Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Abu Mansur Moturidiyning qanday asarlari bor?

26.08.2020   8040   5 min.
Abu Mansur Moturidiyning qanday asarlari bor?

Ahli sunna val jamoaning ikki aqidaviy yo‘nalishidan biri moturidiya mazhabi hisoblanadi. Bu mazhab asoschisi Abu Mansur Moturidiy shar’iy ilmlarning uchta yo‘nalishi bo‘yicha asarlar ta’lif etgan:

  1. Tafsir;
  2. Usulul fiqh;
  3. Aqoid.

Tafsir yo‘nalishi bo‘yicha “Ta’viylotu ahli sunna” (Ahli sunnaning tushuntirishlari) nomli ulkan tafsir yozgan. Bu tafsirda Qur’on oyatlari tafsiridan tashqari e’tiqodga, usulul fiqhga va fiqhga tegishli hukmlar ham mahorat bilan ochib berilgan. Qur’on oyatlarini ko‘pincha oyatlar bilan tafsir qilgan, ayrim o‘rinlarda hadislar bilan ham tafsir qilgan. “Ta’viylotu ahli sunna” tafsirini hamasr ulamolardan Muhammad Zohid Kavsariy: “Bu kitob o‘z bobida unga tengi yo‘q bo‘lgan kitobdir”, deya madh qilgan. Abu Mansur Moturidiy “Ta’viylotu ahli sunna” tafsirida juda ko‘plab hikmatli gaplarni keltirgan, ulardan namuna sifatida quyidagilarni aytish mumkin:

 – Alloh taolo bandalarini ular uchun manfaatli bo‘lgan narsalarga buyuradi va ularga zarar yetadigan narsalardan qaytaradi;

  • Dunyo yaxshiliklari ilm va ibodatdir, oxirat yaxshiliklari jannat va mag‘firatdir;
  • Qur’on shifo izlovchilar uchun dunyoda shifodir, uni (hukmlarini) mahkam tutganlar uchun rahmatdir;
  • Dunyodagi narsalar ikkita nur orqali – qalb nuri va havodagi nur orqali ko‘rinadi. Kofir kimsaning qalb nurini zulmat to‘sib qo‘ygani sababli Qur’onning nuri va shifosini ko‘ra olmaydi. Mo‘min esa uning shifosi va nurini iymoni nuri orqali ko‘radi.

Abu Mansur Moturidiy usulul fiqh yo‘nalishi bo‘yicha “Ma’xozush sharoi’” (Shar’iy hukmlar manbasi) va “Jadal” (Ilmiy bahslar) nomli ikkita kitob yozgan. Ushbu ikki kitob hanafiya mazhabidagi qoidalar va ulardan kelib chiqadigan hukmlarni go‘zal suratda jamlagan asarlar, deb vasf qilingan. Zero, bu kitoblar hijriy oltinchi asrgacha hanafiylarning usulul fiqh bo‘yicha murojaat qiladigan asosiy manbalari hisoblangan. Keyinchalik esa ushbu yo‘nalish bo‘yicha yozilgan Abu Zayd Dabbusiyning “Taqviymul adilla” va Faxrul Islom Pazdaviyning “Kanzul usul” kabi usulul fiqh bo‘yicha yozilgan asarlarning asosi bo‘lib xizmat qilgan. Ulamolar bu ikki kitobning bizgacha yetib kelmaganini afsus bilan yodga oladilar.   

Abu Mansur Moturidiy aqoid yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab asarlar yozgan. Bu asarlarni o‘rganib chiqqan ulamolar ularni uch turga ajratganlar:

  1. Maqolot (maqolalar);
  2. Raddiyalar;
  3. Alloh taologa iymon keltirish asoslari.

Maqolot:

Aslida Moturidiydan oldin ham “Maqolot” (maqolalar) nomli bir qancha kitoblar yozilgan va ularda asosan Islom diniga mansub turli firqalarning qarashlari jamlangan. Masalan, Abul Hasan Ash’ariyning “Maqolotul islomiyyin” asari xuddi shunday asarlar sirasiga kiradi. Ba’zi olimlar Abu Mansur Moturidiyning “Maqolot” kitobini “Kitabut Tavhid” bilan bitta kitob bo‘lgan deb hisoblashgan.

Raddiyalar:

Abu Mansur Moturidiy qadariy, mo‘taziliy va qarmatiy kabi adashgan firqalarning qilayotgan da’volariga birma-bir naqliy hamda aqliy dalillar asosida raddiyalar qilgan. “Bayanu vahmil mo‘tazila” (Mo‘taziliylarning noto‘g‘ri tasavvuri bayoni), “Roddu a’lal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi asarlarida mazkur firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarni ko‘rsatib bergan. 

Abu Mansur Moturidiyning qilgan eng ulkan xizmati Ahli sunna val jamoaga qarshi chiqqan firqalarning da’volariga umumiy raddiya qilishdan tashqari, ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Ya’ni, bu zot o‘sha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tug‘dirib turgan mo‘taziliy yetakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da mag‘lub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir: 

  • Abu Muhammad Bohiliy mo‘taziliyning “Usulul xomsa” (beshta asos) kitobiga “Roddu usulil xomsa” (“beshta asos” kitobiga raddiya);
  • Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “tahziybul jadal” (Ilmiy bahslarni o‘rgatish) kitobiga “Roddu tahziybil jadal” (“Ilmiy bahslarni o‘rgatish” kitobiga raddiya);
  • Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “Va’iydul fussaq” (Fosiqlarga tahdid) kitobiga “Roddu “Va’iydil fussaq” (“Fosiqlarga tahdid” kitobiga raddiya);
  • Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “Availul adilla” (Dastlabki dalillar) kitobiga “Roddu availil adilla” (“Dastlabki dalillar” kitobiga raddiya) kabi asarlar yozgan.

 Alloh taologa iymon keltirish asoslari:

Abu Mansur Moturidiy Alloh taologa iymon keltirish asoslari bo‘yicha “Tavhid” kitobini yozgan. Kalom ilmiga oid ensiklopediya deyish ham mumkin bo‘lgan bu kitob Moturidiya mazhabining asosiy qarashlarini bayon qiluvchi asardir. Imom Moturidiyning ushbu asari undan keyin yozilgan kalom kitoblariga andoza hisoblanadi. Chunki keyinchalik yozilgan kalom kitoblari asosan Imom Moturidiyning uslubiga ko‘ra yozilgani va ma’lumotlar u zotning tartibiga ko‘ra tartiblangani inkor qilib bo‘lmaydigan ochiq haqiqatdir. Moturidiya mazhabidagi kitoblarning avvalida keladigan “bilish vositalari” mavzusini ham dastlab Abu Mansur Moturidiy joriy qilgan.

Moturidiya mazhabining asosiy qarashlarini bayon qiluvchi “Tavhid” kitobi “bilish vositalari” mavzusi bilan boshlanib, so‘ngra dahriylar, sumaniylar, sufastoiylar kabi firqalarga raddiya berishga o‘tilgan. Kitob oxirida qazo va qadar, iymon, shafoat, iymon va Islom masalalari bayon qilingan. Moturidiya mazhabidagi mashhur kitoblar bo‘lgan Abul Muin Nasafiyning “Tabsirotul adilla”, Umar Nasafiyning “Aqoidun Nasafiy” kabi asarlari “Tavhid” kitobi asosida ta’lif etilgan asarlar hisoblanadi.

 

Abdulqodir Abdur Rahim,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom

instituti o‘qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi

26.08.2026   18113   1 min.
Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi
Yangiliklar