Alloh taolo o‘ta mehribon va karami keng, fazli ulug‘ va hikmati benazir Zotdir. Zotan, buyuk Alloh yaratgan mavjudotlarining ba’zisini ba’zisidan o‘zining hikmati o‘laroq fazilatli qilib qo‘ygan.
Ana shunday fazilatga muharram oyini misol qilishimiz mumkin. Bu oy muborak, fazli ulug‘ oy bo‘lib, hijriy sananing birinchi oyidir. Shu bilan birgalikda, muharram oyi urush harom qilingan muqaddas oylarning biri hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda:
إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ فَلَا تَظْلِمُوا فِيهِنَّ أَنْفُسَكُمْ ...
Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu to‘g‘ri dindir. Bas, o‘sha (oy)larda (jang qilib) o‘zingizga zulm qilmangiz!... (Tavba surasi, 36-oyat).
Dinimizda urush taqiqlangan to‘rt oy bor. Ular – Zulqa’da, Zilhijja, Muharram va Rajab oylaridir.
Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir yil o‘n ikki oydan iborat. Shulardan to‘rttasi harom (urish taqiqlangan) oylardir. Uchtasi ketma-ket keladi. Zul-qa’da, Zul-hijja va Muharram oylari va to‘rtinchisi Jumod va Sha’bon orasidagi Muzor qabilasining Rajab oyidir” (Buxoriy rivoyati).
Demak, bu oy Alloh subahanahu va taoloning nazdida juda maqomi ulug‘ oylardan ekan. Bu oyni qadrlab ko‘proq yaxshi ezgu amallarga intilmog‘imiz darkordir. Shariatimizda ham ko‘proq nafl ibodatlarni qilishga targ‘ib etilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Afzallikda Ramazon oyining ro‘zasidan keyin Allohning oyi Muharram ro‘zasi turadi”-deb marhamat qilganlar (Muslim rivoyati). Hadisi sharifda muharram oyini “Allohning oyi” deb aytilmoqda. Bu shu oyning ulug‘ligidan hamda fazilatlarining ko‘pligiga dalolat qiladi.
Muharram oyining eng afzal kuni o‘ninchi kunidir. Bu kunni dinimizda “yavmu ashuro” ashuro kuni deb yuritiladi. “Ashuro” so‘zi lug‘atda “o‘ninchi kun” degan ma’noni bildiradi. Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhur bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunda ro‘za tutishga qiziqtirganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro ro‘zasini o‘ninchi kuni tutishga amr qilgandilar” (Termiziy rivoyati). Hanafiy mazhabimiz ulamolari ashuro kuni ya’ni muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutishni sunnat deyishgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kuni ro‘zasini boshqasidan afzal ko‘rib, sog‘inib va ushbu oy – Ramazon oyi ro‘zasini istab sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini istaganlarini ko‘rmadim, deganlar” (Buxoriy rivoyati).
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan umid qilamanki, Ashuro kunining ro‘zasini o‘zidan oldingi sana (gunohlari)ning kafforoti bo‘lsa”, dedilar” (Termiziy rivoyati). Bir kun nafl ro‘za tutgan bandaga Yaratganning marhamatini qarang? To‘liq bir yillik gunohlarni kechirilishi bo‘lsa?! Bunday fazl Buyuk Allohning marhamatidandir.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar”. Ushbu rivoyatdagi kenglik yaratishdan maqsad yemoq, ichmoq, xursandchilik ma’nosidagi bemalollikdir.
Ulamolarimiz: “Kim Zul-hijja va Muharram oylarini ro‘zasini tutsa, go‘yo yilni toat-ibodat bilan tugatib, toat-ibodat bilan boshlabdi. Umid qilamiz-ki, yil davomida shu fazilat ega bo‘linsa”-deb ta’kidlaganlar.
Demak, muharram oyini xususan, ashuro kunining fazilatidan umid qilib, yaxshi amallarga bel bog‘lasak, Allohning ulug‘ fazlu barakotiga ega bo‘lib, ham dunyomiz ham oxiratimiz, ham tiriklarimiz ham vafotlarimiz, ham xonadonimiz ham yurtimizga rahmat va mag‘firatlar yog‘ilsa deb umid qilamiz. Yaratgan barchamizni ulug‘ kunlar fazlidan nasib etsin!
Jaloliddin Hamroqulov
(vahiyning ta’rifi va turlari)
Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.
Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.
Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.
Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.
“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.
Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.
Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.
Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.
Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.
Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.
Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.
Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar
Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.
Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:
1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.
2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.
3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.
4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.
Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.
Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.
Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi