Cavol: Ota-ona, aka-uka, opa-singillar haqiqatdan zakot olishga haqli bo'lsa, ularga zakot berish mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Zakotni o'zaro tug'ilish aloqasi bo'lganlar, ya'ni, ota-onasi, bobo-momosi, o'g'il-qizlari va ularning farzandlari, er-xotinlik aloqalari bo'lganlar, ya'ni, er yoki xotinga berishi mumkin emas. Shuningdek, o'zga din vakillari, nisob miqdoricha moli bo'lgan kishilarga ham zakot berilmaydi.
Aka-uka, opa-singillarga kelsak, ushbu savolga mo''tabar fatvo kitoblarimizda bunday javob berilgan: “Zakot, fitr va nazrni berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So'ng ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so'ng ularning farzandlari. Keyin tog'a-xolalar va ularning farzandlari, so'ng yuqoridagilardan boshqa qarindoshlar. Ulardan keyin navbat bilan qo'shnilar, hamkasblar, hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar”(Fatavoi Hindiyya).
“Bahrur roiq” kitobida: “Qarzi bor kishiga zakot berish faqirga zakot berishdan ko'ra afzaldir”, deyilgan.
Demak, agar aka-uka yoki opa-singillar zakot berish nisobiga ega bo'lishmasa zakot berish uchun eng afzal kishilar hisoblanar ekan. Zakot berishni yaqin qarindoshlardan boshlansa, ham Alloh taoloning buyrug'i ado bo'ladi, ham qarindosh-urug'lik rishtalari mustahkamlanadi. Silai rahmga amal qilish – Alloh taoloni rozi qiladigan ishlardan biridir. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati