Ahli sunna val jamoaning ikki aqidaviy yo‘nalishidan biri moturidiya mazhabi hisoblanadi. Bu mazhab asoschisi Abu Mansur Moturidiy shar’iy ilmlarning uchta yo‘nalishi bo‘yicha asarlar ta’lif etgan:
Tafsir yo‘nalishi bo‘yicha “Ta’viylotu ahli sunna” (Ahli sunnaning tushuntirishlari) nomli ulkan tafsir yozgan. Bu tafsirda Qur’on oyatlari tafsiridan tashqari e’tiqodga, usulul fiqhga va fiqhga tegishli hukmlar ham mahorat bilan ochib berilgan. Qur’on oyatlarini ko‘pincha oyatlar bilan tafsir qilgan, ayrim o‘rinlarda hadislar bilan ham tafsir qilgan. “Ta’viylotu ahli sunna” tafsirini hamasr ulamolardan Muhammad Zohid Kavsariy: “Bu kitob o‘z bobida unga tengi yo‘q bo‘lgan kitobdir”, deya madh qilgan. Abu Mansur Moturidiy “Ta’viylotu ahli sunna” tafsirida juda ko‘plab hikmatli gaplarni keltirgan, ulardan namuna sifatida quyidagilarni aytish mumkin:
– Alloh taolo bandalarini ular uchun manfaatli bo‘lgan narsalarga buyuradi va ularga zarar yetadigan narsalardan qaytaradi;
Abu Mansur Moturidiy usulul fiqh yo‘nalishi bo‘yicha “Ma’xozush sharoi’” (Shar’iy hukmlar manbasi) va “Jadal” (Ilmiy bahslar) nomli ikkita kitob yozgan. Ushbu ikki kitob hanafiya mazhabidagi qoidalar va ulardan kelib chiqadigan hukmlarni go‘zal suratda jamlagan asarlar, deb vasf qilingan. Zero, bu kitoblar hijriy oltinchi asrgacha hanafiylarning usulul fiqh bo‘yicha murojaat qiladigan asosiy manbalari hisoblangan. Keyinchalik esa ushbu yo‘nalish bo‘yicha yozilgan Abu Zayd Dabbusiyning “Taqviymul adilla” va Faxrul Islom Pazdaviyning “Kanzul usul” kabi usulul fiqh bo‘yicha yozilgan asarlarning asosi bo‘lib xizmat qilgan. Ulamolar bu ikki kitobning bizgacha yetib kelmaganini afsus bilan yodga oladilar.
Abu Mansur Moturidiy aqoid yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab asarlar yozgan. Bu asarlarni o‘rganib chiqqan ulamolar ularni uch turga ajratganlar:
Maqolot:
Aslida Moturidiydan oldin ham “Maqolot” (maqolalar) nomli bir qancha kitoblar yozilgan va ularda asosan Islom diniga mansub turli firqalarning qarashlari jamlangan. Masalan, Abul Hasan Ash’ariyning “Maqolotul islomiyyin” asari xuddi shunday asarlar sirasiga kiradi. Ba’zi olimlar Abu Mansur Moturidiyning “Maqolot” kitobini “Kitabut Tavhid” bilan bitta kitob bo‘lgan deb hisoblashgan.
Raddiyalar:
Abu Mansur Moturidiy qadariy, mo‘taziliy va qarmatiy kabi adashgan firqalarning qilayotgan da’volariga birma-bir naqliy hamda aqliy dalillar asosida raddiyalar qilgan. “Bayanu vahmil mo‘tazila” (Mo‘taziliylarning noto‘g‘ri tasavvuri bayoni), “Roddu a’lal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi asarlarida mazkur firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarni ko‘rsatib bergan.
Abu Mansur Moturidiyning qilgan eng ulkan xizmati Ahli sunna val jamoaga qarshi chiqqan firqalarning da’volariga umumiy raddiya qilishdan tashqari, ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Ya’ni, bu zot o‘sha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tug‘dirib turgan mo‘taziliy yetakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da mag‘lub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir:
Alloh taologa iymon keltirish asoslari:
Abu Mansur Moturidiy Alloh taologa iymon keltirish asoslari bo‘yicha “Tavhid” kitobini yozgan. Kalom ilmiga oid ensiklopediya deyish ham mumkin bo‘lgan bu kitob Moturidiya mazhabining asosiy qarashlarini bayon qiluvchi asardir. Imom Moturidiyning ushbu asari undan keyin yozilgan kalom kitoblariga andoza hisoblanadi. Chunki keyinchalik yozilgan kalom kitoblari asosan Imom Moturidiyning uslubiga ko‘ra yozilgani va ma’lumotlar u zotning tartibiga ko‘ra tartiblangani inkor qilib bo‘lmaydigan ochiq haqiqatdir. Moturidiya mazhabidagi kitoblarning avvalida keladigan “bilish vositalari” mavzusini ham dastlab Abu Mansur Moturidiy joriy qilgan.
Moturidiya mazhabining asosiy qarashlarini bayon qiluvchi “Tavhid” kitobi “bilish vositalari” mavzusi bilan boshlanib, so‘ngra dahriylar, sumaniylar, sufastoiylar kabi firqalarga raddiya berishga o‘tilgan. Kitob oxirida qazo va qadar, iymon, shafoat, iymon va Islom masalalari bayon qilingan. Moturidiya mazhabidagi mashhur kitoblar bo‘lgan Abul Muin Nasafiyning “Tabsirotul adilla”, Umar Nasafiyning “Aqoidun Nasafiy” kabi asarlari “Tavhid” kitobi asosida ta’lif etilgan asarlar hisoblanadi.
Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom
instituti o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odamlarda turli xil qiziqish bo‘ladi. Bir odam zamonasida qancha ulug‘ zot bo‘lsa, hammasining huzuriga borib, «agar ertaga oxirgi kuningiz ekani ma’lum bo‘lsa, o‘sha kunda qanday amal qilasiz?» deb so‘rardi. Bu odamning maqsadi Allohning valiylari nazdidagi savobi eng ko‘p va najotga sabab bo‘ladigan amalni bilish edi. Shunday qilib, turli xil odamlarning oldiga borib, shu savolni berib yurdi. O‘sha paytdagi mashhur muhaddis Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh huzurlariga ham bordi va u kishidan ham shu savolni so‘radi: «Agar sizga ertaga vafot etishingiz ma’lum bo‘lsa, bugun qanday amal qilgan bo‘lar edingiz?».
Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh shunday deb javob berdilar: «Mening har kuni qiladigan amalim bor, o‘shani qilaman. Unga birorta amal qo‘sha olmayman. Chunki vaqtlarimni shunday tartiblab olganmanki, go‘yo har bir kun mening eng oxirgi kunimdir. Ertalabdan kechgacha hayotimni shunday tartibga solganmanki, go‘yo bugun hayotimning oxirgi kuni va men qaysi amalni qilishim kerak bo‘lsa, o‘sha amalni qilyapman».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan