Bugun, 10 aprel' erta tongdan mamlakatimizdagi masjidlarda hayit namozlari o'qilib, qalblarimizga quvonch indirgan shukuhli kunlar, tinch va osoyishta kunlar quvonchi yanada ziyoda bo'lishi, xalqimizning baxtu saodati to'kis, xonadonlarimiz fayzu tarovatga to'lishi uchun duolar qilindi.
Darhaqiqat, Ramazon oyi insoniylik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e'zozlash, tinch va farovon hayotni qadrlash, odamlarni bir-biriga hamjihat bo'lib yashashga da'vat etadigan damlar ekanligi bilan qadrlidir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning bosh maqsadi ham insonni ulug'lash, aholiga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, ezgu ishlarni ziyoda qilish asnosida jamiyatda sog'lom turmush tarzini ro'yobga chiqarishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Ramazon oyi xalqimizning mehr va saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarni o'zida mujassam etganligi bajarilayotgan ezgu amallarda o'z aksini topmoqda.
Ushbu bayram xalqimizning milliy an'ana va urf-odatlariga uyg'un holda o'tkazilmoqdaki, bu har bir ishda, xususan, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatida, kam ta'minlangan oilalar holidan xabardorlikda, aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yuksaltirish, ko'cha va xiyobonlar, mahalla va guzarlar obodligiga e'tibor, chet ellarda umrguzaronlik qilayotgan vatandoshlarga ko'rsatilayotgan ko'mak, shijoatli yoshlarimizni barkamol insonlar bo'lib kamolga etishi yo'lida amalga oshirilayotgan keng miqyosli sa'y-harakatlar keyingi yillarda Yangi O'zbekiston tamoyiliga aylandiki, bu, Vatan taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishda zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda. Niyatlar maqsadlarga mushtarak ekanligini ko'rsatmoqda.
Inson qadrini ulug'lash, uning haq-huquqlarini ta'minlash har nedan-da ulug' ne'mat sanaladi. Davlatimiz rahbari muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag'rikenglik, mehr-oqibat va kechirimli bo'lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida”gi farmonni imzolashi ortidan Ramazon ayyomi kunlarida yuzlab xonadonlarga shukronalik, xursandchilik olib kirdi.
Kuni kecha Davlatimiz rahbarining xalqimizga yo'llagan Ramazon ayyomi tabrigida aytilganidek, sidqidildan qilingan duo va niyatlarimiz, ehson va amallarimiz hozir dunyoda yuzaga kelgan g'oyat murakkab va tahlikali vaziyatda diyorimizdagi tinch va osoyishta hayotni ko'z qorachig'idek asrab, yanada hamjihat bo'lib, xalq manfaatini ta'minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Qadriyatlarimizni asrash, ulug'lash bilan birga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan yosh avlodni kamolga etkazish, Vatan tuprog'ini ko'ziga to'tiyo qilib yashaydigan insonlar etib tarbiyalash xalqimiz qalbidagi ezgu niyatki, bu, “Ezgulik – shiorimiz, ma'rifat – qurolimiz” ekanligi Ramazon ayyomining mazmun-mohiyatida o'z ifodasini topmoqda.
To'lqin Ro'ziyev, O'zA
24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.
Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.
27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati