Uqba ibn Omir roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuyalarini etaklab borardim. U zot sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey Uqba, eng yaxshi ikki surani senga o'rgatib qo'yaymi?” dedilarda “Qul a'uuzu birobbil falaq” va “Qul a'uuzu birobbin-naas”ni o'rgatdilar”.
Yana Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uchratib qoldim, u zotning qo'llarini ushlab: “Yo Allohning Rasuli, mo'minning najoti nimada?” dedim”.
U zot alayhissalom: “Tilingni tiy. Uyingga sig'. Gunohlaring uchun yig'la”, dedilar.
Boshqa safar Nabiy alayhissalom meni uchratib qoldilar va qo'limni ushlab: “Ey Uqba ibn Omir! Senga Tavrot, Injil, Zabur va Qur'ondagi uchta yaxshi surani aytaymi?” dedilar.
– Ha, ayting yo Rasululloh. Ota-onam Sizga fido bo'lsin! – dedim.
– U zot menga “Ixlos”, “Falaq”, “Nos”ni o'qib berdilar. Keyin: “Ey Uqba, ularni unutma, birorta tunni bu suralarni o'qimay o'tkazma!” dedilar.
– Men ushbu suralarni aslo unutmadim. Ularni o'qimay birorta tong ottirmadim.
Boshqa hadisda Uqba ibn Omir roziyallohu anhu bunday deganlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga har namozdan keyin “mu'avvizatayni” ya'ni “Falaq” va “Naas” suralarini o'qishni buyurdilar”.
Shuning uchun, kechasi uxlashga yotishdan avval hamda har namozdan keyin ushbu suralarni o'qishga odatlanish lozim.
Davron NURMUHAMMAD
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehr-oqibat, oqibat va xayr-saxovat marafonlari yangicha sur’at va keng yoyilmoqda. Inson qadrini ulug‘lashni bosh maqsad qilgan ushbu ezgu tashabbuslar yurtimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimizga mehr ulashishga qaratilgan.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan "Imom eshon Muhammad" jome masjidida yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimiz uchun maktab formasi va o‘quv qurollarini berish tadbiri o‘tkazildi.
Ko‘ngillarga umid, yuraklarga quvonch taratgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Alisher Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin domla Razov va "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi A.Jolovshiyevlar ishtirok etib, 35 bolaga maktab formalari va bayram sovg‘alarini tantanali tarzda topshirdi.
Bunday g‘amxo‘rlik tadbiri farzandlarimizning ko‘zlarida quvonch uchqunini yoqib, ko‘ngillarida cheksiz faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
"Inson qadri ulug‘langan, mehr-oqibat ustuvor bo‘lgan yurtda doimo taraqqiyot va baraka bo‘ladi."
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti