Kechagina shodu xurramlik bilan kutib olgan muborak Ramazon oyi bugun nihoyalab qoldi. Bu xayr-saxovat va muruvvat oyida ko'plab ko'ngli o'ksik insonlar holidan xabar olinib, ularga hadyalar ulashildi.
Bu oyda qanday xayrli ish bo'lsa, hammasi amalga oshirildi. Hududlarni obodonlashtirish, ko'chat o'tqazish, gulu rayhonlar ekish.. hammasi uddalandi.
Ramazon hayitiga Bo'stonliq tumani Sobir Rahimov nomidagi mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan «Olimjon ota» jome masjidi imom-xatibi Elyorjon domla Erpo'latov tashabbusi bilan homiylar ko'magida mazkur mahallaning 144 metrli yo'liga asfal't qoplamasi yotqizilgani chinakam quvonchli voqYea bo'ldi. Bu xayrli ishga 139 million so'm homiylar mablag'i sarflangani mahalla ahlining uzog'ini yaqin qiladigan bo'ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Inson vafot etsa uchta amalining savobidan boshqa hammasi to'xtaydi. Ular – sadaqai joriya, foydali ilm va ota-ona haqqiga duo qiladigan solih farzand”, deb marhamat qilganlar.
Sadaqai joriya – oqib turadigan, ya'ni savobi mo'minga nafaqat bu dunyoda, balki qabrda ham manfaat berib turadigan go'zal ishlar majmuidir. Jumladan, jamiyat uchun o'ta manfaatli bo'lgan yo'llar va ko'priklarni qurish va ta'mirlash, maktab-madrasa va shifoxona kabilarni barpo etish ishlari ham ulamolarimiz tomonidan sadaqai joriya toifasidagi savobli ishlar, deb e'tirof etilgan.
Alloh taolo kaftdek ravon va tekis bunday yo'l qurilishiga, asfal't yotqizilishiga hissa qo'shgan barcha azizlarimizdan rozi bo'lsin.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati