وَإِذَا قِيلَ لَهُمۡ ءَامِنُواْ بِمَآ أَنزَلَ ٱللَّهُ قَالُواْ نُؤۡمِنُ بِمَآ أُنزِلَ عَلَيۡنَا وَيَكۡفُرُونَ بِمَا وَرَآءَهُۥ وَهُوَ ٱلۡحَقُّ مُصَدِّقٗا لِّمَا مَعَهُمۡۗ قُلۡ فَلِمَ تَقۡتُلُونَ أَنۢبِيَآءَ ٱللَّهِ مِن قَبۡلُ إِن كُنتُم مُّؤۡمِنِينَ٩١
91. Agar ularga: "Alloh tushirgan narsaga imon keltiringlar" deyilsa, "Biz o‘zimizga tushirilgan narsaga imon keltiramiz" deb, o‘z kitoblarini tasdiqlab kelgan Haq Kitobni inkor qilishadi. (Ey Muhammad): "Agar mo‘min bo‘lsanglar, nega oldin Allohning payg‘ambarlarini o‘ldirdinglar?" deng.
Islom ta’limotiga ko‘ra, Odam alayhissalomdan tortib oxirgi payg‘ambar Muhammad alayhissalomgacha bo‘lgan barcha payg‘ambarlar Islomga – yolg‘iz Allohga imon keltirishga da’vat qilishgan, qiyomat kuniga va unda har kim bu dunyodagi amaliga yarasha mukofot yoki jazo olishiga ishonishga chaqirishgan, insonlarning ikki dunyo saodatiga erishishlariga sabab bo‘ladigan shariat ahkomlarini bayon qilishgan. Chunki Islom kelajak, istiqbol risolati bo‘lgani kabi olis moziy risolati hamdir. U o‘z javharida, e’tiqodiy va axloqiy mohiyatida o‘tgan barcha payg‘ambarlar va nozil qilingan kitoblar risolatidir. Demak, barcha payg‘ambarlar Islom bilan kelishgan, tavhidga chaqirishgan. Bunga Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlari dalolat qiladi. Islom mohiyatiga ko‘ra, Nuh alayhissalom zamonlaridan to payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomgacha kelgan barcha payg‘ambarlarning risolatidir.
Ammo insoniyatning juda oz qismi ularga ergashgan. "Faqat qo‘limizdagi narsalarga yoki ota-bobolarimiz e’tiqodiga ishonamiz" deya Alloh taolo huzuridan kelgan vahiylarga quloq solishmadi, eng ayanchlisi, ularni inkor qilishgacha borishdi. Gumroh va so‘qir insonlar Allohning payg‘ambarlari da’vatiga quloq solishmadi, hatto ularni yolg‘onchiga chiqarishdi, o‘ldirishgacha borib yetishdi. Ana shunday sarkash, isyonkor, itoatsiz, noshukr qavmlar bu dunyoning o‘zidayoq turli baloyu-ofatlarga, falokatlarga uchrab, Yer yuzidan yo‘q qilib yuborildi. Qur’oni karimda zikri kelgan payg‘ambarlarning qissalarida ana shu qavmlarning fojiasi keltirilgan: "(Ey Muhammad), agar ular (ya’ni, Makka mushriklari) sizni yolg‘onchi qilsalar, ulardan ilgari Nuh qavmi, Od, Samud (qabilalari) ham (o‘zlariga yuborilgan payg‘ambarlarni) yolg‘onchi qilgandirlar. Ibrohimning qavmi (Ibrohimni), Lut qavmi (Lutni), Madyan aholisi (Shuaybni yolg‘onchi qilgandirlar). Muso ham yolg‘onchiga chiqarildi. Men esa kofir bo‘lgan kimsalarga muhlat berib qo‘yib, so‘ngra ularni (O‘z azobim bilan) ushladim. Bas, Mening inkorim qanday bo‘ldi?!" (Haj, 42-44). Darhaqiqat, payg‘ambarlar tarixiga nazar solsak, insonlar hamisha isyonda bo‘lgani, o‘zlariga da’vat va vahiy keltirgan Allohning elchilariga bo‘ysunishmagani uchun oxiri bu dunyoda cheksiz azob-kulfatlar, oxiratda esa alamli jahannam qiynoqlari kutayotganidan ogohlantirilgan.
۞وَلَقَدۡ جَآءَكُم مُّوسَىٰ بِٱلۡبَيِّنَٰتِ ثُمَّ ٱتَّخَذۡتُمُ ٱلۡعِجۡلَ مِنۢ بَعۡدِهِۦ وَأَنتُمۡ ظَٰلِمُونَ٩٢
92. Va Muso sizlarga ochiq hujjat keltirdi, sizlar esa u yo‘qligida zolimlardan bo‘lib buzoqqa sig‘indingizlar.
Alloh taolo Muso alayhissalomni Bani Isroilga payg‘ambar qilib yuborgandi. Muso alayhissalomning nomi Qur’oni karimda yuz martadan ko‘p takrorlanib kelgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qavm tomonidan jabr-zulm kuchayib ketganda u zot: “Alloh birodarim Musoga rahm qilsin. U mendan ko‘ra qattiqroq ozorlarga uchrasa-da, lekin bunga sabr qildi”, deganlar. Muso alayhissalom yashagan davrda Ramses Ikkinchi degan zolim va qattiqqo‘l fir’avn (hukmdor) davlatni boshqargan edi. Alloh taolo payg‘ambari Musoning imonsiz Fir’avnga qarshi e’tiqodiy kurash olib borishi uchun uni turli mo‘jizalar bilan qo‘lladi. Muso alayhissalom ko‘rsatgan hassaning ilonga aylanishi, qo‘llarining oppoq bo‘lishi, dengizning ikkiga bo‘linishi, Tavrotning tushirilishi kabi ochiq-oydin dalil-hujjatlarni ko‘rib turib ham Bani Isroil darrov to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘idi va Muso alayhissalom Tur tog‘iga Alloh taolo bilan roz aytishga ketganida bir kohin yasagan oltin buzoqqa sig‘ina boshladi.
وَإِذۡ أَخَذۡنَا مِيثَٰقَكُمۡ وَرَفَعۡنَا فَوۡقَكُمُ ٱلطُّورَ خُذُواْ مَآ ءَاتَيۡنَٰكُم بِقُوَّةٖ وَٱسۡمَعُواْۖ قَالُواْ سَمِعۡنَا وَعَصَيۡنَا وَأُشۡرِبُواْ فِي قُلُوبِهِمُ ٱلۡعِجۡلَ بِكُفۡرِهِمۡۚ قُلۡ بِئۡسَمَا يَأۡمُرُكُم بِهِۦٓ إِيمَٰنُكُمۡ إِن كُنتُم مُّؤۡمِنِينَ٩٣
93. Sizlardan ahd olib, tepangizga Tur tog‘ini ko‘tarib: "Biz sizlarga bergan Kitobni mahkam tutinglar va eshitinglar" deganimizni eslanglar. Ular: "Eshitdik, ammo itoat qilmadik", deyishdi. Kufrlari sababidan qalblariga buzoq muhabbatini soldik. (Ey Muhammad), ayting: "Agar mo‘min bo‘lsanglar, "imon"laringiz buyurgan narsa bunchalik yomon-a!".
Isroil avlodlari payg‘ambar Muso alayhissalomning Tur tog‘iga borib Parvardigori bilan rozlashganidan keyin olib kelgan da’vatlarini ham inkor qila boshladi. Shunda Alloh taolo mushrik qavmni jazolash uchun ular qalbiga buzoqqa sig‘inish muhabbatini solib qo‘ydi. Muso alayhissalom Somiriy yasagan buzoqni olovda yondirib, kulini dengizga sochib yubordilar. Kim buzoqqa sig‘ingan bo‘lsa, rangi sarg‘ayib ketaverdi. Isroil avlodlarining imonlilaridan buzoqqa sig‘inuvchilar alohida ajralib qolishdi. Ularga jazoni yolg‘iz Allohdan kutishar edi. Ya’ni, Bani Isroil tashida itoat qilganini aytsa ham, qalbida buni inkor qilar edi. Shuning uchun Muhammad alayhissalomga ularning bu imonlari yomonligini aytish buyurilmoqda.
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati