Aql arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda “tutish”, “qaytarish”, “bog‘lash” kabi ma’nolarni anglatadi. Aql o‘zagidan olingan “iqol” so‘zi chorva hayvonlarini bog‘lab qo‘yiladigan “tushov”, “zanjir”, “kishan” degan ma’nolarni ifoda etadi. Tushov chorva hayvonini qochib ketishdan saqlab, ekinlarni payxon qilishi, birovga jarohat yetkazishi, o‘zi yo‘qolib qolishi kabi zararlarning oldini olganidek, insondagi aql ham o‘z egasini yomon axloqlardan, zararli ishlardan qaytarib, uni insoniylik chegarasida ushlab turadi. Bu borada ulug‘ tobe’inlardan Omir ibn Abdi Qays rahimahulloh aytadi:
"إذا عَقَلَك عَقْلًك عما لا ينبغي فأنت عاقل"
“Agar aqling seni noma’qul ishlardan man qila olsa, sen (chindan ham) oqilsan”.
Alloh taolo O‘z marhamati va fazli bilan insonga xuddi chorva hayvonlardek arqon yoxud zanjirni emas, balki uning azizu mukarramligiga munosib o‘laroq, sirtdan ko‘zga ko‘rinmas nurafshon aqlni ravo ko‘rdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
" العقل نورٌ في القلب ، يفرق بين الحق والباطل "
“Aql qalbdagi nur bo‘lib, u haq bilan botil o‘rtasini ajratadi”.[1]
Ulamolar tomonidan aqlga ko‘plab ta’riflar berilgan. Bu ta’riflar o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchidir. Jumladan: Aql – Alloh taolo insonga ato etgan quvvat va tabiiy his bo‘lib, u bilan inson nazariy ishlarni idrok qiladi va hayvondan ajralib turadi.
Aql – qalbdagi ruhoniy nur bo‘lib, uning vositasida zaruriy ilmlar idrok etiladi.
Aql – insonga berilgan buyuk ne’mat bo‘lib, u orqali Robbisini taniydi, dunyoviy va uxroviy foydalarni jalb qilib, zararlarni daf qiladi.
Qur’oni karimda aqlga taalluqli so‘zlar 50 marta, “Aql egalari” iborasi esa 10 martadan zikr qilingani dinimizda aqlga nechog‘lik yuksak e’tibor berilganining tasdiqidir. Zotan, Islomda diniy majburiyatlar inson zimmasiga aynan aql sababli yuklatilgandir. Shuning uchun, shariatda aqlsiz, esi past odam va yosh bola kabi aqli to‘liq shakllanmaganlarga alohida hukmlar joriy qilingan.
Aqli bo‘la turib uni ishlatmagan, havoyi nafsiga ergashib ilohiy ko‘rsatmalarga amal qilmagan va qonun-qoidalarni buzgan kimsalar qattiq tanqid qilinadi. Alloh taolo ularning oxiratdagi foyda bermas xasratli nolalarini quyidagicha bayon qiladi:
“Yana ular: “Agar quloq solganimizda yoki aql yuritganimizda edi, do‘zaxiylar qatorida bo‘mas edik” derlar” (Mulk surasi, 10-oyat).
Aqlini ishlatib nafsini jilovlay olgan va shaytonning yo‘liga yurmasdan Robbisining amriga quloq solgan bandalarga xushxabarlar beriladi:
“Shaytondan – unga ibodat qilishdan yiroq bo‘lgan va Alloh(ning toati va ibodati)ga qaytgan zotlar uchun (jannat) xushxabari bo‘lsin! Bas, (ey Muhammad) gapga quloq tutib, uning eng go‘zaliga (ya’ni najotga eltuvchi rost So‘zga) ergashadigan bandalarimga xushxabar bering! Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Va ana o‘shalar aql egalaridir” (Zumar surasi, 17-18-oyatlar).
Maqtovga sazovor xislatlarning me’yoridan ortig‘i nuqson sanaladi. Masalan, shijoatning haddan tashqarisi hovliqish deyiladi. Saxovatning chegaradan chiqib ketish holati sovirish deyiladi. Biroq, aql borasida bunday deb bo‘lmaydi. Chunki kishining aqli qancha ko‘p bo‘lsa, u uchun bu ziyoda fazilat hisoblanadi. Shu bois:
“Odamlarning eng afzali ularning aqllirog‘idir”, deyilgan.
“Mansurul-hikam” (Sochilgan durdona hikmatlar) kitobida:
كلُّ شيئِ إذا كثر رخص إلاّ العقل ، فإنه إذا كثر غلا
“Qaysi narsa ko‘paysa, qadri kamayib ketadi. Faqat aql bundan mustasno, chunki u ko‘paygani sari qadri oshaveradi”, deyilgan.
Ammo, aqlning ziyodaligi deganda ayyorlik va makr-hiylaga yovrilgan, birovning haqqini poymol etishga qaratilgan yovuzlikni tushunmaslik kerak. Balki, o‘z sohibini nojo‘ya ishlardan qaytarib, ko‘plab solih amallar qilishga safarbar etish orqali uni Robbisiga yaqinlashtiruvchi ruhiy quvvat aqlning ziyodaligi deb ataladi.
Luqmon ibn Omir[2] Abu Dardo[3] roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Ey Uvaymir, aqlingni ko‘paytir, shunda Rabbingga yaqinliging ortadi”. Men: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Aql borasida kim ham menga kafil bo‘la olardi?!” dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh harom qilgan ishlardan saqlan va Allohning farzlarini ado et, shunda oqil bo‘lasan. So‘ng, qo‘shimcha solih amallarni ham bajar, shunda dunyoda aqling ko‘payadi, Robbingga yaqinliging ortadi va bu bilan azizlikka erishasan”, dedilar[4].
Alloh taolo barchamizni ezgu amallarda bardavom qilib, aqli ziyoda va O‘ziga yaqin bandalardan bo‘lmog‘imizga tavfiq ato etsin!
Asrorxon MAHMUDOV,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi.
[1] “Adabud-dunyo vad-din”. Abulhasan Aliy ibn Muhammad ibn Habib al-Basriy al-Movardiy. Dor Ibn Kasir, Dimashq – Bayrut, 2005. – B.15.
[2] Luqmon ibn Omir al-Vassobiy al-Hamasiy. Ibn Hibbon uni siqalar (ishonchli roviylar) qatorida zikr qilgan. Abu Hotim ar-Roziy: “Uning Abu Dardodan rivoyati mursaldir” degan.
[3] Abu Dardo Uvaymir ibn Zayd ibn Qays al-Ansoriy roziyallohu anhu ulug‘ sahobiy bo‘lib, Xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning davrida hijriy 32 yilda Damashqda vafot etgan.
[4] “Adabud-dunyo vad-din”. Abulhasan Aliy ibn Muhammad ibn Habib al-Basriy al-Movardiy. Dor Ibn Kasir, Damashq – Bayrut, 2005. – B. 26-28.
2026 yil 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va noib imomlar ishtirokida “Zakovat” intellektual bellashuvi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bilim va tafakkurini yanada boyitish, shuningdek, mustaqillik bayramini ma’naviy-ma’rifiy ruhda keng nishonlashdan iborat bo‘ldi.
Bellashuvda shahar va tumanlardan tashrif buyurgan jamoalar Islom tarixi, fiqh, aqoid, ma’naviy-ma’rifiy hamda kitobxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan savollarga javob berish orqali mantiqiy fikrlash, tezkorlik va bilimdonlik borasida o‘zaro kuch sinashdi.
Yakunda Qarshi shahri va Nishon tumani vakillaridan iborat bo‘lgan jamoa eng ko‘p ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib hamda sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati