Abu Mansur Moturidiy ko‘plab ustozlardan ta’lim oladi va tafsir, usulul fiqh, aqoid, fiqh va mantiq kabi ilmlarda yetuk olim bo‘lib taniladi. Ushbu yetuk olimning ilmiy izlanishlariga olimlar ergashadilar va keyinchalik ularni moturidiya ta’limoti ma’nosida e’tirof etadilar.
Moturidiya ta’limotining shakllanishida turli adashgan firqalar, xossatan, mo‘taziliy firqasi bilan bo‘lgan bahs-munozaralar muhim o‘rin tutgan. Shuning uchun ham Moturidiyning kalom ilmiga oid asarlarida raddiya uslubi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, bu zot jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan eng mashhur olimlardan biri hisoblanadi.
Shu o‘rinda o‘sha paytlarda jamiyatda ko‘plab bahs-munozaralar keltirib chiqargan mo‘taziliy firqasining Movarounnahrda paydo bo‘lish sabablarini o‘rganish ham maqsadga muvofiqdir. Chunki mazkur sabablar o‘rtadagi bahslar qay darajada bo‘lganini yanada to‘liqroq tasavvur qilish imkonini beradi.
Movarounnahrga mo‘taziliy ta’limotining kirib kelish sabablarini Balqosim G‘oliy quyidagicha tahqiq qilgan:
Bu kabi omillar tufayli mo‘taziliylik ta’limoti ta’sirlari jamiyat vakillarida ko‘zga tashlana boshlagan. Buni his qilgan Ahli sunna val jamoa olimlari to‘g‘ri e’tiqodni saqlab qolish yo‘lida fidokorona harakat qilganlar. Albatta, bu harakatlar aqliy va naqliy dalillarga asoslangan ilmiy bahs-munozaralar ko‘rinishida bo‘lgan. Ushbu ilmiy bahs-munozaralarda eng salmoqli mehnat qilgan olimlardan biri shubhasiz Abu Mansur Moturidiy edi.
Abu Mansur Moturidiy mazkur ilmiy bahs munozaralar munosabati bilan yozgan asarlarida Ahli sunna val-jamoaning qarashlari to‘g‘riligini isbotlash bilan birga adashgan firqalarning xatoga yo‘l qo‘ygan joylarini ham bayon qilib bergan. “Bayanu vahmil mo‘tazila” (Mo‘taziliy firqasining noto‘g‘ri tasavvuri bayoni), “Roddu a’lal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi asarlarida adashgan firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarini bayon qilib bergan.
Abu Mansur Moturidiyning qilgan eng ulkan xizmati Ahli sunna val-jamoaga qarshi chiqqan firqalarning da’volariga umumiy raddiya qilishdan tashqari, ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Ya’ni, bu zot o‘sha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tug‘dirib turgan mo‘taziliy yetakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da mag‘lub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir:
Imom Moturidiy ushbu asarlarida mo‘taziliy firqasining e’tiqodiy xatolarini bayon qilish bilan birga, Ahli sunna val jamoa e’tiqodining to‘g‘riligini aqliy va naqliy dalillar bilan isbotlagan. Xuddi shu ishni ayni shu davrda Abul Hasan Ash’ariy ham Movarounnahrdan tashqarida Bag‘dodda amalga oshirgan. Olimlar bu ikki zotning aqida bobida amalga oshirgan ishlarini e’tirof etganlar. Ularning ba’zilari Abul Hasan Ash’ariyning uslubiga ergashgan bo‘lsalar, boshqalari Abu Mansur Moturidiyning uslubiga ergashganlar. Shunday qilib bu ikki olim Ahli sunna val jamoaning aqidasini bayon qiluvchi imomlariga aylanganlar.
Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom
instituti o‘qituvchisi
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati