O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining navbatdagi onlayn majlisi bo'lib o'tdi. Unda Ramazon hayitini ko'tarinki ruhda o'tkazishga oid kun tartibidagi bir qator masalalar muhokama qilindi.
Yig'ilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon hayiti qaysi kunga to'g'ri kelishi va hijriy 1445 yil Shavvol oyi hilolini kuzatish bo'yicha qilinayotgan ishlar hamda falakiy hisob-kitoblar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil ko'rib chiqildi. Turkiy davlatlar diniy idoralari mas'ullari bilan ham ushbu masala keng muhokama qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fiqhiy qoidalar, falakiy hisob-kitoblar va astronomik kuzatishlarga tayangan holda joriy yilda diyorimizda Ramazon hayiti 2024 yil 10 aprel', chorshanba kuniga to'g'ri kelishi kutilayotganini ma'lum qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ozarbayjon safari davomida Turkiy davlatlar muftiylari va anjuman ishtirokchilari Boku, Fuzuliy, Ag‘dam, Shusha singari shaharlardagi muborak qadamjolarni ziyorat qilishdi. Xususan, Boku shahridagi Sayyid Yahyo Bakuviy ziyoratgohi va "Shahidlar xiyoboni"da bo‘ldilar.
Tashkilotchilar iltimosiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ag‘dam shahridagi tarixiy “Juma” masjidida turli davlatlardan kelgan muftiylar, ulamolar va martabali mehmonlarga peshin namozida imomlik qilib berdilar.
Ziyoratlar asnosida ulamolar tomonidan Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, qardosh ellar tinchligi, barqarorligi va birdamligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati