بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ رب العالمين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا ونبينا مُحَمَّدٍ الأمين ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ:
TADBIRKOR – ELGA MADADKOR
Muhtaram jamoat! Dinimizda halol kasb qilishga targ'ib qilingan bo'lib, tanballik va ishyoqmaslik kabi kishining o'ziga va jamiyatiga zarar keltiruvchi illatlardan qaytarilgan. Kishi birovga muhtoj bo'lmaslik uchun mehnat qilar ekan, ham o'zining insonlik sharafini himoya qiladi, ham Yaratganning amriga itoat etadi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda kasbu kor qilishga amr qilib shunday degan:
فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
ya'ni: “Bas, qachonki, namoz ado qilingach, erda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko'p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Jum'a surasi, 10-oyat).
Halol rizq yo'lida qilinadigan sa'y-harakatlar uchun ulkan savoblar va'da qilingan bo'lib, hatto bu narsa farz darajasiga ko'tarilgandir. Bu haqda
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"طَلَبُ كَسْبِ الْحَلاَلِ فَرِيْضَةٌ بَعْدَ الْفَرِيْضَةِ"
(رواه الإمام البيهقي عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Imom Muhammad ash-Shayboniy ilm talab qilish qanday farz bo'lsa, halol kasb talab qilish ham xuddi shunday farzdir, deganlar.
Mo'min kishi halol rizq topish harakatida bo'lgan paytida, Allohning amriga muvofiq amal qilishi bilan birgalikda Rasululloh alayhissalomning ko'rsatmalariga ham binoan ish tutayotgan shaxs hisoblanadi. Zero, Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
"مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَامًا قَطُّ خَيْرًا مِنْ أَنْ يَأْكُلَ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ"
(رواه الإمام ابن ماجه عَنِ الْمِقْدَامِ رَضِي اللَّه عَنْه)
ya'ni: “Kishi o'z qo'l mehnati bilan topganidan ko'ra yaxshiroq va pokizaroq taom emaydi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Muhtaram azizlar! Ulamolarimiz tirikchilik va kasb-kor qilish orqali mol topishni bir necha daraja va martabalarga bo'lganlar.
Birinchisi – farz daraja bo'lib, bu kishining o'zi va oilasining zaruriy ehtiyojlarini qondirish hamda qarzlarini uzishga etadigan miqdorda ishlab pul topishidir.
Ikkinchisi – mustahab daraja bo'lib, bu faqir-kambag'allarga ham yordam qo'lini cho'zish, do'st-yor va yaqinlariga muruvvat ko'rsatish maqsadida mol-dunyo orttirishga harakat qilishdir. O'zgalarga yordami tegadigan kishini Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam maqtab bunday deganlar:
"أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاس"
(رواه الإمام الطبراني عَن ابْنِ عُمَر رضي الله عنهما)
ya'ni: “Odamlarning ichida Allohga eng mahbubi odamlarga ko'proq manfaati etadiganidir(Imom Tobaroniy rivoyatlari).
Uchinchisi – muboh darajadagi kasbu kor. Bu farovon hayot kechirish uchun ziyoda mol orttirmoq. Bu ham agar haloldan bo'lsa joizdir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
"مَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا اسْتِعْفَافًا عَنِ الْمَسْأَلَةِ وَسَعْيًا عَلَى الْعِيَالِ وَتَعَطُّفًا عَلَى الْجَارِ لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَوَجْهُهُ كَالْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ"
(رواه الإمام البيهقي عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ).
ya'ni: “Kim odamlarning qo'liga qaram bo'lmaslik, oilasini boqish va qo'ni-qo'shnilariga muruvvat qilish uchun halol mol-dunyo talab qilsa, yuzi to'lin oy kabi porlagan holda Allohga yo'liqadi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
To'rtinchisi – makruh daraja bo'lib, bu manmanlik, kekkayish, kibru havo va maqtanish uchun garchi haloldan bo'lsa ham mol-mulk topish. Nabiy sallallohu alayhi vasallam dedilar:
"وَمَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا مُفَاخِرًا مُرَائِيًا مُكَاثِرًا لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَهُوَ عَلَيْهِ غَضْبَانُ"
(رواه الإمام البيهقي عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Kim mol-dunyoni maqtanish, ko'z-ko'z qilish va boshqalardan ko'pligi bilan faxrlanish uchun talab qilsa, Alloh taologa unga g'azab qilgan holida yo'liqadi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Erta bilan halol rizq topaman, shu orqali bolalarimni boqaman, degan ezgu va pokiza niyatlarda ishiga yo'l olgan insonga Alloh huzurida ulug' ajrlar yoziladi. Shuning uchun Nabiy sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"مَنْ بَاتَ كَالًّا مِنْ طَلَبِ الْحَلالِ بَاتَ مَغْفُورًا لَهُ"
(رواه الإمام ابن عساكر عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُا)
ya'ni: “Kim halol mehnat qilib, horib charchagan holda o'rniga yotsa, tuni gunohlari kechirilgan holda o'tadi” (Imom Ibn Asokir rivoyatlari).
Banda halol mehnat qilib, ahli-ayolimning nafaqasi zimmamdagi vojib amal, deb ixlos bilan bozorga qadam qo'yib kirib borar ekan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ta'lim bergan quyidagi duoni o'qishi maqsadga muvofiq bo'ladi. Binobarin, bunda duo qiluvchi uchun ko'plab foydalar bor. Umar ibn Hattob r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. bunday dedilar:
"مَنْ دَخَلَ السُّوقَ فَقَالَ لاَ إلَهَ إلاَ اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيْكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ يُحْيِيْ وَيُمِيْتُ وَهُوَ حَيٌّ لَا يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيْرٌ، كَتَبَ اللهُ لَهُ أَلْفَ أَلْفِ حَسَنَةٍ وَمَحَا عَنْهُ أَلْفَ أَلْفِ سَيِّئَةٍ وَرَفَعَ لَهُ أَلْفَ أَلْفِ دَرَجَةٍ"
(رواه الإمام الترمذي عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Kimki bozorga kirib, “La ilaha illallohu, vahdahu la sharika lahu, lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumitu va huva hayyul la yamutu biyadihil xoyru va huva 'ala kulli shay'in qodir”, - desa Alloh unga ming-ming yaxshiliklar yozadi, ming-ming xatosini o'chiradi, uni ming-ming darajaga ko'taradi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Darhaqiqat, rizqni beruvchi Alloh ekanligiga hech qanday shubha yo'q. Rizqni qancha miqdorda berish Alloh taologa havola, bandaning vazifasi esa harakat qilish bo'ladi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ
وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ
(سورة سباء/39)
ya'ni: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O'zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O'zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba' surasi, 39- oyat).
Biz niyatimizni to'g'ri qilib, Alloh taolodan so'rab halol kasbu-hunar qilsak, bergan rizqiga shukrona qilsak, inshoalloh, turmushimiz yanada farovon bo'ladi.
Allohga shukrlar bo'lsinki, hozirgi paytda hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarimizga juda ko'p imkoniyatlar yaratilmoqda. Mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, halol rizq talabida bo'lsak, yuqoridagi barcha oyat va hadislarning ko'rsatmalariga muvofiq ish tutgan hamda o'zimiz va o'zgalarni farovon hayot kechirishlariga sababchi bo'lamiz, inshaalloh.
Muhtaram azizlar! Ma'lumki, joriy yilning 20 avgustidan hijriy 1442 yil boshlandi. Uning birinchi oyi Muharram oyi bo'lib, Ramazon oyidan keyin eng hurmatli oy hisoblanadi. Ashuro kuni esa Muharram oyining o'ninchi kunidir. Muharram oyi va unda ro'za tutishning fazilati haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadis rivoyat qilingan. Jumladan: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
"أَفْضَلُ الصِّيَامِ بَعْدَ رَمَضَانَ شَهْرُ اللهِ الْمُحَرَّمُ"
(رَوَاهُ الْاِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Ramazondan keyin ro'zalarning afzali Allohning oyi Muharram (ro'zasi)dir” (Imom Muslim rivoyatlari). Yana bir hadisda shunday marhamat qilingan:
"صِيَامُ يَوْمِ عَاشُورَاءَ إِنِّي أَحْتَسِبُ عَلَى اللَّهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ"
(رَوَاهُ الْاَمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي قَتَادَةَ)
ya'ni: Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ashuro kuni ro'zasi o'tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Bunday ulkan imkoniyat Alloh taoloning biz – bandalariga qilgan fazl va marhamatidir. Fiqhiy kitoblarimizda Ashuro kunining ro'zasi haqida quyidagi masalalar bayon qilingan.
Ashuro kuni (Muharramning 10-kuni)ning ro'zasini 9-kuni bilan qo'shib tutish sunnat amaldir. Faqat Ashuro kunining o'zida ro'za tutish makruhdir (“Fatovoi Hindiya” kitobi).
Ashuro kunidan avval ham, keyin ham bir kun ro'za tutish mustahab bo'ladi (“Fathul Qadir” kitobi).
Demak, bu yilgi Ashuro kuni 29 Avgust shanba kuniga to'g'ri kelishini inobatga olib, Ashuro kuniga bir kunni qo'shib, juma va shanba yoki shanba va yakshanba kunlari ro'za tutsak yoki imkoniyati borlar Ashuro kuniga qo'shib bir kun oldin va bir kun keyin ro'za tutsalar yuqorida va'da qilingan barcha savoblarni qo'lga kiritadilar, inshaalloh.
Shuningdek, Ashuro kuni oila ahliga kengchilik qilish borasida hadisi sharifda shunday deganlar:
"مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ فِي سَائِرِ سَنَتِهِ"
(َروَاهُ الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ عَنْ عَبْدِ اللهِ ابْنِ مَسْعُودٍ)
ya'ni: Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim oila ahliga Ashuro kunida (oziq-ovqat, kiyim-kechakda va boshqa narsalarda) kengchilik qilsa, yilning qolganida Alloh unga kengchilik qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Imom Sufyon as-Savriy hazratlari: “Biz ushbu hadisni amalda qo'llab ko'rdik va uning aytilganidek ekanligiga guvoh bo'ldik,” – deganlar. Sufyon ibn Uyayna: “Biz buni 50-60 yil tajriba qilib ko'rdik va faqatgina yaxshilik ko'rdik”, – deganlar.
Demak, Ashuro kuni bozorlik qilib, ro'zg'orini but qilib olsa, yilning qolgan oylari ham barakali bo'lishi umid qilinadi.
Yangi hijriy yil yurtimiz, xalqimiz, oilamiz uchun tinchlik, xotirjamlik, xayrli-barakali yil bo'lishini Alloh taolo nasib aylab, tadbirkorlarimizning kasbu korlariga baraka berib, xalqimiz turmushida farovonlikni yanada ziyoda aylasin! Omin!
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati