Har bir xalqning tarixi, madaniyati va dunyoqarashi eng, avvalo, uning ona tilida aks etadi. Til shunchaki muomala va muloqot vositasi emas, balki avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bebaho ma’naviy xazina, milliy qadriyatlar va o‘zlikni mustahkamlash vositasidir.
Yurtimizda 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlanadi. Bu qutlug‘ sana faqat bayram sanasi emas, balki xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan tarixiy kundir.
O‘zbek tili asrlar davomida ajdodlarimizning sharqona hikmatlari, bahodirlik eposlari va mutafakkirlarimizning ilmiy merosini o‘zida jamlab, xalqqa taqdim etib kelgan. Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» asaridan tortib, Alisher Navoiyning betakror «Xamsa»sigacha bo‘lgan boy meros tilimizning qanchalik teran va qudratli ekanini isbotlaydi.
Dinimizda ham har bir xalqning tili, irqi turlichaligi Allohning belgilaridan biri sifatida qadrlanadi. Qolaversa, tilga bo‘lgan ehtirom va uni sof holda saqlash odob, ma’naviyat va omonatga vafodorlikning muhim ko‘rinishidir. Ayniqsa, tilimizda shakllangan iboralar xalqimizga xos bo‘lgan yuksak axloq va sharqona qadriyatlarni yaqqol aks ettiradi.
Demak, bugungi shiddatli globallashuv zamonida ona tilimizni sof holda saqlab qolish va uni ardoqlash muhim mas’uliyatdir. Chunki tilni asrash – bu milliy o‘zligimizni, urf-odat va qadriyatlarimizni kelajak avlodga bezavol yetkazishdir.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz vatandoshlar!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati