1 min.
Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
 

Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.

Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!

O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda