O'zga din vakillaridan biri musulmon olimiga savol berdi: “Quro'onni o'qib chiqdim va natijada menda bir necha savollar paydo bo'ldi. Ishonib aytamanki ushbu savollarimga javob bera olmaysiz”.
“Marhamat, avval savolingizni bering, xulosa qilishga aslo shoshilmang!” dedi musulmon olimi.
Savolim quyidagicha: “Baqara surasining 260-oyatida: “Ey Robbim, menga o'liklarni qanday tiriltirishingni ko'rsat”, degan. Demak, Ibrohim ham o'liklar qayta tirilishiga ishonmagan. Bu esa Qur'onning mo''jizaviy kitobligiga shubha keltiradi”.
“Avvalo oyatni to'liq aytmadingiz. Oyatning to'lig'i quyidagicha: Esla, Ibrohim: «Ey Robbim, menga o'liklarni qanday tiriltirishingni ko'rsat», deganda, U zot: «Ishonmadingmi?» dedi. U: Ore, lekin qalbim xotirjam bo'lishi uchun», dedi. U zot: «Qushdan to'rtta olgin-da, o'zingga tortib, kesib maydala, so'ngra ulardan har bir toqqa bo'laklarini qo'ygin, keyin ularni o'zingga chaqir, huzuringga tezlab kelurlar va bilginki, albatta, Alloh aziz va hakim zotdir», dedi”.
Ibrohim alayhissalom Alloh taolo o'liklarni tiriltira olishiga hech qanday shubha qilmaganlar. U zot alayhissalomning bunga ishonchlari komil edi. Shuning uchun ham Alloh taolo «Ishonmadingmi?» deb so'raganida: «Ore (ishondim), lekin qalbim xotirjam bo'lishi uchun», dedilar. Dilda ishongan narsani, ko'z bilan ko'rib, Alloh taoloning qudratidan ko'ngil xotirjam bo'lishi uchun so'raganlar.
Shuningdek, savolga yaxshilab e'tibor bering! “Ey Robbim, menga o'liklarni qanday tiriltirishingni ko'rsat”, demak “o'liklarni tiriltirasanmi?” emas balki “o'liklarni qanday tiriltirishingni ko'rsat”, deyaptilar.
Sizga bir misol, hozirda dehqon ham, cho'lda yashovchi badaviy ham uyida elektrdan foydalanadi, to'g'rimi? Lekin elektrni qanday kelishini bilmaydilar. Biroq ular hayotda undan foydalanayotganlari rost. Axir keyinchalik uni qayerdan kelishini o'rganish va bilishlari elektrdan foydalanishi yoki foydalanmasligini o'zgartirmaydiku.
Hulosa shuki, Ibrohim alayhissalom Alloh taologa bo'lgan iymonlarida hargiz shubhaning uchquni ham bo'lmagan. Bu erda siz oyatning haqiqatini tushunmagansiz xolos (savol-javobning davomi bor).
Yahyo ABDURAHMONOV Ubaydulloh o'g'li,
“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi.
Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.
IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.
Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.
Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati