Imom Moturidiy fiqhda Imom Abu Hanifa mazhabida bo‘lganidek, e’tiqodiy qarashlari ham u zotning aqidaga oid asarlari asosida shakllangan. Shuning uchun ham ba’zi asarlarda moturidiylarni hanafiylar deb ham atalgan. Masalan, Hasan ibn Abdul Muhsin Abu Azba “Ravzatul bahiya fiyma baynal Ashairoti val Moturidiya” (Ash’ariylar va Moturidiylar o‘rtasidagi go‘zal chamanzor” asarida moturidiylarni hanafiylar deb atagan.
Shu o‘rinda modomiki Abu Mansur Moturidiy aqidada Imom Abu Hanifaga ergashgan bo‘lsa, nega aqidada ham hanafiya mazhabidamiz deyilmasdan, moturidiya mazhabidamiz deyiladi? degan haqli savol paydo bo‘ladi. Bu savolga Doktor Ali Abdulfattoh Mag‘ribiy “Imomu Ahlis sunna val jamoa Abu Mansur Moturidiy va aroouhul kalamiya” (Ahli sunna val jamoa imomi Abu Mansur Moturidiy va uning kalom ilmidagi qarashlari) asarida batafsil javob bergan bo‘lib, javobning xulosasi quyidagilardir: “Abu Hanifadan keyin u zotning davrlarida bo‘lmagan karromiya va botiniya singari yangi firqalar paydo bo‘lgan. Bundan tashqari Abu Mansur Moturidiydan ilgari ma’rifatulloh singari ayrim masalalar ehtiyoj bo‘lmagani sababli hali tahqiq qilinmagan edi.
Shuningdek, Abu Hanifa davrida Alloh taoloning sifatlari to‘g‘risidagi hamda tavhidni isbot qilish va unda aqlning tutgan o‘rni qay darajada ekani haqidagi masalalar batafsil bayon qilinmagan edi. Bir so‘z bilan aytganda kalom ilmi to‘liq shakllanib ulgurmagan edi. Qolaversa kalom ilmi Abu Mansur Moturidiydan ilgari Ahli sunna val jamoa ulamolari nazdlarida maqbul ilm sanalmas, balki man qilingan ilm hisoblanar edi. Abu Mansur Moturidiyning tahqiqlari tufayli bu ilm maqbul ilmga aylandi. Demak, Abu Mansur Moturidiy aqidada Imom Abu Hanifaning tutgan yo‘llarini faqatgina sharhlab berish bilan kifoyalangan emas, balki alohida o‘ziga xos yangi yo‘lga asos solgan olimdir. Shunga ko‘ra hanafiya mazhabida fiqhda Abu Hanifaga, aqidada Moturidiyga murojaat qilinadi”.
Abdulqodir Abdur Rahim
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
(Bir hadis sharhi)
Ba’zan odamlar Qur’onning turli qiroatlarini eshitganda, o‘zi bilmay turib, ularni xato deb baholaydi. Oqibatda tortishuvlar yuzaga keladi.
Qur’oni karim Alloh taoloning kalomidir. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali nozil qilingan. Alloh taolo arab qabilalarining anglashi yengil bo‘lishi va Kitobning ilohiy mo‘jizaligini namoyon etish uchun uni bir necha harfda (qiroatda) nozil qilgan.
عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رضى الله عنه قَالَ: سَمِعْتُ رَجُلاً قَرَأَ ، وَسَمِعْتُ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم يَقْرَأُ خِلاَفَهَا فَجِئْتُ بِهِ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم فَأَخْبَرْتُهُ فَعَرَفْتُ فِى وَجْهِهِ الْكَرَاهِيَةَ وَقَالَ: كِلاَكُمَا مُحْسِنٌ ، وَلاَ تَخْتَلِفُوا ، فَإِنَّ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمُ اخْتَلَفُوا فَهَلَكُوا.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishining qiroat qilayotganini eshitdim. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning u (oyat so‘zlari)ni boshqacha qiroat qilayotganlarini eshitgan edim. Shunda uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib borib, u zotga bor gapni aytib berdim. Shu payt yuzlarida norozilikni payqadim. U zot: “Ikkingiz ham to‘g‘ri qilgansiz. Ixtilof qilmang, chunki sizdan oldingilar ixtilof qilib, halokatga uchragan”, dedilar” (Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu bir odamning – ba’zilar Ubay ibn Ka’b degan – Qur’on oyatini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglagan qiroatiga o‘xshamagan tarzda o‘qiyotganini eshitgan. Ikkisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qiroatda o‘qitganlarini da’vo qilib, tortishib qolgan. Shunda Ibn Mas’ud roziyallohu anhu o‘sha odamni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borgan. Har biri u zotga o‘rgangan qiroatida tilovat qilib ko‘rsatgan. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikkingiz ham to‘g‘ri qilgansiz”, deganlar. Ya’ni, ikkingiz ham to‘g‘ri o‘qidingiz, ikki qiroat ham joiz. So‘ng ogoh etib: “Ixtilof qilmang, chunki sizdan oldingilar ixtilof qilib, halokatga uchragan”, deganlar. Ya’ni, avvalgi qavmlar og‘ir oqibatga olib boradigan ixtiloflarga berilib ketgan. Bu ixtiloflar nafs istaklariga ko‘ra muqaddas kitoblardagi so‘zlarni o‘zgartirishgacha borib yetgan.
Shariat ittifoq va birlikka da’vat qiladi, tafriqa (firqalanish) va bo‘linishni qattiq man etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam go‘yo bunday demoqdalar: Qur’onni o‘qing va ma’nosiga muvofiq birlikda bo‘ling. Qandaydir shubha kelib chiqib, ixtilofga olib borsa, o‘sha shubhani yig‘ishtiring va odamlarni birlikka yetaklaydigan ochiq ma’noga qayting. Ilgarigi ummatlar kabi halokatga eltuvchi ixtilofga tushmang.
Qur’on qiroatida ixtilof qilish mumkin emas. Chunki har bir qiroat Allohdan nozil qilingan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan o‘rgatilgan. Qiroatdagi ruxsat berilgan turlilik Qur’onning ma’nosiga daxl bermaydi. Demak, Qur’onning bir oyati yo so‘zi bir necha qiroatda o‘qilishi mumkin. Ulardan birortasini inkor qilgan kishi Qur’onni inkor qilgan bo‘ladi.
Ixtilofning oldini oladigan yana bir chora – yetarlicha ilm olmagan kishi Qur’on haqida, jumladan, qiroat to‘g‘risida o‘z fikri bilan so‘z yuritishi mumkin emas. Qur’on qiroati sunnat bilan sobit bo‘lgan. Shuning uchun bahstalab vaziyat yuzaga kelganda o‘zaro tortishmasdan, ilmliroq kishidan so‘rash lozim.
Ma’lumki, Qur’oni karim islomning boshlang‘ich davrida hijoz shevasiga (Makka, Madina va Toif aholisining lahjasiga) mos holda nozil qilingan. Hudaybiya sulhidan so‘ng turli arab qabilalari islomga kira boshladi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir necha marta Allohdan odamlar uchun Qur’onni turli lahja va shevalarga mos holda o‘qishni yengil qilishni so‘raganlar. Turli arab qabila va urug‘lari o‘z shevasiga g‘urur bilan bog‘langan edi, shuning uchun bu yengillik ularga Qur’on ma’nolarini yaxshiroq anglash imkonini berardi. Alloh taolo u zotning iltijosidan ham ortiqroq yengillik in’om etib, Qur’oni karimni yetti harfda nozil qildi.
Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil menga (Qur’onni) bir harfda o‘qitdi. Men undan ziyoda qilishni so‘rayverdim, nihoyat, yetti harfga yetdi”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
“Harf” – qiroat ilmi istilohida biror so‘zning muayyan shakllarda o‘qilishi. Shuningdek, umumiy bir uslubda o‘qish ham “harf” deyiladi. “Yetti harf” haqida ulamolar turli fikrlarni aytgan. Ba’zilar yetti harfdan murod o‘sha paytdagi arab lahjalariga moslik bo‘lganini ta’kidlagan. Ayrimlar buni qiroatdagi ixtilof (turli joiz shakl)lar yetti turkumga bo‘linishi bilan izohlagan. Boshqalar aynan muayyan adad emas, balki ko‘plik, ya’ni bir necha turdagi qiroat nazarda tutilganini aytgan. Yana ba’zilar yetti qiroatning aynan o‘zi emasligini aytgan.
Umuman, bu haqda qirqdan ziyod fikr aytilgan. “Harf” nima ekani haqida biror hadis yo rivoyat yo‘q. Shuning uchun allomalarning fikrlari ijtihodiy sanalib, umuman olganda, Qur’on kalimalarini o‘qishdagi turlilik ma’lum va mashhur, eng muhimi, mumkindir. Bu biror ixtilofga asos bo‘lmasligi kerak.
Bu – Qur’onning har bir so‘zi turlicha o‘qiladi va har kim, o‘z xohishiga ko‘ra, so‘zlarni o‘z lahjasidagi ma’noga o‘zgartirishi mumkin, degani emas, albatta. Qaysi turda bo‘lsa ham, qiroat faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglangan va u zot o‘qib bergan shakllardan biriga mos bo‘lishi kerak.
Demak, ilmli mutaxassis (qori) biz odatlangan, o‘qib-o‘rgangan, o‘zimiz an’anaviy hisoblagan qiroatdan farqli tarzda tilovat qilsa, bu xato emas, sahih rivoyat asosidagi qiroat bo‘ladi. Uning harfi – biz odatlangandan boshqacha, xolos.
Qiroat bobida “to‘g‘ri-noto‘g‘ri” deb tortishish ilmsizlik oqibati bo‘lib, bu xususda tortishish fitnaga, fitna esa halokatga olib boradi. Shuning uchun mo‘min kishi qiroatlardagi farqni inkor etmasligi, balki uni Allohning hikmati sifatida qabul qilishi kerak ekan.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi