Tokio markaziy masjidi har yili minglab musulmon bo'lmagan yaponiyalik ziyoratchilarni qabul qiladi. Shu ma'noda mazkur masjid imom-xatibi Muhammed Chinar yaponlarning Islomga qiziqishi haqida o'z kuzatuvlari bilan o'rtoqlashdi.
Chinar domla o'z masjidiga Yaponiyaning Vaseda, Keio va Meiji kabi nufuzli universitetlarining talabalari muntazam kelayotgani va Yaponiya universitetlarida ko'proq aspirant va magistratura talabalari Islom diniga oid dissertatsiya mavzularini tanlayotganini aytdi.
Shu munosabat bilan Chinar domla Islomda zakot berish, nikoh va ajrashish, musulmonlar o'rtasidagi qardoshlik munosabatlari kabi mavzularda yapon tadqiqotchilari bilan tez-tez maslahatlashib turadi, deb yozadi “IslamNews” sayti “Daily Sabah” nashriga tayanib.
Tokio masjidiga har yili 50 mingga yaqin noislomiy yapon tashrif buyuradi.
Tokio munitsipaliteti xodimi Zumanning so'zlariga ko'ra, u masjidga qiziqish tufayli 4 marta tashrif buyurgan – diniy bino uning ish joyi yonida joylashgan. Unda masjid arxitekturasi katta taassurot qoldirgan. Shundan beri u ishdan tanaffus paytida tez-tez masjid hovlisida o'tiradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV