وَإِذۡ أَخَذۡنَا مِيثَٰقَ بَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ لَا تَعۡبُدُونَ إِلَّا ٱللَّهَ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَانٗا وَذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَقُولُواْ لِلنَّاسِ حُسۡنٗا وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَ ثُمَّ تَوَلَّيۡتُمۡ إِلَّا قَلِيلٗا مِّنكُمۡ وَأَنتُم مُّعۡرِضُونَ٨٣
Alloh taolo Isroil avlodlaridan faqat O‘ziga sig‘inish, turli toifadagi kishilarga yaxshilik qilish, namoz o‘qish va zakot berish yuzasidan ahdnoma olgan edi. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, oyati karimada turli toifadagi kishilarga yaxshilik qilish Allohga ibodat qilishga tenglashtirilyapti. Eng oldin ota-onaga yaxshilik qilishga buyurilmoqda. Ota-onaga yaxshilik qilish ularga chiroyli muomala qilish, ulardan malolli gap o‘tsa, "uff" demaslik, ularni xafa qiladigan so‘z yoki ish qilmaslik, ularga hamisha hurmat va ehtirom ko‘rsatib, yaxshi so‘zlarni aytish, ularga shafqat ko‘rsatib, o‘zini kamtar tutish, hojatlari bo‘lsa, darrov ado etish, muhtoj bo‘lishmasa ham hadyalar berib turish, Allohdan ularga rahmat tilab duoda bo‘lish bilan amalga oshiriladi. Ota-onadan keyin qarindoshlarga, ya’ni aka-uka, opa-singil, amma-xola, tog‘a-amaki va boshqalarga yaxshilik qilinadi. Shundan so‘ng yetimlarga yaxshilik qilishga buyurilyapti, chunki ular boquvchi va tarbiyachilarini yo‘qotgan bo‘lib, yordamga muhtojdirlar. Agar ular tarbiyasi va ta’limiga sal beparvo bo‘linsa, yomon yo‘lga kirib, jamiyat osoyishtaligiga zarar yetkazishadi. Miskin va faqir kishilar ham boshqalarning yordamlariga, saxovatlariga muhtojdirlar. Shuningdek, Alloh taolo uzoqdagi qarindoshlargayu yon qo‘shnilarga ham yaxshilik qilishga buyuradi. Oila a’zolaringiz, ya’ni ahli ayolingizga, farzandlaringizga ham yaxshilik qilish, chiroyli muomala qilish, shirinso‘z bo‘lish shartdir. Ularga nafaqa qilsangiz, ehtiyojlarini qondirsangiz, goho hadya-ehsonlar qilib tursangiz, evaziga Alloh azza va jalladan ulkan ajr-savoblar olasiz.
وَإِذۡ أَخَذۡنَا مِيثَٰقَكُمۡ لَا تَسۡفِكُونَ دِمَآءَكُمۡ وَلَا تُخۡرِجُونَ أَنفُسَكُم مِّن دِيَٰرِكُمۡ ثُمَّ أَقۡرَرۡتُمۡ وَأَنتُمۡ تَشۡهَدُونَ٨٤
Islom dinida begunoh insonlar qonini to‘kish va kishilarni turar joylaridan badarg‘a qilish taqiqlangan. Ammo Alloh taoloning bu amriga bo‘ysunmagan, ilohiy vahiylarni inkor qilgan ayrim qavm va kimsalar ana shunday mudhish jinoyatlarni bemalol qilib, qancha insonlarning umriga zomin bo‘lishyapti. Ahli kitoblar qon to‘kmaslik va bir-birlarini vatanlaridan chiqarmaslik haqida Allohga va’da berishgan, bergan va’dalariga iqror ham bo‘lishgan edi. Ammo ular bu ahdnomalariga xilof ravishda juda ko‘p bor zulm va tajovuzlarga yo‘l qo‘yishdi.
ثُمَّ أَنتُمۡ هَٰٓؤُلَآءِ تَقۡتُلُونَ أَنفُسَكُمۡ وَتُخۡرِجُونَ فَرِيقٗا مِّنكُم مِّن دِيَٰرِهِمۡ تَظَٰهَرُونَ عَلَيۡهِم بِٱلۡإِثۡمِ وَٱلۡعُدۡوَٰنِ وَإِن يَأۡتُوكُمۡ أُسَٰرَىٰ تُفَٰدُوهُمۡ وَهُوَ مُحَرَّمٌ عَلَيۡكُمۡ إِخۡرَاجُهُمۡۚ أَفَتُؤۡمِنُونَ بِبَعۡضِ ٱلۡكِتَٰبِ وَتَكۡفُرُونَ بِبَعۡضٖۚ فَمَا جَزَآءُ مَن يَفۡعَلُ ذَٰلِكَ مِنكُمۡ إِلَّا خِزۡيٞ فِي ٱلۡحَيَوٰةِ ٱلدُّنۡيَاۖ وَيَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِ يُرَدُّونَ إِلَىٰٓ أَشَدِّ ٱلۡعَذَابِۗ وَمَا ٱللَّهُ بِغَٰفِلٍ عَمَّا تَعۡمَلُونَ٨٥
Ya’ni, o‘z kishilaringiz boshqalar qo‘liga asir tushsa, ajratib olishga tayyorsizlar, lekin ularga o‘zingiz zulm qilishingizning sababi nima va bu qanday muomala bo‘ldi? Alloh taoloning hukmiga amal qiladigan bo‘lsanglar, har ikki holatda ham amal qilmaysizlarmi? Rivoyat qilinishicha, Madina yaqinida yashaydigan yahudiylar musulmonlarning Madinaga ko‘chishlaridan (hijratdan) oldin qo‘rquvga tushib, turli majusiy arab qabilalari bilan shartnoma tuzishgan edi. Keyinchalik bir-birlariga qarshi urushga kirishganida ayrim yahudiylar bir-birlariga dushmanlikka o‘tishdi, bu esa ularning kitobi Tavrotga va qonunlariga zid edi. Yahudiylar bilaturib ularga qarshi ish tutishdi. Shunda bir yahudiy qabilasiga asir tushib qolgan yahudiyni tovon puli to‘labgina ozod qilish mumkin bo‘ldi. Bu holdan taajjubga tushgan qabiladoshlarining hayron bo‘lib bergan savollariga ular asirlarni tovon evaziga qutqarish Kitoblarida yozilganini ro‘kach qilishgan.
أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ ٱشۡتَرَوُاْ ٱلۡحَيَوٰةَ ٱلدُّنۡيَا بِٱلۡأٓخِرَةِۖ فَلَا يُخَفَّفُ عَنۡهُمُ ٱلۡعَذَابُ وَلَا هُمۡ يُنصَرُونَ٨٦
Islom kelguniga qadar insoniyat ochiq-oydin adashuvda edi. Insonlar aqida, e’tiqod, tasavvur va hayotiy tushunchalarda, turli aloqalar va urf-odatlarda, iqtisod, axloq va ijtimoiy munosabatlarda, xullas, boshqa ko‘pgina sohalarda ochiq-oydin adashuvda edi. Alloh taolo insonlarga o‘zlaridan Muhammad alayhissalomni bir payg‘ambar o‘laroq yuborib, insoniyatni bu adashuvdan, zalolatdan qutqardi, to‘g‘ri yo‘lga soldi. Qur’oni karimda bunday deyilgan: "Garchi mushriklar xohlashmasa-da, Alloh O‘z Payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan barcha dinlarga g‘olib qilish uchun yuborgan Zotdir!" (Tavba, 33). "Batahqiq, sizlarga Allohdan nur va oydin kitob keldi" oyatidagi "nur"dan murod Muhammad alayhissalomdirlar. Muhammad sollallohu alayhi vasallam insoniyatga keltirgan narsa nurdir, hidoyat nuri, Islom nuridir... Lekin juda ko‘p nodon va johil kimsalar shundan keyin ham hidoyat yo‘liga yurishni istamay, o‘z jonlariga zulm qilishdi. Ular oxirat hayotini arzimas va bevafo dunyo lazzatlari evaziga sotib yuborishdi. Endi qiyomat kuni ularning azoblari yengillatilmaydi ham, hech kim ularga yordam bermaydi ham. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday hadislari bor: «Man kanatid-dunyo na’tahu harramallohu taolo alayhi jivari fainni bu’istu bixarabid-dunya valam ub’as biimroniha», ya’ni «Kimning orzu-istagi, vasf etgani, o‘ngida ham, tushida ham takrorlab turgan narsasi dunyo bo‘lsa, Alloh bunday odamga oxiratda mening yonimda qo‘shni bo‘lishni harom qiladi. Chunki men dunyoni xarob qilish (buzish) uchun yuborildim, men bu dunyoga uni ma’mur qilish uchun kelmadim».
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan