Dinimizda targ‘ib qilingan amallardan biri bu qabristonlarni ziyorat qilishdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam:
عَنْ سُلَيْمَانَ بْنِ بُرَيْدَةَ عَنْ أَبِيهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « قَدْ كُنْتُ نَهَيْتُكُمْ عَنْ زِيَارَةِ الْقُبُورِ فَقَدْ أُذِنَ لِمُحَمَّدٍ فِى زِيَارَةِ قَبْرِ أُمِّهِ فَزُورُوهَا فَإِنَّهَا تُذَكِّرُ الآخِرَةَ »
“Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Batahqiq, Muhammadga onasini ziyorat qilishga izn bo‘ldi. Bas, u(qabr)larni ziyorat qiling. Albatta, ular oxiratni eslatadi”, deganlar ( Imom Termiziy rivoyati).
Islom dini kelgan dastlabki yillarda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tillari ila qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edi. Bu qaytariq umumiy bo‘lgani sababli Payg‘ambarimiz alayhissalom ham onalarining qabrini ziyorat qila olmagan edilar. Sababi, odamlar orasida Islom aqidasi va boshqa ilmlar to‘liq shakllanmagan, insoniyat shirkdan butkul xalos bo‘lmagan edi.
Ko‘p amallar qatori qabrlarni ziyorat qilishda ham johiliyat amallari aralashib qolishining xavfi bor edi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kishilar qalbini Islomiy ta’limot bilan sug‘orib, odamlarning diniry saviyasi oshgach, marhumlarning qabrlarini ziyorat qilishga ruxsat berildi. Shunda Rasuli akram alayhissalom mazkur hadisni aytdilar va kishilarga qabriston ziyoratidan ko‘zlangan asl maqsadni ham eslatib, ta’kidlab qo‘ydilar. Maqsad – oxiratni eslash.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda juda ko‘p joylar, xususan, masjidlar, madrasalar va qadamjolar obod etildi. Dinimiz va ilm-fan rivojiga benazir hissa qo‘shgan ajdodlarimizning mangu qo‘nim topgan maskanlari qatori deyarli barcha qabristonlar obod qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsad ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish, Qur’on tilovati sababli o‘tganlarimiz ruhlarini shod etish, xolos.
Shu bilan birga, dunyo tashvishlaridan charchagan, hayot jozibadorligiga berilib, oxiratni unutgan kishilarni tafakkurga undash, har bir jon bir kun shu manzilda yotishi muqarrar ekanligini eslatishdir.
Biroq so‘nggi paytlarda odamlar orasida qabristonning qanday joy ekanini unutganlar ko‘paydi. Uning haybatini his qilmasdan, qabrlardan ibrat olmaydigan kishilar uchrab turibdi. Hatto janozaga borib, qaysidir yaqinini lahadga qo‘yib ham ibrat olmaydiganlar bor. Qabristonda ham dunyoviy gaplar, g‘iybat, mish-mishlar urchidi. Ta’ziyalarda, qabristonlarda tamaki tutatib, nos chekuvchilarni ko‘rib, dilimiz xufton bo‘lyapti.
Axir, nahotki ular qabriston bu dunyo manzili emasligini anglamaydilar? Ularning ko‘z oldida turgan bu qabrlar ostida yo jannat yoki do‘zaxdan bir tuynuk ochilganini his qilmaydilar. Loaqal, o‘n besh daqiqa o‘limni eslab, qilgan gunoh va kamchiliklarini ko‘z oldiga keltirib, Allohga istig‘for aytmaydilar. Qanchadan-qancha duo va istig‘forga muhtoj marhumlar uchun loaqat ikki oyat Qur’on o‘qib, duo qilmaydilar?
Nahotki, qalbimiz shunchalar qorayib ketdi? Azizlar, qabriston bu oddiy joy emas. Bu pushaymonlar, umidvorlar, azob yoki rohat egalari yotadigan joy. Uning odobini joyiga qo‘ying.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh bir qabr ro‘parasida ovqat yeyayotgan kishini ko‘rdilar va: “Allohga qasamki, bu kishi munofiq”, dedilar. Shunda yonlaridagi kishilar so‘rashdi: “Ey imom, nima sababdan bir kishini qasam bilan munofiqligiga guvohlik beryapsiz? Sababi nima?” U kishi javob berdilar: “Ko‘z oldida jannat yoki do‘zax, azob yoki rohat turganini bilib, ko‘rib turib tomog‘idan ovqat o‘tayotgan kishi munofiq bo‘lmasdan kim ham bo‘lishi mumkin?”.
Shunday ekan, mo‘minlar yotgan joyni, yaxshi amallari uchun ham, yomon amallari uchun ham hisob-kitob kutib yotgan kishilar makonini behurmat qilmang. Alloh nasib qilsa, bir kun shu manzilda yotish barchamizning boshimizda bor. Bas, shunday ekan, yotar joyingizni bugun “obod” qilib qo‘ying. Marmarlar, dabdabalar bilan emas, solih amallar, yaxshiliklar va ibodatlar bilan obod qiling!
Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
30 may kuni “Haj – 2026” mavsumi Ishchi guruhi rahbari – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov ishtirokida haj ibodati muvaffaqiyatli amalga oshirilgani yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda soha rahbarlari o‘zbekistonlik ziyoratchilarning haj amallari tashkiliy va shar’iy jihatdan juda chiroyli ado etilganini bildirib, Mino, Arafot, Muzdalifa, Jamarotdagi ibodatlar va qurbonliklar o‘z vaqtida sifatli hamda manbalarda belgilangan tartibda bajarilganini alohida ta’kidladilar. Buning uchun tinimsiz mehnat qilgan ishchi guruhi, mingboshilar, ellikboshilar, shifokorlar va oshpazlar jamoalariga alohida minnatdorlik izhor etdilar.
Shuningdek, haj mavsumi davomida yurtimiz hojilari Davlatimiz Rahbarining bevosita ko‘maklarini, beqiyos g‘amxo‘rliklarini his qilib turganlari, ular uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilganini alohida qayd etdilar.
Ayniqsa, Prezidentimizning hojilar holidan xabardor bo‘lib turganlari, qo‘ng‘iroq qilganlari, Qurbon hayiti bilan butun xalqimizni qutlagani barcha yurtdoshlarimiz qatori haj safarida yurgan hamyurtlarimizni ham nihoyatda quvontirgani alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, “Haj – 2026” mavsumi tarixiy natija va ulkan muvaffaqiyatlarga boy bo‘lgani e’tirof etildi.
Ziyoratchilar muqaddas manzillarda toat-ibodatlarini risoladagidek bajarib, xatmi Qur’onlar qildilar, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va Davlatimiz Rahbari haqqiga samimiy duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati