۞مَا نَنسَخۡ مِنۡ ءَايَةٍ أَوۡ نُنسِهَا نَأۡتِ بِخَيۡرٖ مِّنۡهَآ أَوۡ مِثۡلِهَآۗ أَلَمۡ تَعۡلَمۡ أَنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٌ١٠٦
106. (Ey Muhammad), biror oyatni mansux qilsak yo unuttirsak, uning o'rniga undan yaxshirog'ini yo unga barobarini keltiramiz. Alloh har narsaga qodirligini bilmadingizmi?
Mufassirlar ushbu oyat haqida quyidagilarni yozishgan: "Mushriklar: "Muhammadni ko'ryapsizlarmi, ashoblarini bir ishga buyuradi-da, so'ngra yana uni qilishdan qaytaradi. Qur'ondagi bu narsa Muhammad ichidan to'qib chiqaradigan so'zdir. U ba'zisi ba'zisiga zid keladigan kalomdir", deyishdi. Shunda Alloh taolo yuqoridagi oyati karimani nozil qildi".
Har qanday qiyin holatga, shubha va ikkilanishga tushganda Allohning buyurganiga amal qilishni Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamdan o'rganishimiz kerak. U zotga tushirilgan, amal qilinayotgan oyatlar hukmi ba'zan mansux (bekor) qilinar, o'rniga boshqalari tushirilar edi. Hukm bir oyatdan boshqasiga ko'chardi. Ishning tashqi ko'rinishi shunday edi, ammo botini Alloh taolo bilan Uning Rasuli o'rtasida sirligicha qolardi. Shu bois u zot sollallohu alayhi vasallam: "Ba'zan menga siqilish kelib, Allohga har kuni etmish marta istig'for aytaman", deganlar (Ahmad, Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja, Nasoiy rivoyati). Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Umar (roziyallohu anhu) bunday der edi: "Bizga Ubay qiroat qilishni o'rgatar edilar, biz esa u kishining qiroat yo'llaridan boshqacha o'qir edik. Shunda u kishi: "Men Qur'onni janob Rasulullohning og'izlaridan o'rganganman, uni hech narsa evaziga tark qilmayman, Alloh taolo: (Ey Muhammad), biror oyatni mansux qilsak yo unuttirsak, uning o'rniga undan yaxshirog'ini yo unga barobarini keltiramiz. Alloh har narsaga qodirligini bilmadingizmi?" degan", dedi" (Buxoriy rivoyati).
أَلَمۡ تَعۡلَمۡ أَنَّ ٱللَّهَ لَهُۥ مُلۡكُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۗ وَمَا لَكُم مِّن دُونِ ٱللَّهِ مِن وَلِيّٖ وَلَا نَصِيرٍ١٠٧
107. Osmonlar va Yer Allohning mulki ekanini hamda sizlarga Allohdan o'zga do'st va madadkor yo'qligini bilmadingizmi?
Ya'ni, ey mo'minlar, shuni yaxshi bilinglarki, etti qavat osmonlaru Yerdagi hamma narsa Alloh taoloning mulkidir. Bularning barini Uning O'zi yaratgan, O'zi boshqaradi, agar xohlasa bir lahzada yo'q qiladi. Sizlarga kofir va fojir kimsalarning tazyiq va zug'umlaridan panohlanishda Allohdan o'zga biror madadkor ham, do'st ham yo'qdir. Nahot shularni bilmasanglar?!
Shuning uchun mo'minlar hamisha Allohdan panoh izlashlari, Uning himoyasiga intilishlari, Undangina madad va nusrat so'rashlari lozim. Chunki osmonlar va Yerning egasi bo'lgan Alloh azza va jalla barcha maxluqlariga do'st va madadkor bo'lgani uchun ulardan yomonliklar, zararlar, turli yoqimsiz narsalarni daf qilish bilan ularni O'z himoyasida saqlaydi. Bu saqlashda yaxshi ham, yomon ham, balki hayvonotlar va boshqa narsalar ham mushtarakdir. Alloh taolo Bani Odamni O'zining buyrug'i bilan saqlashlari uchun ularga farishtalarni biriktirib qo'ygan. Ya'ni, ular har qanday zarar beradigan narsalarni ulardan Allohning buyrug'i bilan daf qilib turishadi. Ayni paytda Alloh taolo O'z valiylari, ya'ni do'stlarini ham saqlaydi. Ularning imonlarini adashtiruvchi shubhalardan, fitnalardan va halokatga olib ketuvchi shahvatlardan saqlaydi. Ularga bu kabi fitnalardan ofiyat beradi. Ularni insu-jinslardan bo'lgan dushmanlaridan saqlaydi, ularga bu dushmanlariga qarshi nusrat-g'alaba beradi.
أَمۡ تُرِيدُونَ أَن تَسَۡٔلُواْ رَسُولَكُمۡ كَمَا سُئِلَ مُوسَىٰ مِن قَبۡلُۗ وَمَن يَتَبَدَّلِ ٱلۡكُفۡرَ بِٱلۡإِيمَٰنِ فَقَدۡ ضَلَّ سَوَآءَ ٱلسَّبِيلِ١٠٨
108. (Ey makkaliklar), sizlarhamPayg'ambaringizdanilgariMusodansavolqilinganniso'ramoqchimisizlar? Kimimonnikufrgaalishsa, to'g'riyo'ldanozishimuqarrardir.
Ya'ni, ey Makka ahli, yahudiylar o'z payg'ambarlaridan turli behuda narsalarni so'rayverishgani kabi sizlar ham Payg'ambaringizga nomunosib savollarni bermanglarki, bejo savollar boshingizga etib qolmasin. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo bunday deydi: "Bu oyat Abdulloh ibn Ka'b va bir guruh qurayshiylar haqida nozil bo'lgan. Ular: "Ey Muhammad, bizga Safo tog'ini oltinga aylantirib ber, Makka erlarini kengaytirib, o'rtasidan daryo oqizib qo'y, shunda senga imon keltiramiz", deyishdi. Shunda Alloh ushbu oyatni nozil qildi”. Yana mufassirlar aytishadi: "Yahudiylar va mushriklarning ba'zilari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: "Huddi Muso Tavrotni keltirganidek, sen ham bizga osmondan yaxlit bir kitobni keltir", deyishdi. Abdulloh ibn Umayya Mahzumiy: "Osmondan menga bir kitob keltirki, unda: "Olamlar Parvardigoridan Ibn Umayyaga. "Bilginki, Men Muhammadni odamlarga payg'ambar etib yubordim" deb yozilgan bo'lsin", dedi. Yana bir kishi: "Toki Allohni ro'para qilmaguningcha senga imon keltirmaymiz", dedi. Shunda yuqoridagi oyat nozil bo'lgan.
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati