Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

O'lchov va taroziga ehtiyot bo'laylik

08.04.2024   1149   9 min.
O'lchov va taroziga ehtiyot bo'laylik

«(Savdo-sotiqda o'lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o'lchab olgan vaqtlarida to'la qilib oladigan, ularga o'lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir. Ular (o'lgandan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini o'ylamaydilarmi,Ulug' kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!» (Mutaffifun, 1–6).

Madinaliklar orasida o'lchov va tarozidan urib qolish odati bor edi. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida: «(Savdo-sotiqda o'lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy!»(Mutaffifun, 1) oyati nozil bo'ldi. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) ularga oyatni o'qib berdilar va aytdilar: “Besh narsaga besh narsa sabab bo'ladi: qaysi qavm ahdini buzsa, Alloh taolo ularga dushmanini hukmron qilib qo'yadi; qaysi bir qavm Alloh taolo bo'yinsunmasa, ularda faqirlik ko'payadi; qaysi qavmda fohishalik paydo bo'lsa, ularda o'lim ko'payadi; qaysi qavm o'lchov va tarozidan uradigan bo'lsa, ularda qurg'oqchilik bo'ladi; qaysi qavm zakotni bermasa, ularga yomg'ir yog'may qoladi”.

«(Savdo-sotiqda o'lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! ...»

Mufassirlar aytadilar: "Voy, ya'ni vayl, oxiratda bo'ladigan qattiq azobdir".

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: "Vayl do'zaxdagi bir vodiydir, unda yiring oqadi, uning ahli o'lchov va tarozidan urib qoluvchilardir...".

«Ular odamlardan (biror narsani) o'lchab olgan vaqtlarida to'la qilib oladigan, ularga o'lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir».

Ibn Kasir tafsirida bunday deyilgan: "Insonlardan molni o'lchab olganda ko'paytirib oladigan, boshqalarga o'lchab berganda urib qoluvchi kishilar "mutaffif", ya'ni o'lchov va tarozidan urib qoluvchidir".

Sotuvchining o'lchov va tarozidan urib qolishiga indamay rozi bo'lib ketish kerak emas. Balki jamiyatda bunday illatga qarshi kurashish va uning oldini olish lozim.

Ulamolar: “Tarozidin ko'p va oz urib qolishning azobi oxiratda bir xil bo'ladi”,deyishgan. Hatto ba'zi olimlar, tarozidan urib qolishni niyat qilishning o'zi ham katta gunohlardan, deb hisoblaganlar.

Imom Moturidiy oyat tafsirida aytadi: “Kishi o'lchanadigan molni sotib olayotganda sotuvchining tarozidan urib qolayotganini bilib indamasa, unga rozi bo'lsa yo uni kechirib yuborsa, sotuvchining gunohiga sherik bo'ladi. Chunki tarozidan, o'lchovdan urib qolish oluvchi yo sotuvchidan birining zarar ko'rayotgani uchun harom emas, balki Alloh taolo tarozi va o'lchovdan urib qolishni man qilgani uchun, haromdir”.

Hazrat Ali (roziyallohu anhu) bir kuni za'faron o'lchab sotayotgan kishining yonidan o'tib ketayotganida, sotuvchi molni xaridorga og'irroq qilib berdi. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) unga dedi: “Oldin tarozida teng qilib o'lchab ber, ana undan so'ng xohlaganingcha qo'shib ber”.Demak, sotuvchi oldin tarozini to'g'ri tortib, zimmasidagi vojibni ado etishi zarur. So'ng agar istasa, molidan bir miqdorini xaridorning xaltasiga solib, ehson qilishi mumkin.

Ibn Umar (roziyallohu anhu) sotuvchi oldidan o'tganlarida bunday der ekanlar: “Allohdan qo'rq, to'g'ri o'lcha, chunki tarozidan urib qoluvchilar qiyomat kuni to'xtatiladi, ularning badanlarini ter qoplaydi”.

Ba'zi olimlar aytishlaricha, nafaqat o'lchov va tarozidan urib qoluvchilar, balki molning aybini aytmay, xaridorni aldab sotuvchilar ham “mutaffif” hisoblanadi.

Ba'zi olimlar bunday deganlar: "Urib qolish o'lchov, vaznda bo'lgani kabi, namoz va tahoratda, so'zda ham bo'ladi. Ya'ni, kishi tahorat va namoz yoki boshqa ibodatlarning ruknlarini to'la, nuqsonsiz, mukammal bajarishi lozim, aks holda mutaffir bo'ladi".

Ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) aytadi: "Namoz ham tarozidir (ya'ni tarozu kabi me'yordadir). Kim uni mukammal ado etsa, Alloh uning ajrini to'la beradi, kim uni nuqsonli qilsa, sizlar Alloh taoloning tarozidan urib qoluvchilar haqidagi so'zini eshitgansiz (ya'ni, tarozidan urib qoluvchilarning oqibati qanday bo'lishini bilasiz)”.

«Ular (o'lgandan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini o'ylamaydilarmi, Ulug' kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!» Ya'ni, o'lchovdan urib qoluvchilar qiyomat kuni qayta tirilib, barcha qilgan ishlari haqida javob berishlarini o'ylamaydilarmi?

Ibn Umar (roziyallohu anhu)ning “Vaylunlil mutoffifin” surasini o'qib «“Ulug' kunda (qiyomatda)odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda mazmunli oyatiga etganda o'qishdan to'xtab yig'ladilar va hushdan ketganlari» rivoyat qilingan.

Kundalik turmushda bo'ladigan savdo-sotiqda o'ta ehtiyot bo'laylik, bir-birimizni haqimizga xiyonat qilmaylik!

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   12409   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar