Aql arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda “tutish”, “qaytarish”, “bog‘lash” kabi ma’nolarni anglatadi. Aql o‘zagidan olingan “iqol” so‘zi chorva hayvonlarini bog‘lab qo‘yiladigan “tushov”, “zanjir”, “kishan” degan ma’nolarni ifoda etadi. Tushov chorva hayvonini qochib ketishdan saqlab, ekinlarni payxon qilishi, birovga jarohat yetkazishi, o‘zi yo‘qolib qolishi kabi zararlarning oldini olganidek, insondagi aql ham o‘z egasini yomon axloqlardan, zararli ishlardan qaytarib, uni insoniylik chegarasida ushlab turadi. Bu borada ulug‘ tobe’inlardan Omir ibn Abdi Qays rahimahulloh aytadi:
"إذا عَقَلَك عَقْلًك عما لا ينبغي فأنت عاقل"
“Agar aqling seni noma’qul ishlardan man qila olsa, sen (chindan ham) oqilsan”.
Alloh taolo O‘z marhamati va fazli bilan insonga xuddi chorva hayvonlardek arqon yoxud zanjirni emas, balki uning azizu mukarramligiga munosib o‘laroq, sirtdan ko‘zga ko‘rinmas nurafshon aqlni ravo ko‘rdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
" العقل نورٌ في القلب ، يفرق بين الحق والباطل "
“Aql qalbdagi nur bo‘lib, u haq bilan botil o‘rtasini ajratadi”.[1]
Ulamolar tomonidan aqlga ko‘plab ta’riflar berilgan. Bu ta’riflar o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchidir. Jumladan: Aql – Alloh taolo insonga ato etgan quvvat va tabiiy his bo‘lib, u bilan inson nazariy ishlarni idrok qiladi va hayvondan ajralib turadi.
Aql – qalbdagi ruhoniy nur bo‘lib, uning vositasida zaruriy ilmlar idrok etiladi.
Aql – insonga berilgan buyuk ne’mat bo‘lib, u orqali Robbisini taniydi, dunyoviy va uxroviy foydalarni jalb qilib, zararlarni daf qiladi.
Qur’oni karimda aqlga taalluqli so‘zlar 50 marta, “Aql egalari” iborasi esa 10 martadan zikr qilingani dinimizda aqlga nechog‘lik yuksak e’tibor berilganining tasdiqidir. Zotan, Islomda diniy majburiyatlar inson zimmasiga aynan aql sababli yuklatilgandir. Shuning uchun, shariatda aqlsiz, esi past odam va yosh bola kabi aqli to‘liq shakllanmaganlarga alohida hukmlar joriy qilingan.
Aqli bo‘la turib uni ishlatmagan, havoyi nafsiga ergashib ilohiy ko‘rsatmalarga amal qilmagan va qonun-qoidalarni buzgan kimsalar qattiq tanqid qilinadi. Alloh taolo ularning oxiratdagi foyda bermas xasratli nolalarini quyidagicha bayon qiladi:
“Yana ular: “Agar quloq solganimizda yoki aql yuritganimizda edi, do‘zaxiylar qatorida bo‘mas edik” derlar” (Mulk surasi, 10-oyat).
Aqlini ishlatib nafsini jilovlay olgan va shaytonning yo‘liga yurmasdan Robbisining amriga quloq solgan bandalarga xushxabarlar beriladi:
“Shaytondan – unga ibodat qilishdan yiroq bo‘lgan va Alloh(ning toati va ibodati)ga qaytgan zotlar uchun (jannat) xushxabari bo‘lsin! Bas, (ey Muhammad) gapga quloq tutib, uning eng go‘zaliga (ya’ni najotga eltuvchi rost So‘zga) ergashadigan bandalarimga xushxabar bering! Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Va ana o‘shalar aql egalaridir” (Zumar surasi, 17-18-oyatlar).
Maqtovga sazovor xislatlarning me’yoridan ortig‘i nuqson sanaladi. Masalan, shijoatning haddan tashqarisi hovliqish deyiladi. Saxovatning chegaradan chiqib ketish holati sovirish deyiladi. Biroq, aql borasida bunday deb bo‘lmaydi. Chunki kishining aqli qancha ko‘p bo‘lsa, u uchun bu ziyoda fazilat hisoblanadi. Shu bois:
“Odamlarning eng afzali ularning aqllirog‘idir”, deyilgan.
“Mansurul-hikam” (Sochilgan durdona hikmatlar) kitobida:
كلُّ شيئِ إذا كثر رخص إلاّ العقل ، فإنه إذا كثر غلا
“Qaysi narsa ko‘paysa, qadri kamayib ketadi. Faqat aql bundan mustasno, chunki u ko‘paygani sari qadri oshaveradi”, deyilgan.
Ammo, aqlning ziyodaligi deganda ayyorlik va makr-hiylaga yovrilgan, birovning haqqini poymol etishga qaratilgan yovuzlikni tushunmaslik kerak. Balki, o‘z sohibini nojo‘ya ishlardan qaytarib, ko‘plab solih amallar qilishga safarbar etish orqali uni Robbisiga yaqinlashtiruvchi ruhiy quvvat aqlning ziyodaligi deb ataladi.
Luqmon ibn Omir[2] Abu Dardo[3] roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Ey Uvaymir, aqlingni ko‘paytir, shunda Rabbingga yaqinliging ortadi”. Men: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Aql borasida kim ham menga kafil bo‘la olardi?!” dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh harom qilgan ishlardan saqlan va Allohning farzlarini ado et, shunda oqil bo‘lasan. So‘ng, qo‘shimcha solih amallarni ham bajar, shunda dunyoda aqling ko‘payadi, Robbingga yaqinliging ortadi va bu bilan azizlikka erishasan”, dedilar[4].
Alloh taolo barchamizni ezgu amallarda bardavom qilib, aqli ziyoda va O‘ziga yaqin bandalardan bo‘lmog‘imizga tavfiq ato etsin!
Asrorxon MAHMUDOV,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi.
[1] “Adabud-dunyo vad-din”. Abulhasan Aliy ibn Muhammad ibn Habib al-Basriy al-Movardiy. Dor Ibn Kasir, Dimashq – Bayrut, 2005. – B.15.
[2] Luqmon ibn Omir al-Vassobiy al-Hamasiy. Ibn Hibbon uni siqalar (ishonchli roviylar) qatorida zikr qilgan. Abu Hotim ar-Roziy: “Uning Abu Dardodan rivoyati mursaldir” degan.
[3] Abu Dardo Uvaymir ibn Zayd ibn Qays al-Ansoriy roziyallohu anhu ulug‘ sahobiy bo‘lib, Xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning davrida hijriy 32 yilda Damashqda vafot etgan.
[4] “Adabud-dunyo vad-din”. Abulhasan Aliy ibn Muhammad ibn Habib al-Basriy al-Movardiy. Dor Ibn Kasir, Damashq – Bayrut, 2005. – B. 26-28.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloma Sayyid Mahmud Olusiy rahmatullohi alayh shoh asarlari «Ruhul-ma’oniy»da bunday yozadilar: «Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Savr g‘origa kirishdan oldin Nabiy alayhissalomga «Sizni haq bilan jo‘natgan Zotga qasam, siz birinchi bo‘lib g‘orga kirmang. Men kiray, agar u yerda biron narsa bor bo‘lsa, ziyoni menga bo‘lsin», dedilar. So‘ng g‘orga kirib, uning ichini aylanib, hamma tomonini qo‘llari bilan paypaslab, tekshirib chiqdilar. Bir teshik topib, u joyga izorlaridan bir parcha yirtib, berkitdilar. Yana ikkita teshik chiqdi. Turli zararli hasharotlar bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni chaqib, ozor bermasin deya, u ikkala teshikka ikki oyoqlarini qadab olib, so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ichkariga chaqirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ancha toliqqan edilar. Kirganlaridan so‘ng Abu Bakrning tizzalariga muborak boshlarini qo‘yib yotib, uyquga ketdilar. Hazrat Abu Bakr bekorga ehtiyot choralarini ko‘rmagan ekanlar. Oyoqlari bilan to‘sib turgan teshiklarning biridan ilon kelib, oyoqlarini chaqib oldi. Ammo Abu Bakr ilon teshikdan chiqib ketmasligi hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bezovta bo‘lmasliklari uchun oyoqlarini qimirlatmay turaverdilar. Biroq og‘riqning qattiqligidan ko‘zlariga yosh kelib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlariga tomgan edi, u zot alayhissalom uyg‘onib ketdilar.
– Senga nima bo‘ldi, Abu Bakr? – so‘radilar u zot sollallohu alayhi va sallam.
– Ota-onam Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning Rasuli! Nimadir chaqib oldi, – dedilar Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilon chaqqan joyni muolaja qildilar, og‘riq tezda barham topdi.
Bu – misli ko‘rilmagan muhabbat va ishq dostonidir. Abu Bakr roziyallohu anhuning nafaqat o‘zlari, balki butun oilalari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida shay edilar.
Shu hijrat safarini misol qilib olsak. Hazrat Abu Bakr Siddiqning o‘zlari u zotga hamroh, o‘g‘illari Abdurahmon ibn Abu Bakr roziyallohu anhu esa kunduzi Quraysh ahli orasida yurib, holatni o‘rganib, kechalari g‘orga kelib, otalarini xabardor qilib ketar edilar. Fuhayra degan qullari kunduzi qo‘ylarini boqib, g‘or oldidagi kelib-ketgan izlarni yo‘qotar, kechasi kelib, Nabiy alayhissalom bilan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga sut sog‘ib berar edi. Asmo binti Abu Bakr roziyallohu anhumo yosh bo‘lsalar ham, bu safar xizmatidan bebahra qolmadilar, onalari uyda tayyorlagan ovqatni g‘ordagilarga yetkazib turdilar. Xullas, oilaning har bir a’zosi Nabiy alayhissalom xizmatlarida tayyor turdilar, hatto bu xizmatlari asnosida mashaqqat va tazyiqlarga ham uchradilar.
Bir kuni Abu Jahl ko‘chada Asmo roziyallohu anhoni ko‘rib qolib, tazyiqqa oladi, Asmoga qarab: "Hoy Abu Bakrning qizi, otang qani?" deb baqiradi. Asmo "Allohga qasam, otam qayerdaligini bilmayman", deb javob beradi. Abu Jahl jahl ustida Asmoga tarsaki tortib yuboradi, zarbning kuchidan qizning qulog‘idagi sirg‘asi uchib ketadi, ammo shunda ham u zotni bor vujudi bilan himoya qiladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Bakr roziyallohu anhu g‘ordan chiqib, Madina tomon yo‘lga otlanishdi. Yo‘lda Abu Bakr goh oldinga o‘tib, goh orqada qolib yurdilar. Rasululloh alayhissalom nega bunday qilayotganlarini so‘raganlarida "Goho oldinga o‘tib ketishim – yo‘lni tekshirib, biror xavf yo‘qligini bilib kelish uchun. Gohida orqada kolishim – ortimizdan kimdir ergashib kelayotgan bo‘lsa, birinchi bo‘lib men yo‘liqay deganim uchun", dedilar.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi