Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Muharram oyi fazilatlari

19.08.2020   10032   4 min.
Muharram oyi fazilatlari

Alloh taolo o‘ta mehribon va karami keng, fazli ulug‘ va hikmati benazir Zotdir. Zotan, buyuk Alloh yaratgan mavjudotlarining ba’zisini ba’zisidan o‘zining hikmati o‘laroq fazilatli qilib qo‘ygan.

Ana shunday fazilatga muharram oyini misol qilishimiz mumkin. Bu oy muborak, fazli ulug‘ oy bo‘lib, hijriy sananing birinchi oyidir. Shu bilan birgalikda, muharram oyi urush harom qilingan muqaddas oylarning biri hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda:

 إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ فَلَا تَظْلِمُوا فِيهِنَّ أَنْفُسَكُمْ ...

Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu to‘g‘ri dindir. Bas, o‘sha (oy)larda (jang qilib) o‘zingizga zulm qilmangiz!... (Tavba surasi, 36-oyat).

Dinimizda urush taqiqlangan to‘rt oy bor. Ular – Zulqa’da, Zilhijja, Muharram va Rajab oylaridir.

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir yil o‘n ikki oydan iborat. Shulardan to‘rttasi harom (urish taqiqlangan) oylardir. Uchtasi ketma-ket keladi. Zul-qa’da, Zul-hijja va Muharram oylari va to‘rtinchisi Jumod va Sha’bon orasidagi Muzor qabilasining Rajab oyidir” (Buxoriy rivoyati).

Demak, bu oy Alloh subahanahu va taoloning nazdida juda maqomi ulug‘ oylardan ekan. Bu oyni qadrlab ko‘proq yaxshi ezgu amallarga intilmog‘imiz darkordir. Shariatimizda ham ko‘proq nafl ibodatlarni qilishga targ‘ib etilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Afzallikda Ramazon oyining ro‘zasidan keyin Allohning oyi Muharram ro‘zasi turadi”-deb marhamat qilganlar (Muslim rivoyati). Hadisi sharifda muharram oyini “Allohning oyi” deb aytilmoqda. Bu shu oyning ulug‘ligidan hamda fazilatlarining ko‘pligiga dalolat  qiladi.

Muharram oyining eng afzal kuni o‘ninchi kunidir. Bu kunni dinimizda “yavmu ashuro” ashuro kuni deb yuritiladi. “Ashuro” so‘zi lug‘atda “o‘ninchi kun” degan ma’noni bildiradi. Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhur bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunda ro‘za tutishga qiziqtirganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro ro‘zasini o‘ninchi kuni tutishga amr qilgandilar” (Termiziy rivoyati). Hanafiy mazhabimiz ulamolari ashuro kuni ya’ni muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutishni sunnat deyishgan. 

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kuni ro‘zasini boshqasidan afzal ko‘rib, sog‘inib va ushbu oy – Ramazon oyi ro‘zasini istab sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini istaganlarini ko‘rmadim, deganlar” (Buxoriy rivoyati).

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan umid qilamanki, Ashuro kunining ro‘zasini o‘zidan oldingi sana (gunohlari)ning kafforoti bo‘lsa”, dedilar” (Termiziy rivoyati). Bir kun nafl ro‘za tutgan bandaga Yaratganning marhamatini qarang? To‘liq bir yillik gunohlarni kechirilishi bo‘lsa?! Bunday fazl Buyuk Allohning marhamatidandir.

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar”. Ushbu rivoyatdagi kenglik yaratishdan maqsad yemoq, ichmoq, xursandchilik ma’nosidagi bemalollikdir.

Ulamolarimiz: “Kim Zul-hijja va Muharram oylarini ro‘zasini tutsa, go‘yo yilni toat-ibodat bilan tugatib, toat-ibodat bilan boshlabdi. Umid qilamiz-ki, yil davomida shu fazilat ega bo‘linsa”-deb ta’kidlaganlar.

Demak, muharram oyini xususan, ashuro kunining fazilatidan umid qilib, yaxshi amallarga bel bog‘lasak, Allohning ulug‘ fazlu barakotiga ega bo‘lib, ham dunyomiz ham oxiratimiz, ham tiriklarimiz ham vafotlarimiz, ham xonadonimiz ham yurtimizga rahmat va mag‘firatlar yog‘ilsa deb umid qilamiz. Yaratgan barchamizni ulug‘ kunlar fazlidan nasib etsin!

 

Jaloliddin Hamroqulov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

14.08.2026   35092   1 min.
Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida    «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati